Suvning har bir tomchisi — hayot
Insoniyat tarixiga nazar tashlasak, barcha buyuk sivilizatsiyalar suv manbalari atrofida shakllanganini ko‘ramiz. Suv — bu shunchaki tabiiy resurs emas, balki hayotning o‘zi, tabiatning yuragi va taraqqiyotning asosiy omilidir. Yer yuzidagi tirik mavjudotlarning yashashi, qishloq xo‘jaligining rivojlanishi, sanoatning barqaror faoliyati hamda inson salomatligi bevosita suv bilan bog‘liq.
Bugungi kunda iqlim o‘zgarishi, aholi sonining o‘sishi va suv resurslariga bo‘lgan talabning ortishi natijasida dunyo miqyosida suv tanqisligi tobora dolzarb muammoga aylanmoqda. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, XXI asrning eng katta strategik boyliklaridan biri aynan toza ichimlik suvi hisoblanadi. Shu bois har bir tomchi suvni asrash va undan oqilona foydalanish har bir insonning muhim burchiga aylanmoqda.
Ana shu maqsadda Buxoro viloyati Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida hududiy nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan aholi o‘rtasida ichimlik suvidan samarali foydalanish, ichimlik va oqova suv tarmoqlariga noqonuniy ulanishlarning oldini olish hamda suv resurslarini muhofaza qilishga qaratilgan targ‘ibot va tushuntirish ishlari muntazam amalga oshirilmoqda.
Navbatdagi ma’rifiy tadbir Abu Ali ibn Sino nomidagi jamoat salomatligi texnikumida tashkil etildi. Unda talaba yoshlar ishtirok etib, suvning hayotimizdagi beqiyos ahamiyati, uning muqobili mavjud emasligi va tabiiy boylik sifatida qadri haqida atroflicha ma’lumotlarga ega bo‘ldi.

Tadbir davomida mutaxassislar suvning inson organizmi uchun ahamiyatiga alohida to‘xtaldi. Ma’lumki, inson tanasining qariyb 70 foizi suvdan iborat bo‘lib, organizmdagi barcha hayotiy jarayonlar aynan suv ishtirokida kechadi. Suv nafaqat chanqoqni qondiradi, balki inson salomatligi, immuniteti va mehnat unumdorligini ta’minlaydigan muhim omil hisoblanadi.
Uchrashuvda namoyish etilgan videoroliklar orqali yoshlarga dunyodagi suv tanqisligi bilan bog‘liq dolzarb muammolar, qurg‘oqchilik hududlaridagi aholi hayoti, tabiiy suv manbalarining qisqarib borishi va buning ekologik oqibatlari haqida ta’sirchan ma’lumotlar taqdim etildi. Aniq hayotiy misollar yordamida har bir insonning suvni tejashdagi shaxsiy mas’uliyati tushuntirildi.
Tahlillarga ko‘ra, suv resurslarining katta qismi noqonuniy ulanishlar, eskirgan tarmoqlar va isrofgarchilik sababli yo‘qotilmoqda. Shu bois bugungi kunda suv ta’minoti tizimini takomillashtirish, aholining suvdan foydalanish madaniyatini yuksaltirish va yoshlarda ekologik mas’uliyat hissini shakllantirish muhim vazifalardan biriga aylangan.

Tadbir ishtirokchilari tomonidan berilgan savollarga sohaning yetuk mutaxassislari tomonidan batafsil javoblar berildi. Yoshlar suvni tejash bo‘yicha amaliy tavsiyalar, uy sharoitida suv sarfini kamaytirish usullari va suv resurslarini muhofaza qilishning zamonaviy yo‘nalishlari haqida qiziqarli ma’lumotlarga ega bo‘lishdi.
Darhaqiqat, suvning har bir tomchisi ortida katta mehnat, murakkab infratuzilma va tabiatning bebaho ne’mati mujassam. Uni isrof qilish nafaqat iqtisodiy zarar, balki kelajak avlodlar haqiga qilingan befarqlik hamdir.
Bugun suvni asrashni o‘rgangan yoshlar ertangi kunning mas’uliyatli fuqarolariga aylanadi. Shu ma’noda bunday targ‘ibot tadbirlari nafaqat ekologik madaniyatni yuksaltirish, balki jamiyatda tabiiy resurslarga ehtiyotkorona munosabatni shakllantirishga ham xizmat qiladi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri