«Sanoat siyosati: nazariy yondashuvlar va empirik ma’lumotlardan O‘zbekiston uchun saboqlar» nomli tadqiqot natijalari taqdim etildi
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazida Germaniyaning “Berlin Economics” tadqiqot markazi vakillari ishtirokida sanoat siyosati, tarkibiy o‘zgarishlar va iqtisodiyot raqobatbardoshligini oshirish masalalariga bag‘ishlangan ekspertlar seminari bo‘lib o‘tdi.
Seminar doirasida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlarga oid tadqiqot natijalari va ekspert baholari yuzasidan fikr almashildi. Markaz ekspertlari mamlakatda olib borilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning asosiy yo‘nalishlarini taqdim etdi.
O‘z navbatida, germaniyalik mutaxassislar O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarga yuqori baho berdi. “Berlin Economics” ekspertlari Voldemar Valter va Maks Marchinek Germaniya iqtisodiy guruhi (German Economic Team) doirasida tayyorlangan «Sanoat siyosati: nazariy yondashuvlar va empirik ma’lumotlardan O‘zbekiston uchun saboqlar» nomli tadqiqot natijalarini taqdim etdi.
Taqdim etilgan tahlilga ko‘ra, 2017-yildan keyin O‘zbekistonda sanoatni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash vositalari tarkibida sezilarli o‘zgarishlar yuz bergan. Tarif choralarining ulushi 10 foiz bandga qisqargan, subsidiyalardan foydalanish esa sezilarli darajada kengaygan.
Tadqiqot natijalari davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash choralari asosan iqtisodiyotning raqobatbardosh tarmoqlariga, jumladan, metallurgiya, tog‘-kon va kimyo sanoatiga yo‘naltirilganini ham ko‘rsatdi.
Shu bilan birga, germaniyalik ekspertlar O‘zbekiston iqtisodiyoti raqobatbardoshligi tarkibidagi o‘zgarishlar, avvalo, 2017-yildan buyon amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli iqtisodiy islohotlar, jumladan, tashqi savdoni erkinlashtirish va bozor mexanizmlarini rivojlantirish natijalarini aks ettirishini ta’kidladi.
Muhokamalar davomida korxonalar unumdorligini oshirish, sanoat siyosati samaradorligini kuchaytirish va O‘zbekistonning eksport salohiyatini kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Tomonlar iqtisodiyotdagi tarkibiy o‘zgarishlar, sanoatni rivojlantirish bo‘yicha xalqaro tajriba hamda milliy ishlab chiqaruvchilar raqobatbardoshligini belgilovchi omillar yuzasidan ekspert baholari bilan o‘rtoqlashdi.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi so‘nggi o‘n yil davomida “Berlin Economics” bilan iqtisodiy o‘zgarishlarni o‘rganish va barqaror rivojlanish masalalari bo‘yicha tadqiqot yondashuvlarini ishlab chiqishga qaratilgan ilmiy-tahliliy hamkorlikni rivojlantirib kelmoqda.
Tomonlar ekspertlar muloqotini davom ettirish, qo‘shma tadqiqotlar o‘tkazish hamda O‘zbekiston va Germaniya tadqiqot markazlari o‘rtasidagi ilmiy-tahliliy hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdor ekanini tasdiqladi.
Ma’lumot uchun: “Berlin Economics” — iqtisodiy tadqiqotlar olib boruvchi hamda davlat organlariga maslahat xizmatlari ko‘rsatuvchi Germaniyaning iqtisodiy konsalting va tadqiqot kompaniyasi.
German Economic Team (GET) — Germaniya hukumatining loyihasi bo‘lib, uning doirasida ekspertlar hamkor mamlakatlarga, jumladan, O‘zbekistonga tahliliy va maslahat ko‘magini ko‘rsatadi.
Mohigul Qosimova, O‘zA