Futzal iste’dodlari saralandi
Sirdaryo viloyatida O‘zbekiston futzal terma jamoalari uchun munosib zaxirani shakllantirishga qaratilgan navbatdagi seleksiya bosqichi o‘tkazildi. O‘zbekiston futzal federatsiyasining "Iste’dodlarni izlaymiz" loyihasi doirasida tashkil etilgan saralash jarayonida viloyatdagi sport maktablarida tahsil olayotgan iqtidorli yosh futzalchilarning mahorati baholandi.
Guliston olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazining 4-tip sport majmuasida bo‘lib o‘tgan saralash ishlarida O‘zbekiston futzal federatsiyasi Terma jamoalar bilan ishlash departamenti rahbari Dilshod Rahmatov, yoshlar va o‘smirlar terma jamoalari murabbiylari Nodir Eliboyev hamda Shuhrat Tojiboyevlar ishtirok etishdi.
Sinov mashg‘ulotlari davomida yosh sportchilarning texnik mahorati, jismoniy tayyorgarligi, tezkorligi, taktik fikrlashi, maydonda qaror qabul qilish qobiliyati va jamoaviy harakatlari sinchiklab tahlil qilindi. Har bir ishtirokchining imkoniyatlari mutaxassislar tomonidan alohida baholanib, keyingi bosqichlarga tavsiya etiladigan iste’dodli futzalchilar saralab olindi.

Loyihaning asosiy maqsadi hududlardagi iqtidorli yoshlarni erta aniqlash, ularning mahoratini tizimli ravishda rivojlantirish va mamlakatimiz yoshlar hamda o‘smirlar terma jamoalari uchun munosib zaxirani shakllantirishdan iborat. Bu orqali iqtidorli futbolchilarning professional sportga yo‘l olishi uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda.

Mutaxassislarning fikricha, “Iste’dodlarni izlaymiz” loyihasi nafaqat yosh futzalchilarni kashf etish, balki hududlarda futzalni ommalashtirish, murabbiylar faoliyati samaradorligini oshirish va seleksiya tizimini yanada takomillashtirishda ham muhim ahamiyatga ega.

Sirdaryodagi saralash bosqichi iqtidorli yoshlar uchun katta sportga tashlangan navbatdagi muhim qadam bo‘ldi. Endi saralab olingan sportchilar keyingi bosqichlarda o‘z imkoniyatlarini namoyon etib, mamlakat terma jamoalari safidan o‘rin olish uchun kurash olib boradi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri