Mahalliy korxonalarning eksport salohiyatini oshirish imkoniyatlari
Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov AQSHning MACGA LLC kompaniyasi vakili Steve Bernsteyn bilan uchrashib, viloyat to‘qimachilik sanoatini xalqaro bozorlar bilan yanada chuqur integratsiya qilish, mahalliy korxonalarning eksport salohiyatini oshirish va Amerika bozoriga yuqori qo‘shilgan qiymatga ega tayyor mahsulotlar yetkazib berish masalalarini muhokama qildi.
Mazkur tashabbus O‘zbekistonda paxtani xomashyo sifatida eksport qilishdan ko‘ra, uni mamlakatning o‘zida chuqur qayta ishlab, raqobatbardosh tayyor mahsulotga aylantirishga qaratilgan davlat siyosati bilan hamohangdir. Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilayotgan xomashyoni atroflicha qayta ishlash, sanoatda qo‘shilgan qiymat zanjirini yaratish va eksport geografiyasini kengaytirishga qaratilgan tashabbuslar aynan shunday hamkorlik loyihalarida amaliy ifodasini topmoqda.
Kompaniya tashabbusi doirasida AQSH da yetishtirilgan paxtani O‘zbekistonda qayta ishlash, ip-kalava, trikotaj va to‘qima matolar, uy to‘qimachiligi hamda tayyor kiyim-kechak ishlab chiqarish va ularni Amerika bozoriga yetkazib berish imkoniyatlari ko‘rib chiqilmoqda.
Bu jarayonning ahamiyati shundaki, hamkorlik oddiy mahsulot sotuvidan ko‘ra kengroq — AQSH paxta yetkazib beruvchilari, xaridorlari va O‘zbekiston ishlab chiqaruvchilarini yagona kooperatsiya zanjiriga birlashtirishni nazarda tutadi. Bu esa mahalliy korxonalar uchun barqaror buyurtmalar, yangi eksport kanallari va xalqaro talablarga mos ishlab chiqarish madaniyatini shakllantirishi mumkin.

Uchrashuvda Buxorodagi to‘qimachilik korxonalarining mavjud quvvatlaridan samarali foydalanish, yangi buyurtmalar jalb etish, mahsulot sifatini xalqaro standartlarga moslashtirish va aniq xaridorlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Ta’kidlash joizki, 2026-yilning oktabr oyida Global Textile korxonalar guruhi va MACGA LLC o‘rtasida 35 million dollarlik o‘zaro anglashuv memorandumining imzolanishi mazkur hamkorlikning amaliy ko‘lami ortib borayotganidan dalolat beradi.
Buxoro uchun bu — nafaqat yangi eksport bozori, balki paxtadan tayyor mahsulotgacha bo‘lgan qiymat zanjirini viloyatning o‘zida shakllantirish, ishlab chiqarish hajmini oshirish va yangi ish o‘rinlari yaratish imkoniyatidir. Eng muhimi, bunday hamkorlik Prezident tashabbuslari asosida O‘zbekiston to‘qimachilik sanoatini xomashyo yetkazib beruvchidan yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulot ishlab chiqaruvchi va jahon bozorida raqobatlasha oladigan tarmoqqa aylantirish maqsadiga xizmat qiladi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri