Reklama talablarini buzgan tabib javobgarlikka tortildi
Raqobat qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida ijtimoiy tarmoqlarda “Qahramon tabib” nomi bilan tanilgan fuqaro Qahramon Sirajovning o‘ziga tegishli “@ kakhramon” nomli sahifasida biologik faol qo‘shimchalarni qonunchilikda belgilangan talablarga zid ravishda reklama qilgani ma’lum bo‘ldi.
Xususan, reklama ta’sirini kuchaytirish maqsadida biologik faol qo‘shimchalarni noto‘g‘ri taqqoslash, shu jumladan biologik faol qo‘shimchasining ta’sir xususiyati bo‘rttirib ko‘rsatilgani hamda umumiy tavsifi to‘g‘risida to‘liq ma’lumotlar berilmagani kuzatilgan.
O‘z navbatida, biologik faol qo‘shimcha reklamasining bunday ko‘rinishda bo‘lishi iste’molchilarda ularni dori vositasi va davolash xususiyatiga egadek tasavvur uyg‘otadi.
O‘zbekiston Respublikasi “Reklama to‘g‘risida”gi qonunining 35-moddasida ovqatga qo‘shiladigan biologik faol qo‘shimchalarning va oziq-ovqat qo‘shimchalarining reklamasiga qo‘yilgan bir qator talablar bor.
Ovqatga qo‘shiladigan biologik faol qo‘shimchalar va oziq-ovqat qo‘shimchalari reklama qilinganda dori vositasi emasligi to‘g‘risida ogohlantirish bo‘lishi kerak. Ovqatga qo‘shiladigan biologik faol qo‘shimchalar va oziq-ovqat qo‘shimchalari reklamasi bo‘yicha rag‘batlantiruvchi aksiyalar o‘tkazish taqiqlanadi.
Yuqoridagi aniqlangan holatlar yuzasidan Qo‘mitaning Maxsus komissiyalari tomonidan fuqaro Qahramon Sirajovga nisbatan “Reklama to‘g‘risida”gi qonunning tegishli moddalari talablari buzilishi yuzasidan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, tegishli tartibda sud organlariga yuborildi.
N.Rahmonova,
O‘zA