SQB: tadbirkorlik loyihalari – ishlab chiqarish, eksport va yangi ish o‘rinlari
Joriy yilning 25-avgust kuni O‘zsanoatqurilishbank (SQB)da tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar va erishilgan natijalarga bag‘ishlangan brifing o‘tkazildi.
Mamlakatimizda tadbirkorlikni rivojlantirish siyosati doirasida biznesning turli bosqichlarida moliyaviy resurslarga yetib borishini yengillashtirish, ishlab chiqarishni kengaytirish, eksportni rag‘batlantirish va yangi ish o‘rinlari yaratishga qaratilgan yangi mexanizmlar joriy etilmoqda.
Shu yil 18-avgust kuni Xiva shahrida o‘tkazilgan Prezidentning tadbirkorlar bilan VI ochiq muloqotida bu borada yangi vazifalar belgilandi. Jumladan, “Biznes start”, “Biznes lift” va “Biznes yuksalish” dasturlari orqali tadbirkorni biznesning turli bosqichlarida qo‘llab-quvvatlash, 10 milliard so‘mgacha kreditlarda “kontrkafolat” mexanizmini qo‘llash nazarda tutildi. Shuningdek, eksportchilar uchun moliyaviy instrumentlarni kengaytirish va turizm loyihalariga qo‘shimcha resurs yo‘naltirish masalalari belgilab berildi.
– Ushbu vazifalar tijorat banklaridan tadbirkorning moliyaviy ehtiyojini uning biznes bosqichi, ishlab chiqarish salohiyati va bozor imkoniyatlari bilan bog‘lagan holda ishlashni talab etadi, – deydi “O‘zsanoatqurilishbank” ATB Biznes bosh direktori Timur Norov. – SQB tizimida ham tadbirkorlik sub’ektlarini moliyalashtirishda ana shu yondashuv asosida ish olib borilmoqda. Bunda yirik sanoat loyihalaridan tortib mikro, kichik va o‘rta biznes tashabbuslarigacha qamrab olingan.
2026-yil 1-avgust holatiga ko‘ra, bank tomonidan 1830 ga yaqin mijozlarning biznes loyihalari moliyaviy qo‘llab-quvvatlanib, 24 mingga yaqin ish o‘rni yaratildi. Bunda xalqaro moliya institutlari resurslari hisobidan o‘zlashtirilgan moliyalashtirish hajmi 482,4 mln AQSH dollarini, xotin-qizlar va yoshlar tadbirkorligiga yo‘naltirilgan mablag‘ esa 880 mlrd so‘mdan ziyodni tashkil etdi.
Moliyalashtirishdan aniq iqtisodiy natijagacha
Samarqand viloyatidagi “AZIA METALL PROF” mas’uliyati cheklangan jamiyati qurilish va sanoat uchun metall mahsulotlari ishlab chiqaradi. Korxona loyihasining umumiy qiymati 219,6 million AQSH dollarini tashkil etib, shundan 50 million dollari SQB mablag‘lari hissasiga to‘g‘ri keladi.
Moliyalashtirish natijasida korxonaning yillik ishlab chiqarish quvvati 2 baravarga oshdi, 200 ta yangi ish o‘rni yaratildi. 2025-yilda korxona 140 million dollarlik mahsulot eksport qildi. 2026-yilda esa bu ko‘rsatkichni 280 million dollarga yetkazish rejalashtirilgan. Korxona mahsulotlari Rossiya, Qozog‘iston, Xitoy, Turkiya, Kanada, Qirg‘iziston va boshqa davlatlarga yetkazib berilmoqda.
Tashqi bozorga chiqish bilan bir qatorda, ichki ehtiyojni mahalliy mahsulot hisobiga qoplash ham moliyalashtirishning iqtisodiy samarasini belgilaydi. Bu borada “ZHONGTIAN Chemical” MCHJ faoliyati misol bo‘la oladi. Korxona oltin, kumush, mis, qo‘rg‘oshin va rux kabi rangli metall rudalarini boyitishda ishlatiladigan kimyoviy reagentlar ishlab chiqaradi. Xom ashyoning 90 foizini mahalliy ishlab chiqaruvchilardan xarid qiladi.
SQB 2024-2026-yillarda korxonaga ksantat sintezi liniyasini xarid qilish va aylanma mablag‘ni to‘ldirish uchun jami 5,65 million dollar kredit ajratdi. Natijada 2025-yilda 43 milliard so‘mlik, 2026-yilning birinchi yarmida esa 45 milliard so‘mlik import o‘rni bosildi.
Yirik sanoat loyihalarida natija ishlab chiqarish quvvati, eksport va mahalliylashtirishda ko‘rinsa, kichik biznesda u yangi xizmat va ish o‘rinlarida namoyon bo‘ladi. Xotin-qizlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan “Hamroh” dasturi doirasida “SEWING-TEXTILE” xususiy korxonasiga 1 milliard so‘m kredit ajratildi. Mablag‘ yangi qurilgan mehmonxona binosini jihozlashga yo‘naltirildi. Ob’ekt foydalanishga topshirilib, 8 nafar kishi ish bilan ta’minlandi.
Raqamli xizmatlardan biznes qarorlarigacha
– Bugun tadbirkor uchun moliyaviy resurs bilan bir qatorda vaqt ham muhim omilga aylandi, – deydi Timur Norov. – Bank xizmatlarini tez va masofadan olish, hisob-kitoblarni qulay boshqarish biznesning kundalik faoliyatiga bevosita ta’sir qiladi. Shu bois SQB raqamli xizmatlarni tadbirkorlar uchun asosiy bank amaliyotlarini masofadan bajarish imkonini beradigan yo‘nalish sifatida rivojlantirmoqda.
Bugungi kunda “SQB Business” mobil ilovasida 55 mingdan ortiq mijoz ro‘yxatdan o‘tgan, oylik faol foydalanuvchilar soni 27 ming nafarga yetgan. Ilova orqali 62 trillion so‘mlik tranzaksiyalar amalga oshirilgan va 335 milliard so‘m onlayn kredit ajratilgan. Biznes vakillari unda hisob raqamini masofadan ochishi, barcha turdagi to‘lovlarni o‘tkazishi, valyuta amaliyotlarini amalga oshirishi, to‘liq onlayn kredit olishi, eksport-import shartnomalarini boshqarishi hamda QR-kod orqali to‘lovlarni qabul qilishi mumkin.
Raqamli xizmatlarning keyingi bosqichi sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalanish bilan bog‘liq. Bunda maqsad tadbirkorga faqat tayyor bank xizmatini taqdim etish emas, balki biznes g‘oyani dastlabki bosqichdayoq iqtisodiy jihatdan baholashga ko‘maklashishdir.
Bank tomonidan ishlab chiqilgan “SQB AI Maslahatchisi” foydalanuvchining imkoniyatlari va hududiy sharoitni tahlil qilib, maqbul biznes yo‘nalishini tanlashga ko‘maklashadi, zarur investitsiya hajmi, rentabellik va loyihani amalga oshirish bosqichlarini shakllantiradi. Shu tariqa biznes g‘oyani moliyalashtirishdan oldin uni aniq hisob-kitob asosida baholash imkoni kengayadi.
Brifingda 2026-yil yakuniga qadar oflayn kreditlar bo‘yicha ham ilova orqali ariza topshirish va skoringdan o‘tish, onlayn kredit arizalarini ko‘rib chiqish jarayonini “AI Mahalla” tizimi bilan integratsiya qilish rejalashtirilgani qayd etildi.
Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashda natija faqat ajratilgan kredit hajmi bilan o‘lchanmaydi. Mablag‘ hisobiga yangi quvvat ishga tushishi, import o‘rnini mahalliy mahsulot egallashi, eksport bozorining kengayishi, yangi xizmat va ish o‘rinlarining paydo bo‘lishi moliyalashtirishning iqtisodiy samarasini ko‘rsatadi.
Shu bois O‘zsanoatqurilishbank bundan buyon ham tadbirkorlarning g‘oyasini moliyaviy yechimlar bilan bog‘lash, istiqbolli loyihalarni qo‘llab-quvvatlash va ularning aniq iqtisodiy natijaga aylanishiga ko‘maklashishga ustuvor ahamiyat qaratadi.
“O‘zsanoatqurilishbank” ATB
Tashqi aloqalarni muvofiqlashtirish xizmati