Parrandachilikning yangi manzili
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi arafasida Jizzax viloyati G‘allaorol tumanida yana bir yangi ishlab chiqarish korxonasi faoliyatini boshladi. “G‘o‘bdin” mahalla fuqarolar yig‘inining Xo‘jakobod qishlog‘i hududida tashkil etilgan “Agroparranda klaster” mas’uliyati cheklangan jamiyati zamonaviy texnologiyalar asosida naslli parrandalar yetishtirishga ixtisoslashgan.
Korxonada parrandachilik uchun zarur bo‘lgan naslli ota-ona parrandalarini yetishtirishning to‘liq texnologik jarayoni yo‘lga qo‘yilgan. Bu yerda ota-ona guruhiga mansub naslli parrandalar dastlab 120–130 kun davomida maxsus sharoitda parvarishlanadi. Shundan so‘ng ular maxsus texnikalar yordamida keyingi parvarishlash hududiga yetkazilib, nasl olish jarayoni davom ettiriladi.


Yangi korxonaning ishga tushirilishi hududda parrandachilik tarmog‘ini rivojlantirish bilan bir qatorda, aholi bandligini ta’minlashga ham xizmat qilmoqda. Ayni paytda korxonada 40 nafardan ortiq mahalliy aholi vakili doimiy ish bilan ta’minlangan.


Ishlab chiqarish jarayonini samarali tashkil etish uchun mutaxassislar va ishchi-xodimlarga zarur mehnat sharoitlari yaratilgan. Bu esa korxona faoliyatini barqaror yo‘lga qo‘yish, ishlab chiqarish hajmini bosqichma-bosqich oshirish va kelgusida yangi ish o‘rinlari yaratish uchun zamin bo‘lmoqda.


Tumanning qishloq hududida zamonaviy parrandachilik korxonasining ish boshlashi mahalliy iqtisodiyot uchun ham muhim ahamiyatga ega. Zero, bunday loyihalar nafaqat ishlab chiqarish salohiyatini oshiradi, balki aholi uchun barqaror daromad manbasini yaratish, oilalar farovonligini yuksaltirish va hudud iqtisodiy faolligini kuchaytirishga xizmat qiladi.

G‘allaoroldagi mazkur korxona faoliyatining kengayishi bilan parrandachilik yo‘nalishida yangi imkoniyatlar yuzaga kelishi, ish o‘rinlari soni ortishi va mahalliy aholining daromad manbalari yanada ko‘payishi kutilmoqda.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri