Tozalik faqat ko‘cha supuruvchilar yoki kommunal xizmatlarning vazifasi emas
Qo‘shnilarimizdan biri xonadonidan chiqqan chiqindilarini o‘zi istiqomat qilayotgan ko‘p qavatli uyning shundoq yoniga uloqtirib ketishni odat qilgan. Ogohlantirish va tanbehlardan xulosa chiqarmaydi. Uningcha bu go‘yo arzimas ishdek ko‘rinadi, ammo tashlangan har bir paket yoki qog‘oz atrofdagilarga noqulaylik tug‘diradi, muhitni ifloslantiradi va boshqalarga ham salbiy namuna bo‘ladi.
Aslida, insonning madaniyati uning kundalik oddiy odatlarida namoyon bo‘ladi. Chiqindini belgilangan joyga tashlash — jamiyatga, qo‘shnilarga va tabiatga bo‘lgan hurmatning eng oddiy ko‘rinishi.
Tozalik faqat ko‘cha supuruvchilar yoki kommunal xizmatlarning vazifasi emas. Har bir inson o‘zidan keyin qoldirgan chiqindi uchun mas’uliyat his qilsa, atrof-muhitni asrash ancha osonlashadi. Ayniqsa, plastik paketlar, bir martalik idishlar va boshqa maishiy chiqindilarni duch kelgan joyga tashlash tabiatga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Tez kunlarda mamlakatimiz Mustaqilligining 35 yilligi keng nishonlanadi. Bayram arafasida joylarda “Dolzarb 40 kunlik” hamda “Mahallada obodlik va mehr-sahovat oyligi” doirasida tozalik va obodonlashtirish ishlari boshlab yuborilgan.
Xususan, poytaxtda chiqindilar uyumi tozalanmoqda. Aholi tomonidan belgilanmagan joylarga tashlangan chiqindilarni bartaraf etish maqsadida bir qancha maxsus texnikalar va soha vakillari jalb etilgan.

Chiqindi tashlash madaniyati oddiy qoidalardan boshlanadi: chiqindini maxsus qutiga tashlash, imkoni bo‘lsa uni turiga qarab ajratish, tabiat qo‘ynida chiqindi qoldirmaslik va boshqalarga ham namuna bo‘lish. Eng muhimi, bolalarda bu odatni kichikligidan shakllantirish kerak. Kattalarning oddiy harakati — qog‘ozni yerga emas, qutiga tashlashi — bola uchun katta tarbiya vositasi bo‘lishi mumkin. Zero, shahar ozodaligi har bir fuqaroning mas’uliyatli munosabatidan boshlanadi.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA