CAEx xalqaro ko‘rgazmalar markazidan fotoreportaj
Joriy yilning 16–18-iyun kunlari poytaxtimizda V Toshkent xalqaro investitsiya forumi bo‘lib o‘tadi.
O‘tgan yillar davomida mazkur anjuman xalqaro ishbilarmon doiralar, investorlar, davlat idoralari va moliyaviy institutlar o‘rtasidagi muloqot uchun muhim maydonga aylandi. Bugungi kunda forum Markaziy Osiyodagi eng yirik investitsiya platformalaridan biri sifatida e’tirof etilmoqda.
Tashkilotchilar ma’lumotiga ko‘ra, forumning rasmiy ochilishi arafasida ro‘yxatdan o‘tgan ishtirokchilar soni 8 ming 300 nafardan oshgan. Tadbirda dunyoning 100 ga yaqin mamlakatidan minglab xorijiy delegatlar ishtirok etishi kutilmoqda.
[gallery-29969]
Bu yilgi forum «Investitsiyalar barqarorligi — yuksak ishonch omili» shiori ostida o‘tkaziladi. Dasturdan geologiya va muhim xomashyo resurslari, «yashil» energetika, sun’iy intellekt, transport va logistika, sanoat kooperatsiyasi hamda investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirishga bag‘ishlangan sessiyalar o‘rin olgan.
Toshkent xalqaro investitsiya forumi 2022-yildan buyon tashkil etib kelinmoqda. Tadbir poytaxtimizdagi CAEx xalqaro ko‘rgazmalar markazi hamda Congress Hall majmuasida bo‘lib o‘tadi.
Farhod ABDURASULOV(surat),O‘zA