O‘zbekiston-Germaniya: kichik biznesga yo‘naltirilgan 670 milliard so‘m samarasi
O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasidagi kichik va o‘rta biznesni moliyalashtirish dasturi natijalari sarhisob qilindi. Yirik loyihaning mamlakat tadbirkorligiga ta’siri va erishilgan yutuqlar muhokama qilindi.
Germaniya–O‘zbekiston moliyaviy hamkorligi doirasidagi kichik va o‘rta biznesni moliyalashtirish dasturi natijalari sarhisob qilindi. Mablag‘lar Germaniya Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot federal vazirligi (BMZ) timsolida Germaniya Hukumati tomonidan ajratilgan. Ushbu dasturni KfW moliyaviy tashkiloti amalga oshiradi. O‘zbekiston tomonidan asosiy hamkorlar – Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki hisoblanadi.
Ajratilgan mablag‘lar sarhisobiga bag‘ishlangan tadbirda davlat va jamoat tashkilotlari, xalqaro institutlar vakillari, mahalliy va xorijiy ekspertlar, kichik va o‘rta biznes vakillari, soha mutaxassislari ishtirok etdi. Unda o‘tgan yillar davomida erishilgan natijalarni muhokama qilish va kelgusidagi ustuvor yo‘nalishlar haqida fikr almashish uchun ochiq muloqot maydoni tashkil etildi. Loyihada ishtirok etuvchilar o‘z g‘oyalarini qanday amalga oshirganliklarini gapirib berdilar. Bundan tashqari, mablag‘larni samarali tasarruf etib, o‘z biznesini yo‘lga qo‘ygan tadbirkorlarning videoroliklari namoyish etildi.
– Bu imtiyozli kreditlar orqali juda ko‘p tadbirkorlarimiz kichik va o‘rta bizneslarini boshlaganlar, - deydi O‘zbekiston “Agrar soha ayollari” uyushmasi raisi Adiba Ahmadjonova. – “Agrar soha ayollari” uyushmasi va mahalliy hokimliklar bilan hamkorlikda mamlakatning 13 hududida 26 ta ikki kunlik seminar o‘tkazildi, ularda 700 nafardan ortiq xotin-qizlar va yoshlar ishtirok etdi. Olingan bilim va amaliy ko‘nikmalar ishtirokchilarning aksariyatiga o‘z biznesini boshlash yoki mavjud biznesini kengaytirishga yordam berdi. Tadbirkorlik haqidagi animatsion videoroliklar, konferensiyalar va boshqa tadbirlarning aholi orasida zamonaviy bilimlar va ilg‘or biznes tajribalarini tarqatishga xizmat qildi. Natijada, chekka hudud aholisi samarali tadbirkorlikni boshlab yubordilar. Masalan, Qonliko‘llik tadbirkor ayol avvallari faqat gulchilik bilan shug‘ullanib, hudud aholisiga sotgan bo‘lsa, bugungi kunda uning imkoniyatlari kengayib, eksportga chiqishga erishdi. Bunday misollarni yana ko‘plab keltirish mumkin va ular bugun tadbir davomida boshlagan ishlarining taqdimotini o‘tkazadilar. Bundan tashqari, dastur doirasida AgroMart onlayn platformasi bilan hamkorlikda qishloq xo‘jaligi va tadbirkorlikka oid 14 mavzu bo‘yicha bepul videokutubxona yaratildi.
Dastur doirasida ajratilgan 26.77 million yevrolik kredit mablag‘lari O‘zbekistondagi mikro, kichik va o‘rta korxonalarga to‘liq imtiyozli kredit shaklida berilgani katta loyihalarga zamin yaratdi. Tijorat banklari tomonidan dasturni amalga oshirish davrida, 2025–2026-yillarda mamlakat bo‘ylab 1 400 dan ortiq kichik va o‘rta biznes sub’ektiga jami 670 milliard so‘mlik kredit ajratdi. Bu mablag‘ning taxminan 320 milliard so‘mi hamkor banklarning o‘z mablag‘lari hisobidan berilgan, ya’ni dastur doirasida ajratilgan har bir yevro hamkor banklar tomonidan taxminan shuncha miqdordagi mablag‘ bilan to‘ldirilgan. Tadbir ishtirokchilari ushbu moliyaviy ko‘makning mamlakatda tadbirkorlikni yanada rivojlantirishga ta’sirini muhokama qilishdi.

– Germaniya moliyaviy ko‘magi asosida o‘zimning kichik biznesimni boshladim, - deydi Navoiy viloyati, Qiziltepa tumanidan kelgan tadbirkor Yoqutoy Shodiyeva. – Bunga may oyida o‘tilgan seminarlarda olgan bilimlarim turtki bo‘ldi. O‘zimda ishonch va qat’iyat paydo bo‘ldi. Endi men faqat xom ashyo emas, balki tayyor mahsulot qilib, qadoqlab bozorga yetkazib beryapman. Menga ajratilgan 10 ming yevrolik mablag‘iga, sigir va kerakli uskunalarni sotib oldim. Daromadimni yana 2-3 barobar oshirishni maqsad qilib qo‘ydim. Kuniga 40 litr sutdan qatiq, qaymoq, har xil foizdagi kefirlar ishlab chiqaryapmiz va hozirda yangi mahsulotlarni yo‘lga qo‘yish ustida ish olib bormoqdamiz.
Tadbirda bevosita benefitsiarlar amaliy natijalarni taqdim etdi va 3 million yevrolik grant mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilgan texnik ko‘mak choralarining ahamiyati haqida so‘zlab berdi. Nafaqat qarz oluvchilarning, balki ixtisoslashtirilgan o‘quv kurslari, seminar va treninglar tufayli biznes yuritish bo‘yicha zarur bilimlarga ega bo‘lgan, biznesini kengaytirgan va yangi ish o‘rinlari yaratgan tadbirkorlarning hikoyalari ham taqdim etildi. Dasturni amalga oshirishda bank sektorining institutsional salohiyatini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, hamkor banklar faoliyatini takomillashtirish, zamonaviy kreditlash jarayonlarini joriy etish, ekologik va ijtimoiy standartlarni qo‘llash hamda bank mutaxassislarining kasbiy malakasini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar yoritib berildi. Bu tashabbuslar bank sektorini mustahkamlash va moliyaviy xizmatlar sifatini oshirishga xizmat qildi.
[gallery-https://uza.uz/uz/collection/32110]
Tadbir yakunida ishtirokchilar dasturni samarali va natijali yakunlashni ta’minlashga kelishib oldi hamda O‘zbekistondagi mikro, kichik va o‘rta biznes o‘sishini rag‘batlantirish uchun kelgusida ham moliyalashtirish zarurligini ta’kidlashdi.
Sanjar Toshpo‘latov, Oybek Pardayev (surat), O‘zA