35 yillik taraqqiyot: an’anaviy savdodan raqamli iqtisodiyot sari
Raqamli markirovka O‘zbekistonda biznes faoliyati va savdoni qanday o‘zgartirmoqda?
So‘nggi 35 yil ichida O‘zbekistonda tadbirkorlik qog‘ozda hisob yuritish va tovarlarni jismoniy nazorat qilishdan raqamli texnologiyalar, avtomatlashtirish hamda biznes shaffofligiga oid yangi talablar joriy etilishigacha bo‘lgan bosqichdan o‘tdi. Bugungi kunda tadbirkor uchun tovarni ishlab chiqarish yoki olib kelishning o‘zi kifoya emas. Ayni paytda mahsulot qayerda ekanligini, ta’minot zanjiri bo‘ylab qanday harakatlanayotganini va har bir bosqichda u bilan nima sodir bo‘layotganini bilish muhim.
Ushbu o‘zgaruvchan biznes muhitiga raqamli markirovka tizimi kirib kelmoqda. U ayrim toifadagi tovarlar harakatini raqamli shaklga o‘tkazadi. Xususan, mahsulotga noyob identifikator – markirovka kodi beriladi va u bilan bog‘liq barcha amaliyotlar yagona tizimda qayd etib boriladi.
Tovarning hujjatidan uning raqamli iziga qadar
An’anaviy hisob-kitob, eng avvalo, “tovarning zarur hujjatlari bormi?” degan savolga javob berardi. Raqamli markirovka esa “mahsulot harakatini kuzatish mumkinmi?" degan muammoga ham yechim taklif etadi.
DataMatrix-kod tovarga oid amaliyotlarni “Asl Belgisi” Milliy axborot tizimida kuzatish imkonini beruvchi raqamli identifikator hisoblanadi. Bu ishlab chiqaruvchi va import qiluvchi uchun yanada shaffof ta’minot zanjirini yo‘lga qo‘yish hamda o‘z mahsulotlari harakati to‘g‘risida aniq ma’lumot olish imkonini beradi.

Bu, ayniqsa, agregatsiya jarayonida yaqqol namoyon bo‘ladi. Alohida markirovkalangan mahsulot guruhli yoki transport o‘ramiga birlashtirilib, ularga yagona raqamli kod beriladi. Ushbu kodda o‘ram ichidagi barcha tovarlar va ularning o‘zaro bog‘liqligi haqidagi ma’lumotlar saqlanadi.
Shu bois xodim yoki xaridor, masalan, har bir suv idishini alohida skanerlash o‘rniga, bitta kodni tekshirib, butun blokdagi mahsulotlar haqida ma’lumot olishi mumkin. Biznes uchun bu tovarni qabul qilish va jo‘natish jarayonini qulaylashtiradi, qo‘lda bajariladigan ishlarni qisqartiradi, xatoliklarni kamaytirib, mahsulot harakatini kuzatish imkoniyatini yaratadi.
Markirovka tizimi amalda qanday ishlaydi?
Raqamlashtirishning amaliy samarasini energetik ichimliklar xalqaro brendining distribyutori bo‘lgan kompaniya tajribasida yaqqol ko‘rish mumkin. Ushbu kompaniya mahsulotlar bilan ishlashda raqamli markirovka va agregatsiyadan foydalanadi.
Kompaniyaning ombor logistikasi rahbari Dmitriy Kuzmenkoning so‘zlariga ko‘ra, tizim tovarni qabul qilishdan boshlab uni jo‘natishgacha bo‘lgan harakatini nazorat qilish, mahsulotning ayni paytda qayerda ekanligini va har bir bosqichda u bilan nima bo‘layotganini bilish imkonini beradi.
– Tizimning asosiy afzalligi shundan iboratki, u biznes va yakuniy iste’molchini kontrafakt mahsulot olishdan himoyalaydi, – dedi D. Kuzmenko. – Bundan tashqari, markirovka ta’minot zanjiri shaffofligini ta’minlaydi. Biz tovar bozorning barcha ishtirokchilari o‘rtasida qanday harakatlanayotganini aniq ko‘rib turamiz. Bu esa xatarlarni kamaytiradi, hamkorlar va chakana savdo tarmoqlarining ishonchini oshiradi. To‘g‘ri, uskuna, dasturiy ta’minot, integratsiya va logistika uchun qo‘shimcha xarajat talab etiladi. Ammo uzoq muddatli istiqbolda biznesning shaffofligi va qonuniyligi bu xarajatlarni oqlaydi.

Ushbu tajriba markirovkani joriy etish shunchaki texnik vazifa emasligini ko‘rsatadi. Tadbirkorlar mavjud jarayonlarni moslashtirishi, uskunalar va dasturiy ta’minotga sarmoya kiritishi, xodimlarni o‘qitishi kerak bo‘ladi. Biroq integratsiyadan so‘ng raqamli vositalar kundalik ishning ajralmas qismiga aylanib, uni sezilarli darajada soddalashtiradi.
Tizim bozor bilan birga o‘sib bormoqda
Markirovka ko‘lami tizim ishtirokchilari sonida aks etadi. “Asl Belgisi” portalida keltirilgan rasmiy ma’lumotlariga ko‘ra, raqamli markirovka tizimidagi tovar aylanmasi ishtirokchilarining soni turli yillarda quyidagicha bo‘lgan:
2021-yilda — 522 ta korxona;
2022-yilda — 9 156 ta korxona;
2023-yilda — 42 173 ta korxona;
2024-yilda — 104 775 ta korxona;
2025-yilda — 184 995 ta korxona;
2026-yilda — 267 611 ta korxona.
Bundan ko‘rinib turibdiki, 2021-yildan buyon tizim ishtirokchilari soni 512 barobardan ko‘proqqa oshgan.
Shu bilan birga, mahsulot yo‘nalishlari ro‘yxati ham kengaydi. Agar 2021-yilda markirovka tizimi tamaki, pivo va alkogol mahsulotlarini qamrab olgan bo‘lsa, bugungi kunga kelib markirovkalanadigan tovarlar qatoriga maishiy texnika, suv va ichimliklar, dori vositalari, avtomobil akkumulyatorlari, mineral o‘g‘itlar, shuningdek, sinov loyihalari doirasidagi mahsulot guruhlari – biologik faol qo‘shimchalar, tibbiy buyumlar, vaksinalar va o‘simlik moylari kiradi.
2026-yilning birinchi yarim yilligi holatiga ko‘ra, alohida toifalar bo‘yicha tizimdagi eng ko‘p ishtirokchilar maishiy texnika (145 942 ta korxona), suv va salqin ichimliklar (61 864 ta korxona) hamda dori vositalari (45 079 ta korxona) hissasiga to‘g‘ri keladi.
Biznesning moslashuvi — raqamli transformatsiyaning bir qismi
Distribyutor kompaniya tajribasi shuni ko‘rsatadiki, markirovkani muvaffaqiyatli joriy etish nafaqat uskuna va dasturiy ta’minot, balki xodimlarni tayyorlashni ham talab qiladi.
Kompaniya ishchi guruh tuzib, talablarni o‘rgandi, strategiyani belgiladi, dasturiy ta’minot yetkazib beruvchisini tanladi, texnik topshiriqni ishlab chiqdi, yechimni sinovdan o‘tkazdi va xodimlar uchun yo‘riqnomalar tayyorladi.
Xodimlarni o‘qitishga va biznes jarayonlari uchun mas’ul bo‘lgan asosiy foydalanuvchilarni aniqlashga alohida e’tibor qaratildi. Texnik yordam ko‘rsatadigan ishchi chatlar ham harakatlar protokollarini tuzishga va xatoliklarni kamaytirishga yordam berdi.
Bunday yondashuv markirovkani bir martalik texnik vazifa sifatida emas, balki odatiy biznes jarayonlarining o‘zgarishi sifatida qabul qilish imkonini beradi.
Xaridor ham raqamli bozor ishtirokchisiga aylanadi
Mahsulotning raqamli izi faqat davlat yoki biznesga kerak emas. U asta-sekin iste’molchi uchun ham muhim vositaga aylanib bormoqda.
Raqamli markirovka operatori ma’lumotlariga ko‘ra, butun kuzatuv davri mobaynida foydalanuvchilar Asl Belgisi (Android/ iOS) bepul mobil ilovasi orqali markirovkalangan mahsulotlarni 20 million martaga yaqin skanerlagan.
Eng ko‘p mahsulot tekshiruvi farmatsevtika mahsulotlari (9 122 096-marta skanerlash), alkogol (3 986 577-marta), suv (2 413 177-marta) va maishiy texnika (1 884 353-marta) hissasiga to‘g‘ri keladi.
Markirovkalangan mahsulotni tekshirish imkoniyati natijasida xaridor bir necha soniya ichida smartfoni yordamida mahsulot haqidagi barcha ma’lumotni mustaqil olishi mumkin.
An’anaviy savdodan — raqamli bozorga
35 yil ichida nafaqat texnologiyalar, balki mahsulot bilan ishlash tizimi o‘zi ham o‘zgardi. Qog‘ozda hujjat yuritish o‘rnini asta-sekin elektron tizimlar, raqamli to‘lovlar, avtomatlashtirish va mahsulotning raqamli identifikatsiyasi bosdi.
Bugungi kunda ushbu o‘tish jarayonining ko‘lami nafaqat tizim ishtirokchilari soni, balki mahsulotni identifikatsiya qilish va uning harakatini kuzatish imkonini beruvchi markirovka kodlari soni bilan ham o‘lchanadi.
Shu bilan birga, raqamli markirovka amaliy vazifalarni hal bajarishi mumkin. Tizim mahsulot harakatini nazorat qilish, qo‘l mehnatini kamaytirish, tovarlarni qabul qilish va jo‘natishni tezlashtirish, xatolarni qisqartirish hamda ta’minot zanjiri shaffofligini oshirishga yordam beradi.
O‘zA