Har qarich yer daromad manbai
Qaror va ijro
Mamlakatimizda aholining tomorqa yerlaridan samarali foydalanishini ta’minlash, ular orqali oilalar daromadini oshirish va oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilyapti. Ayniqsa, tomorqa yer egalariga imtiyozli kreditlar ajratish, urug‘ va ko‘chatlar bilan ta’minlash, agrotexnik maslahatlar berish, shuningdek, yetishtirilgan mahsulotlarni sotishda bozor infratuzilmasini rivojlantirish kabi chora-tadbirlarning qamrovi ortdi.

Bu esa aholining bandligini ta’minlash, qo‘shimcha daromad manbalarini yaratish va ichki bozorni mahalliy mahsulotlar bilan to‘ldirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Shu kunlarda Toshkent viloyatidagi 449,7 mingta xonadon tomorqalarida bahorgi mavsumning o‘zida 32 ming 371 gektar yer maydonida “bir mahalla–bir mahsulot” tamoyili asosida serdaromad qishloq xo‘jaligi ekinlari ekish ishlari olib borilmoqda. Bu borada hududlarning iqlimidan kelib chiqib, 31 ming gektar sabzavot, 427 gektar poliz ekinlari, 3 ming gektar kartoshka, 2 ming gektar dukkakli, 20 gektar ozuqa, 114 gektar moyli, 425 gektar rezavor va 202 gektar boshqa ekinlar ekilishi belgilab olingan.

Joriy yil mart oyi boshidan buyon 78 foiz tomorqa yer maydonlariga qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ekildi. Bu jarayonlar mahallalardagi hokim yordamchilari tomonidan “oonlayn mahalla” elektron platformasiga kiritib borilyapti. Misol uchun, Chinoz tumani Birlik mahallasi, Bekobod tumanining Farhod, Beshyuz, Bog‘ishamol, Mallaboy, Mustaqillik va Nazarboy mahallalaridagi 80 foiz tomorqalarda issiqxonalar qurilib, 90 foiziga bahorgi mavsumda sabzavot ekinlari ekildi.

– Ushbu ishlarni yanada takomillashtirish uchun Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 13-maydagi “Dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq grant va subsidiya mablag‘lari ajratiladi. Shuningdek, o‘tgan davrda “Bir mahalla –bir mahsulot” tamoyili asosida 73 ta ixtisoslashgan mahalla misolida serdaromad, eksportbop qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga ixtisoslashtirishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha rejalar tuzib olindi. Misol uchun, O‘rta Chirchiq tumani Rovatak mahallasi limonchilikka, Angren shahar Xakkarman va Yangi Jigariston mahallalari qulupnaychilikka, Chinoz tumani Birlik mahallasi esa ko‘chatchilikka ixtisoslashgan. Shu jumladan, 653 ta mahallani “Agro star” MCHJga biriktirish orqali ularning ixtisoslashuvini kengaytirish bo‘yicha vazifalar belgilandi, – deydi Toshkent viloyat kambag‘allikni qisqartirish va bandlik boshqarmasi boshlig‘i Ziyodbek Yo‘ldashov.

O‘z navbatida aholi tomorqalaridan samarali foydalanish, bahorgi serdaromad ekinlar ekish yuzasidan Toshkent viloyati miqyosida o‘quv-seminarlar tashkil etildi. Jumladan, Yangiyo‘l tumanida o‘tkazilgan tadbirda Yangiyo‘l shahri, Zangiota, Piskent, Chinoz va Quyi Chirchiq tumanlaridan kelgan mas’ullar ishtirok etdi. Seminar davomida ular Bunyodkor mahallasi hududidagi 4 gektar maydonda barpo etilayotgan zamonaviy issiqxona kompleksi bilan tanishdi.
Shuningdek, hududdagi bir qator aholi xonadonlarida tashkil etilgan issiqxonalar ham ko‘zdan kechirildi. Jumladan, 5 sotixli tomorqasidan samarali foydalanayotgan Nazar Aliyevning daromadli faoliyati ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi. Bundan tashqari, “Yangiyoʻl – Agro Star” MCHJ tomonidan fuqarolar tomorqalarida barpo etilgan issiqxonalar, xususan, Bahodir Saidakromovning 5 sotix va Saidakmal Aliyevning 4 sotix yer maydonida tashkil etilgan issiqxonalar aholi daromadini oshirish, qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish hamda yil davomida mahsulot yetishtirishda muhim ahamiyat kasb etayotgani ta’kidlandi. Shu bilan birga, Xalqobod mahallasida tashkil etilgan “Tomorqa maktabi” faoliyati ham alohida e’tirof etildi. Ushbu maktab aholiga tomorqadan unumli foydalanish, ekinlarni to‘g‘ri tanlash va parvarishlash bo‘yicha amaliy ko‘nikmalar berishda muhim o‘rin tutadi.

Bundan tashqari, Toshkent viloyati tajribasi asosida aholi tomorqalarida ekinlarni ekishni tashkil etishda xar bir hududga maxsus avtomobillar biriktirildi. Ular tomonidan sifatli sabzavotlar urug‘i, sertifikatlangan mevali daraxtlarning ko‘chatlari, mineral o‘g‘itlar, zarur ish anjomlari yetkazilib, ekin ekish ishlari tashkil etilmoqda.
Parkent tumanida o‘tkazilgan muloqotlarda esa Angren shahri, Ohangaron, Bo‘stonliq, Chirchiq, Qibray va Yuqori Chirchiq tumanlaridan kelgan tomorqachilar qatnashdi. Unda asosiy e’tibor tog‘li hududlarda rezavor mevalar yetishtirishga ixtisoslashish masalasiga qaratildi. Mutaxassislar tomonidan ushbu yo‘nalishning iqtisodiy samaradorligi, iqlim sharoitiga mosligi hamda aholi bandligini ta’minlashdagi ahamiyati atroflicha tushuntirildi. “Tomorqa maktabi” faoliyati, bir qator mahallalarda tashkil etilgan ko‘chma savdo yarmarkalari, shuningdek, namunali tomorqachi xonadonlar tajribasi bilan tanishish orqali ilg‘or usullarni keng joriy etishga alohida e’tibor qaratildi.

– Hozir rezavorchilik yo‘nalishida xorijdan keltirilgan qulupnay, golubika, malina, qorag‘at kabi ko‘plab rezavor navlarimiz bor, – deydi “Toshkent – Agro Star” MCHJ rahbari Botir Alimbekov. – Bu o‘simliklar kech kuzgacha hosil beradi. Jumladan, mavsumda malina va qulupnay ko‘chatining bir tupidan o‘rtacha 1 kilogrammgacha, golubikadan esa yoshiga qarab 8-9 kilogrammgacha hosil olish mumkin. Tomorqasida shu yo‘nalish bo‘yicha ish tashkil qilmoqchi bo‘lgan fuqarolarga biz pul olmasdan borib, o‘sha yerini tayyorlab beramiz. Belgilangan reja asosida rezavor ekinlarni ekamiz. Hosilga kirganda uning daromadidan 1-1,5 yilda ekilgan ko‘chatlarga pul to‘lash mumkin. Buning uchun tajribali mutaxassislarni jalb qilganmiz.
Kichikqo‘rg‘on mahallasida istiqomat qiluvchi Mansurovlar xonadoni ko‘p yillardan buyon ko‘chat yetishtirish bilan shug‘ullanadi. Shu tufayli barqaror oilaviy daromad manbaini shakllantirgan. Xonadon egasining ta’kidlashicha, ular 20 xil turdan ortiq mevali daraxt ko‘chatlarini 25 mingdan 130 ming so‘mgacha bo‘lgan narxlarda ichki bozorga chiqarib, bir mavsumda 100 million so‘mdan ortiq daromad olmoqda.
Umuman olganda, tomorqa yerlaridan unumli foydalanish aholi farovonligini oshirishda muhimdir. Bejizga xalqimizda "Yer xazina, tuproq oltin" iborasi aytilmagan. Sababi yerdan oqilona foydalangan holda har bir xonadon o‘z daromadini oshirishi va barqaror hayotga erishishi mumkin. Natijada esa nafaqat oilalar, balki butun mamlakat iqtisodiyoti ravnaq topib, ichki bozor rivojlanadi.
A.Musayev,O‘zA