Zo‘ravonlikdan keyingi hayot: ayol va bolalar himoyasida yangicha yondashuvlar
Zo‘ravonlik muammosi har qanday jamiyat uchun inson huquqini poymol qilish bilan bog‘liq bo‘lgan juda jiddiy muammodir.
Ayniqsa, tazyiq va zo‘ravonlikka duch kelgan xotin-qizlar uchun eng og‘ir holat — nafaqat zo‘ravonlikning o‘zi, balki undan keyingi hayotni qanday tiklash masalasi. Hujjatlarni qayta tiklash, aliment undirish, uy-joy masalasini hal qilish yoki farzandining huquqlarini himoya qilish kabi muammolar jabrlangan inson uchun yana bir og‘ir to‘siqqa aylanishi mumkin.
Joriy yil 11-sentabrda qabul qilingan “Tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan shaxslarga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining qonunida bu borada bir qancha vazifalar ko‘zda tutilgan. Xususan, hujjat bilan jabrlangan xotin-qizlar va ularning voyaga yetmagan farzandlarini himoya qilish bo‘yicha qator yangi mexanizmlar belgilandi. Eng muhimi — yordam faqat zo‘ravonlik sodir bo‘lgan payt bilan cheklanib qolmaydi. Jabrlangan insonning keyingi hayotini tiklashi uchun ham huquqiy va ijtimoiy ko‘mak ko‘rsatish nazarda tutilmoqda.
Mazkur hujjatga asosan, Ijtimoiy himoya milliy agentligi huzuridagi Ayollar va bolalarni reabilitatsiya qilish hududiy markazlariga joylashtirilgan xotin-qizlar va ularning voyaga yetmagan farzandlari uchun muhim yengillik joriy etilmoqda. Ular nikoh tuzilganligi va tug‘ilganlik haqidagi takroriy guvohnomalarni, shuningdek, yo‘qotilgan ID-karta va pasportlarni olganlik uchun davlat bojini to‘lashdan ozod qilinadi.
Yana bir muhim o‘zgarish — jabrlangan xotin-qizning bank kartasini tiklash bilan bog‘liq. Bundan buyon “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi direktori tomonidan tasdiqlangan ishonchnoma notarial tasdiqlangan ishonchnomaga tenglashtiriladi. Bu jabrlangan shaxsning bankka murojaat qilishida ortiqcha ovoragarchiliklarni kamaytirishga xizmat qiladi. Bundan tashqari, Qonun bilan tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan shaxsni maxsus markazga olti oygacha muddatga joylashtirish imkoniyati ham mustahkamlandi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bu muhim jihat. Chunki zo‘ravonlik aks etgan muhitdan chiqib ketish har doim ham bir-ikki kunda hal bo‘ladigan masala emas. Insonga xavfsiz joy, psixologik tiklanish, hujjatlarni rasmiylashtirish va huquqiy masalalarni hal qilish uchun vaqt kerak bo‘ladi.
Qonunning asosiy jihatlaridan biri — tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlar hamda ularning voyaga yetmagan farzandlariga davlat hisobidan malakali yuridik yordam ko‘rsatish mexanizmi joriy etilayotganidir.
Bu yordam faqat bir-ikki masala bilan cheklanmaydi. Jumladan, davlat hisobidan yuridik yordam aliment undirish, bolalar ta’minoti uchun qo‘shimcha xarajatlarni undirish, uyga kiritish, turar joydan foydalanish huquqini yo‘qotgan deb topish va ko‘chirish, otalikni belgilash yoki otalik huquqidan mahrum qilish, bolaning yashash joyini belgilash, bola bilan ko‘rishish tartibini belgilash, nikohdan ajratish, mol-mulkni bo‘lish, mol-mulkka yetkazilgan zararni qoplash, ishga tiklash hamda ish haqini undirish kabi ishlar bo‘yicha ko‘rsatiladi.
Davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatilishi — jabrlangan insonning huquqini qog‘ozda emas, amalda himoya qilishga qaratilgan muhim qadamdir.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA