"Muzlab qolgan" binolarga hayot bag‘ishlanadi
Sirdaryo viloyatida banklar balanslarida turgan va foyda keltirmayotgan binolarni samarali ishga tushirish, ularni daromad keltiradigan aktivlarga aylantirish masalasi tanqidiy tahlil qilindi. Viloyat hokimi Erkinjon Turdimov tadbirda shunchaki hisobot bilan cheklanishdan ko‘ra, amaldagi natijaga erishishni asosiy maqsad qilib qo‘ydi.
Tahlil va taqdimot oddiy hisobotdan ko‘ra ko‘proq amaliy muloqotga aylandi. Viloyat rahbari asosiy talabni aniq qo‘ydi: “Qog‘ozdagi aktivlar”ni ishlaydigan, daromad keltiradigan va yangi ish o‘rinlari yaratadigan real loyihalarga aylantirish kerak.

– Bank balansida turib qolgan, ishlamay turgan bino — bu o‘lik resurs. Uni shunchaki saqlab o‘tirib bo‘lmaydi. Har bir devor ortida yo‘qotilgan imkoniyatlar bor: byudjetga tushum, aholiga xizmat, odamlar uchun ish haqi. Bizning vazifamiz — mol-mulk to‘plash emas, balki uni ishlatadigan, unga hayot bag‘ishlaydigan tadbirkorlarga berish. Ob’ektlarni ishga tushirish muddatlari aniq va qat’iy bo‘lishi shart. Shaxsiy javobgarlik belgilanadi. Jarayonni cho‘zishga yo‘l qo‘yilmaydi, – dedi viloyat rahbari.
Har bir ob’ekt bo‘yicha aniq “yo‘l xaritasi” tasdiqlandi. Binolarning maqsadi belgilandi, mas’ullar biriktirildi va foydalanish muddatlari qat’iy qilib belgilandi. Endilikda bu binolar nafaqat iqtisodiyot uchun, balki mahalliy aholi va yangi ish o‘rinlari uchun ham samarali manbaga aylantirilishi kutilmoqda.

Viloyat rahbarining bu tashabbusi tijorat banklari, tadbirkorlar va mahalliy hokimiyat organlari o‘rtasida samarali hamkorlikni mustahkamlaydi. “Muzlab qolgan” aktivlar iqtisodiyotda qimmatli resursga aylantiriladi va shu orqali faqat moliyaviy hisobotlardagi raqamlar emas, balki haqiqiy hayotda samara beruvchi, odamlar va jamiyat uchun qimmatli loyihalar yaratiladi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri