61 ta murojaatdan 27 tasi joyida yechim topdi
Muammoni eshitish — ishning bir qismi. Uning yechimini joyida topish esa odamlar uchun eng muhimi. Sayxunobod tumanida O‘zLiDePning “Xalq bilan birga” umummilliy dasturi doirasida tashkil etilgan sayyor qabulda ham fuqarolarni qiynayotgan masalalar ochiq muhokama qilinib, ularning bir qismi shu yerning o‘zida hal etildi.
Sayyor qabulda partiya Sirdaryo viloyat Kengashi apparat rahbari Shohista Bozorboyeva, viloyat Fermerlar Kengashi raisi Ro‘ziqul Primqulov, tuman hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari — tuman iqtisodiyot va moliya bo‘limi boshlig‘i G‘ayrat Xoliqberdiyev, partiyaning Sayxunobod tuman Kengashi raisi Oybek Niyozov, tuman Kengashi deputatlari, partiya va mahalliy hokimlik mas’ullari ishtirok etishdi.

Qabul davomida 61 ta murojaat qabul qilindi. Fuqarolar asosan tibbiy xizmat sifati, ta’lim, elektr energiyasi, ichimlik suvi, gaz ta’minoti, chiqindilarni olib chiqish va ijtimoiy yordam masalalari bo‘yicha murojaat qilishdi.

E’tiborlisi, murojaatlarning 27 tasi joyida ijobiy hal etildi. Qolgan masalalar ham e’tibordan chetda qolmadi. Ularni hal etish uchun mutasaddilarga aniq topshiriqlar berilib, ijrosini ta’minlash bo‘yicha mas’ullar belgilandi.

Muloqot jarayonida aholini o‘ylantirayotgan boshqa muhim masalalar ham ko‘tarildi. Jumladan, yangi ish o‘rinlari yaratish, ishsiz fuqarolarni kasb-hunarga o‘qitish, yoshlar va xotin-qizlarni mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblarga yo‘naltirish, yosh mutaxassislarni hududga jalb qilish bo‘yicha takliflar bildirildi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri