Sport akademiyasida ilmiy tadqiqotlar amaliyotga joriy etilyaptimi?
O‘zbekiston davlat sport akademiyasi va uning tarkibidagi Jismoniy tarbiya va sport ilmiy tadqiqotlar institutida amalga oshirilayotgan tadqiqot ishlari natijalariga bag‘ishlangan taqdimot yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Soha mutasaddilari va mutaxassislari ishtirok etgan taqdimotda "Jismoniy tarbiya va sport fanlari" tarmog‘ini ilmiy ixtisosliklar ro‘yxatiga kiritish, tadqiqot va ilmiy ishlanmalarni amaliyotga joriy etish masalalari muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, bugungi kunda sport akademiyasida 358 nafar talaba va magistrant tahsil olayotgani, ilmiy salohiyat 61,9 foizni tashkil etishi hamda 2025–2026 o‘quv yilining o‘tgan davri mobaynida talaba-sportchilar tomonidan xalqaro musobaqalarda 551 ta medal qo‘lga kiritilgani qayd etildi.

Sportchilarni saralash, individual imkoniyatlarini aniqlash va mashg‘ulot jarayonlarini ilmiy asosda tashkil etish maqsadida ularning jismoniy, funksional va psixologik tayyorgarlik ko‘rsatkichlarini tahlil qilish mexanizmlarini yaratish zarurligi aytib o‘tildi.

Muhokamalar jarayonida "ERP Sport" yagona elektron boshqaruv tizimiga "Ilmiy modul"ni joriy etish, sportchilarning yagona ma’lumotlar bazasini shakllantirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Yig‘ilish yakunida ilmiy tadqiqotlar natijalarini amaliyotga tatbiq etish, xalqaro hamkorlik aloqalarida natijadorlikni oshirish, kadrlar tayyorlash sifatini yaxshilash hamda jismoniy tarbiya va sportda ilmiy-uslubiy va raqamli mexanizmlarini takomillashtirish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilandi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA