El-yurt manfaati yo‘lidagi xizmatlari e’tirof etildi
Inson mehnatini qadrlash, uning fidoyiligi va tashabbusini munosib rag‘batlantirish — taraqqiyotning eng muhim mezonlaridan biridir. Zero, yurt ravnaqi, xalq farovonligi va jamiyat taraqqiyoti zamirida, avvalo, sidqidildan mehnat qilayotgan insonlarning ezgu intilishlari mujassam.
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi arafasida ana shunday yurtdoshlarimizning fidokorona mehnati yana bir bor e’tirof etildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli Farmoniga muvofiq, mamlakatimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan, turli sohalarda samarali mehnat qilgan bir guruh fidoyi va tashabbuskor yurtdoshlarimiz davlat mukofotlari bilan taqdirlanishdi.
Quvonarlisi, yuksak e’tirofga sazovor bo‘lganlar orasida 22 nafar buxorolik ham bor. Ular davlat xizmati, ishlab chiqarish, ijtimoiy-iqtisodiy soha, ta’lim, tibbiyot, madaniyat va boshqa yo‘nalishlardagi ko‘p yillik samarali mehnati, kasbiga sadoqati, tashabbuskorligi hamda yurt taraqqiyotiga qo‘shayotgan munosib hissalari uchun davlat mukofotlariga munosib ko‘rildi.
Viloyat hokimligida ushbu fidoyi insonlarni sharaflashga bag‘ishlangan tantanali tadbirda ularning mehnati, hayotiy tajribasi va el-yurt manfaati yo‘lidagi xizmatlari alohida e’tirof etildi.

Tadbirda so‘zga chiqqan viloyat hokimi Botir Zaripov davlatimiz rahbari tashabbuslari va rahnamoligida mamlakatimizda, xususan, Buxoro viloyatida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, bunyodkorlik va yangilanishlar xususida to‘xtaldi.
Bugun Buxoro nafaqat tarixiy va madaniy merosi, balki iqtisodiy salohiyati, zamonaviy infratuzilmasi, yangi ishlab chiqarish korxonalari va inson manfaatiga yo‘naltirilgan islohotlari bilan ham yangi taraqqiyot bosqichini boshdan kechirmoqda.
Joriy yilning o‘tgan davrida viloyatda 275 mingta yangi ish o‘rni yaratildi. Eng muhimi, aholining kambag‘allik darajasi o‘tgan yilning shu davridagi 6 foizdan 2 foizga qisqartirildi. Bu raqamlar ortida minglab oilalarning hayoti o‘zgarib, yangi imkoniyatlar eshigi ochilayotgani, insonlarning ertangi kunga ishonchi mustahkamlanayotgani mujassam.

Ayni paytda viloyatda 336 ta ijtimoiy soha ob’ektida qurilish, rekonstruksiya va obodonlashtirish ishlari jadal davom etmoqda.
Yo‘l va transport infratuzilmasini yaxshilashga ham katta e’tibor qaratilmoqda. Buxoro viloyati hududidan o‘tuvchi umumiy foydalanishdagi hamda ichki xo‘jalik avtomobil yo‘llarida 500 milliard so‘mlik qurilish-montaj ishlari bajarildi. Aholini sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlash yo‘nalishida esa 198 milliard so‘mlik ishlar amalga oshirildi.
Inson qadrini yuksaltirishning muhim ko‘rinishlaridan yana biri — munosib uy-joy sharoitlarini yaratishdir. Shu maqsadda 2026-yilda viloyatda 7 ming xonadonga mo‘ljallangan 128 ta ko‘p qavatli turar joy binosi barpo etilmoqda.

— Albatta, barchamizni xursand qiladigan bunday o‘zgarishlar ming-minglab oilalar hayotiga shodlik va baxt olib kelmoqda. Shu bilan birga, Yurtboshimiz tashabbuslari bilan viloyatimizda bunyodkorlik ishlari ko‘lami tobora kengayib bormoqda, — dedi Botir Zaripov.
Bugun viloyatda amalga oshirilayotgan yirik loyihalar Buxoroning iqtisodiy va ijtimoiy qiyofasini tubdan o‘zgartirishga xizmat qilmoqda.
Turizm majmuasi, yangi xalqaro aeroport binosi, Buxoro davlat universitetining yangi kampusi, “Buxoro sanoatni rivojlantirish kompleksi” maxsus sanoat parki kabi yirik ob’ektlarda ishlar yuqori sur’atda olib borilmoqda. Bu loyihalarning har biri zamirida yangi ish o‘rinlari, zamonaviy ta’lim va xizmat ko‘rsatish imkoniyatlari, investitsiyalar, yangi kasblar va eng muhimi, insonlar uchun munosib hayot sharoitlarini yaratish maqsadi mujassam.
Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilayotgan inson qadrini ulug‘lash, hududlarni kompleks rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va aholi farovonligini oshirishga qaratilgan tashabbuslar Buxoroda ham izchil va amaliy natijalar bilan namoyon bo‘lmoqda.
Viloyat iqtisodiyotining muhim tayanchlaridan biri bo‘lgan qishloq xo‘jaligida ham samarali mehnat va izchil islohotlar o‘z natijasini bermoqda.
Davlatga pilla va don sotish bo‘yicha shartnomaviy rejalar respublikada birinchilardan bo‘lib ortig‘i bilan bajarildi. Paxtakorlar ham yuqori marrani ko‘zlab, barakali mehnat qilmoqda.
Issiqxona xo‘jaligi, bog‘dorchilik, sabzavot-polizchilik, chorvachilik va qishloq xo‘jaligining boshqa yo‘nalishlarida ham salmoqli natijalar qo‘lga kiritilmoqda. Bu yutuqlarning barchasi, avvalo, yerga mehr, kasbga sadoqat va el rizqini ko‘paytirishdek ezgu maqsad bilan mehnat qilayotgan insonlar samarasidir.
“Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” shiori ostida nishonlanayotgan istiqlolimizning 35 yillik bayrami nafaqat bosib o‘tilgan sharafli yo‘lni sarhisob qilish, balki Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ulkan o‘zgarishlarni yana bir bor namoyon etish ayyomiga aylanmoqda.
Bugun yurtimizda bunyod etilayotgan yangi maktab va shifoxonalar, zamonaviy uy-joylar, korxona va infratuzilma ob’ektlari, obod mahallalar — xalq hayotidagi yangilanishlarning yorqin ifodasidir.

Shu ma’noda, 22 nafar buxorolikka topshirilgan davlat mukofotlari oddiy taqdirlash marosimi emas. Bu — butun bir mehnatkash avlodga, o‘z kasbi va Vataniga sadoqat bilan xizmat qilayotgan minglab insonlarga bildirilgan yuksak ehtirom va ishonchning ramzidir.
Viloyat rahbari tadbirda davlat mukofotlariga munosib ko‘rilgan yurtdoshlarni samimiy muborakbod etib, ularga kelgusi faoliyatida ulkan zafarlar tiladi.
— Inson mehnati qadrlangan, uning manfaatlari ulug‘langan yurtda Vatan taraqqiyoti yo‘lida mehnat qilgan, Uchinchi Renessansni barpo etishga o‘z hissasini qo‘shayotgan har bir shaxs qadr topadi. Davlat mukofoti — bu nafaqat mehnatga berilgan yuksak baho, balki insonni yangi marralar sari ruhlantiradigan katta e’tirof va mas’uliyatdir, — dedi viloyat hokimi.
Shundan so‘ng yuksak davlat mukofotlari o‘z egalariga tantanali ravishda topshirildi.
Taqdirlanganlar nomidan so‘zga chiqqanlar bildirilgan yuksak ishonch va e’tirof uchun Prezidentimizga samimiy minnatdorliklarini izhor etib, Vatan ravnaqi, xalq farovonligi va yurt taraqqiyoti yo‘lidagi faoliyatlarini yanada sidqidildan davom ettirishlarini ta’kidladi.

Zero, mukofot — mehnatning yakuni emas, yangi mas’uliyat va yangi marralar boshlanishidir. Bugun davlat mukofoti bilan taqdirlangan 22 nafar buxorolikning hayot yo‘li, mehnat faoliyati va el-yurt oldidagi xizmatlari yosh avlod uchun ibrat maktabi bo‘lib xizmat qiladi.
Mustaqillikning 35 yilligi ostonasida yangrayotgan e’tiroflar esa bir haqiqatni yana bir bor tasdiqlaydi: inson qadr topgan yurtda mehnat qadrlanadi, mehnat qadrlangan yurtda esa taraqqiyot va farovonlik barqaror bo‘ladi.
Yangi O‘zbekistonning yangi tarixi ana shunday fidoyi insonlarning halol mehnati, ezgu tashabbuslari va Vatanga sadoqati bilan bitilmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri