Senatorlar talabalarni turar joy bilan ta’minlash ishlari bilan tanishdi
Senatning Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi raisi Odiljon Mamatkarimov hamda senator Gulnora Marufova O‘zbekiston Milliy universitetiga tashrif buyurdi.
Bu yerda talabalar uchun yaratilgan sharoitlar, ularni turar joy bilan ta’minlash ishlari bilan tanishdi. Yangi 2026/2027 o‘quv yiliga tayyorgarlik jarayonlari hamda talabalar yashashi uchun yaratilgan shart-sharoitlar ko‘zdan kechirildi.
O‘rganish davomida talabalar turar joylaridagi mavjud infratuzilma, yashash xonalari, maishiy va sanitariya sharoitlari, xavfsizlik masalalari, shuningdek, talabalarni turar joy bilan ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishildi.
Qayd etilganidek, universitetda jami 12 ta talabalar turar joyi mavjud bo‘lib, ulardagi o‘rinlar soni 6 ming 466 tani tashkil etadi. 2025-yilda davlat-xususiy sheriklik asosida 1 000 o‘rinli yangi talabalar turar joyi foydalanishga topshirilgan. Shuningdek, 240 o‘rinli talabalar turar joyi qayta ta’mirlangan. Bugungi kunda talabalarni turar joy bilan qamrab olish darajasi 30-35 foizni tashkil etmoqda.

Hozirga qadar talabalar turar joylariga joylashish uchun 5 ming 157 ariza kelib tushgan. Talabalarni belgilangan mezonlar asosida joylashtirish hamda ushbu jarayonda ularga amaliy ko‘mak berish maqsadida universitet hududining ikki nuqtasida yordam ko‘rsatish markazlari – infokiosklar tashkil etilgan. Ularga 84 nafar tyutor, 13 nafar dekan o‘rinbosari hamda 255 nafar volontyor talaba biriktirilgan.
Shuningdek, talabalarni muqobil turar joy bilan ta’minlash maqsadida universitet mas’ullari tomonidan 362 ijara xonadoni belgilangan va ularda 8 ming 430 nafar talabani joylashtirish imkoniyati mavjud.

O‘rganish davomida universitetda tahsil olayotgan 3 ming 620 nafar xorijiy talabani turar joy bilan ta’minlash masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Xorijiy va mahalliy talabalarning turar joyga bo‘lgan ehtiyojini qoplash uchun universitetga yaqin oliy ta’lim tashkilotlaridagi bo‘sh o‘rinlardan foydalanish, shuningdek, xostellar va ijara xonadonlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi.
Senatorlar o‘rganish jarayonida aniqlagan ayrim masalalarga e’tibor qaratib, talabalar uchun yaratilgan shart-sharoitlarni yanada yaxshilash, mavjud kamchiliklarni qisqa muddatlarda bartaraf etish, turar joylarga joylashtirish jarayonini shaffof va tizimli tashkil etish hamda talabalarning xavfsiz yashashi uchun zarur sharoitlarni ta’minlash yuzasidan tavsiyalar berdi.
N.Abduraimova, O‘zA