Surxondaryo viloyat IIBga yangi rahbar tayinlandi
Xalq deputatlari Surxondaryo viloyat Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi.
Viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov, ichki ishlar vaziri, general-leytenant Aziz Tashpo‘latov ishtirok etgan sessiyada dastlab tashkiliy masala ko‘rib chiqildi.

Ichki ishlar vazirining tegishli buyrug‘i asosida Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi magistratura bosqichi bitiruvchisi, podpolkovnik Inoqov Baxtiyor Rahimjonovich Surxondaryo viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlangani ma’lum qilindi.

Sessiyada jamoat xavfsizligini ta’minlash, hududdagi kriminogen vaziyatni yaxshilash, jinoyatchilikni jilovlashga qaratilgan amaliy ishlar va mavjud muammolar chuqur tahlil qilindi. Ularni bartaraf etish choralari muhokama etildi. Prezidentimizning mahallalarda xavfsiz muhitni shakllantirish va profilaktika ishlarini kuchaytirishga doir qaror va topshiriqlaridan kelib chiqadigan vazifalar ijrosiga alohida e’tibor qaratildi.

Joriy yilning o‘tgan davrida viloyatdagi 723 ta mahallaning 73 foizi yoki 528 tasida bironta ham jinoyat sodir etilmagani, xodimlarning tashabbusi bilan aniqlanadigan jinoyatlarning soni 40 foizga yaxshilangani e’tirof etilib, 28 ta mahalla “qizil” toifada qolayotgani tanqid qilindi.

Yangi tayinlangan viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘iga jinoyatchilikka qarshi kurashish samaradorligini oshirish, har bir mahallada xavfsizlikni ta’minlash, aholi bilan yaqin muloqotni yo‘lga qo‘yib, murojaatlar ortidan yuzaga kelayotgan muammolarni chuqur o‘rganish va ularga yechim topish, fuqarolarning ichki ishlar organlariga ishonchini mustahkamlash yuzasidan muhim vazifalar yuklatildi. Tuman, shahar ichki ishlar bo‘limlari rahbarlariga jinoyat sodir etilishiga zamin yaratayotgan omillarni manzilli bartaraf etib, mahallalar bo‘yicha natijadorlikni oshirish topshirildi.

Sessiyada viloyatda osoyishtalikni mustahkamlash, jamoat tartibini saqlash va aholi xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan tegishli chora-tadbirlar belgilab olindi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri
0