Stol tennischilarimiz ”WTT Youth Contender” turnirida 2 ta oltin medalni qo‘lga kiritdi
Poytaxtimizdagi “Olimpiya shaharchasi” sport majmuasida stol tennisi bo‘yicha U11, U13, U15, U17 va U19 yosh toifalari o‘rtasida o‘tkazilgan ”WTT Youth Contender” xalqaro musobaqasi mamlakatimizning yosh sportchilari uchun chinakam mahorat maktabi vazifasini o‘tadi.
Butunjahon stol tennisi federatsiyasi(WTT) taqvimidan o‘rin olgan mazkur nufuzli musobaqada ishtirok etgan 21 ta davlatning 500 nafarga yaqin kichik raketka ustalari sovrinli o‘rinlarga da’vogarlik qilish bilan bir qatorda tegishli reyting ochkolariga ega bo‘lish yo‘lida kurash olib bordi.

E’tiborli jihati, Toshkent sport maydonida kechgan uch kunlik bahslarning barcha tafsilotlari Butunjahon stol tennisi federatsiyasi(WTT)ning ijtimoiy tarmoqlarida, internet saytlarida keng yoritib borildiki, bu orqali xalqaro hamjamiyat yangi O‘zbekistonning sport hayoti bilan yaqindan tanishdi.
Uch kun davomida dunyoning eng kuchli stol tennischilari bilan kechgan shiddatli o‘yinlar sarhisobiga ko‘ra, O‘zbekiston terma jamoasi a’zolaridan Lochinbek Abduhalilov U13 yosh toifasida, Amir Shiriyev U11 yosh toifasida “WTT Youth Contender” g‘olibligini qo‘lga kiritdi.
Shuningdek, o‘z yosh toifasida oltin medalga ega chiqqan Amir Shiriyev U13 yosh toifasida bronza medalga sazovor bo‘ldi.
Shu tariqa O‘zbekiston stol tennischilari ”WTT Youth Contender” musobaqasini 2 ta oltin, 1 ta kumush medal bilan yakunladi.
Ertaga, 24-iyul kuni “Olimpiya shaharchasi”da 18 ta davlatning 160 nafardan ortiq professional sportchilari ishtirokida kattalar o‘rtasida «WTT Feeder» turniri boshlanadi.
Musobaqalar 28-iyulga qadar davom etadi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA