Paraosiyo o‘yinlari oldidan muhim uchrashuv
Joriy yilning 18–24-oktabr kunlari Yaponiyaning Aichi prefekturasi va Nagoya shahrida V Paraosiyo o‘yinlari bo‘lib o‘tadi. Unda qit’aning 45 ta mamlakati vakillari 18 ta sport turi bo‘yicha bahs olib boradi.
Ayni damda Yaponiyada bo‘lib turgan O‘zbekiston delegatsiyasi musobaqada 11 ta sport turi bo‘yicha bahslashadi. Kuni kecha V Paraosiyo o‘yinlarida O‘zbekiston delegatsiyasining munosib ishtirokini ta’minlash masalalari muhokama qilindi.
Sport vaziri o‘rinbosari Murod Ismoilov hamda O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi raisi Muxtorxon Toshxo‘jayev ishtirokida delegatsiya shtabida ishchi guruh yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda mamlakatimiz delegatsiyasi tarkibidagi barcha sport turlari bo‘yicha murabbiylar va mas’ullar qatnashdi.
Yig‘ilishda sportchilarning musobaqalarga tayyorgarlik holati atroflicha ko‘rib chiqilib, delegatsiya oldida turgan ustuvor vazifalar belgilab olindi. Shuningdek, delegatsiya faoliyatini samarali tashkil etish, sportchilarning Paraosiyo o‘yinlarida munosib ishtirokini ta’minlash hamda yuqori natijalarga erishish uchun mavjud imkoniyatlarni to‘liq safarbar etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Shuningdek, V yozgi Paraosiyo o‘yinlari doirasida Atletlar shaharchasida O‘zbekiston delegatsiyasini kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Yaponiyaning «Garden Pier» bog‘ida tashkil etilgan tadbirda O‘zbekiston delegatsiyasi a’zolari ishtirok etdi.
Marosimda tashkiliy qo‘mita vakillari delegatsiyamiz a’zolarini samimiy kutib olib, sportchilarimizga bo‘lajak musobaqalarda omad va muvaffaqiyat tiladi. Shundan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi yangrab, mamlakatimiz bayrog‘i ko‘tarildi.

Tantanali marosim delegatsiyalarni musobaqalar muhitiga moslashtirish, shuningdek, xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik va hamjihatlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.



Ma’lumot uchun, 2023-yilda Xitoyning Xanchjou shahrida o‘tkazilgan IV Paraosiyo o‘yinlarida O‘zbekiston terma jamoasi 25 ta oltin, 24 ta kumush va 30 ta bronza, jami 79 ta medal bilan umumjamoa hisobida 8-o‘rinni egallagan.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA