Farg‘onadan Afg‘onistonga un, Italiyaga makaron jo‘natiladi
Beshariq zamini sahovatli. 2025-yilda uning 8700 gektar maydonida o‘rtacha 79,4 sentnerdan don yig‘ib olingan bo‘lsa, 2026-yilda 8400 gektarda 68028 tonna yoki har gektaridan o‘rtacha 81,0 sentnerdan hosil yetishtirildi. Mamlakatdagi iqtisodiy islohotlar tufayli don yetishtirish, uni qayta ishlash to‘liq xususiy tarmoqqa o‘tdi. Bugun tadbirkor, ayniqsa, xorijiy investorning bu tarmoqqa qiziqishi ortdi. Shu maqsadda Beshariq tumanida yana bir donni qayta ishlash korxonasi qurib bitkazildi. Faqat endi uning maqomi xorijiy korxona. Asli Tojikistondan bo‘lgan Rossiya fuqarosi Bahodir Arslonbekov bu ishga qo‘l urgan edi.
–Bizning Rossiyadagi qurilish kompaniyamizda 1200 nafarga yaqin beshariqliklar ishlashadi. Biz ular o‘z yurtiga kelib ishlashi uchun shu korxonani qurdik. Yana bir asosiy sabab O‘zbekiston Prezidentining investorlarga yaratib berayotgan imkoniyatidir, – deydi “DRUJBA UN KOMBINATI” xorijiy korxonasi rahbari Bahodir Arslonbekov. – Biz bu imkoniyatdan faol foydalandik. Korxonaning yillik quvvati 100 ming tonna. Mahsulotning 70-80 foizi eksport qilinadi.
Bugun Beshariqda katta tantana bo‘ldi. Tadbirkoru faxriylar yig‘ildi. Ezgu tilaklar izhori duolarda aks etdi. Korxonaning ochilish marosimida viloyat hokimi Xayrullo Bozorov so‘nggi yillardagi erkin iqtisodiyot tufayli viloyat yalpi ichki mahsuloti jami trillionlardan ortib 2-3 barobarga oshganini ta’kidladi. “DRUJBA UN KOMBINATI” MCHJ ana shu islohotlarning yorqin natijalaridan biridir, dedi u.
So‘zga chiqqanlar siyosat, iqtisodiyot, chegaralar ochiqligi mamlakat tarixida yangi davrni boshlab berdi, dedilar.
Alvon tasma kesilgach korxona uskunalari ishga tushdi, dastlabki tonna mahsulotlar ishlab chiqarila boshlandi.
Mazkur loyiha doirasida 21 mln dollar investitsiya o‘zlashtirildi. 100 dan ziyod yangi ish o‘rni yaratildi. Bu yerda yiliga 120 mlrd so‘mlik mahsulot ishlab chiqariladi. Uning asosiy qismi xorijga xorijiy buyurtmachiga mo‘ljallangan. Shu bugunoq dastlabki mahsulot eksportga yo‘l oldi.

–Un Afg‘onistonga yuborish uchun vagonlarga yuklanyapti. 3 million dollarlik shartnomamiz bor. 14 ta vagon mahsulotning puli tushdi, – deydi Bahodir Arslonbekov. – Endi haftasiga 8 ta vagonda un yuboramiz Afg‘onistonga. Ikkinchi un zavodimizning quvvati 1200 tonna bo‘ladi. Bir kunda 600 ming, oyda 180 mln, yiliga 216 mln dollarlik un ishlab chiqaramiz.
Investor ta’kidlaganidek, loyiha bo‘yicha 2030-yilgacha 50 mln dollar investitsiya kiritish lozim. Hozir 21 mln dollar investitsiya o‘zlashtirildi. Buning uchun endi bug‘doy ta’minotida uzluksizlik kerak.

– Biz Qozog‘iston bug‘doyini olib kelamiz korxonaga. Ta’minotchilar har oyda 8-9 ming tonna bug‘doy yetkazib berayapti. Biz uni qayta ishlab, oliy navini eksport qilamiz va undan qisman qandolat maxsulotlari hamda makaron ishlab chiqarib Yevropaga eksport qilamiz, –- deydi korxona muassisi Bahodirjon.

Ha, “DRUJBA UN KOMBINATI” MCHJning kelajak rejalari katta. 2027-yilning 2 choragida 50 ish o‘ringa ega qandolat mahsulotlari sexi ish boshlaydi. U yiliga 3000 tonna, jami 2 mln dollarlik mahsulot ishlab chiqaradi. Ana o‘shanda bu yerdan Afg‘onistonga va boshqa Osiyo davlatlariga un, Yevropaga, xususan, Italiyaga spagetti makaronlari eksport qilinadi.
<iframe width="1493" height="840" src="https://www.youtube.com/embed/Hf3m3L_-T5A" title="Afg'onistonga un, Italiyaga spagetti makaronlari Farg'onadan jo'natiladi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>
Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov(video,surat),
O‘zA