Qozonda xalqaro kooperatsiya forumi ish boshladi
Rossiya Federatsiyasi Qozon shahrida VIII Xalqaro iste’molchilar kooperatsiyasi forumi – “Kooperatsiya yoshlari: tarmoqni rivojlantirish uchun resurslarni birlashtirib” mavzusidagi xalqaro anjuman ish boshladi.
Rossiya iste’molchilar kooperatsiyasining 190 yilligi va Tatariston Respublikasi iste’molchilar kooperatsiyasining 110 yilligiga bag‘ishlangan mazkur yirik anjumanda 31 davlatdan xalqaro tashkilotlar, ekspertlar, biznes va ta’lim muassasalari vakillari, yoshlar hamda kooperatsiya tizimi rahbarlari to‘plandi.
“Qozon Ekspo” majmuasida o‘tkazilayotgan “AgroVolga-2026” xalqaro sanoat ko‘rgazmasi bilan bir vaqtda tashkil etilgan tadbir doirasida yalpi majlis, turli mavzular bo‘yicha sho‘’ba yig‘ilishlari, xalqaro uchrashuvlar, ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazilmoqda.
Yalpi yig‘ilishda Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning forum ishtirokchilariga yo‘llagan tabrigi o‘qib eshittirildi. Qutlovda ushbu anjuman davlat idoralari, ekspertlar hamjamiyati, biznes vakillari va yosh mutaxassislarni bir maydonda birlashtirgani ta’kidlanib, kooperatsiya tizimi oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, bozor raqobatbardoshligini oshirish, qishloq hududlarini rivojlantirish hamda yangi ish o‘rinlari yaratishda muhim o‘rin egallashi qayd etilgan.
Rossiya Markaziy iste’molchilar jamiyatlari ittifoqi raisi Dmitriy Zubov forum kooperatsiya sohasining zamonaviy rivojlanish modelini shakllantirish, yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash va xalqaro hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha amaliy takliflar ishlab chiqish maydoniga aylanganini ta’kidladi.
Tatariston Respublikasi Raisi Rustam Minnixanov forumni respublikada o‘tkazish qarori mahalliy kooperatorlarning ko‘p yillik mehnatiga berilgan yuksak baho ekanini qayd etdi.

– Iste’mol kooperatsiyasi boy tarixga ega, – dedi Rustam Minnixanov. – Mazkur jarayonda taraqqiyot bosqichi ham, sinovli yillar ham bo‘ldi. Kooperatorlarning fidokorona mehnati tufayli bu noyob tizimni saqlab qoldik va bugun ham izchil rivojlantirmoqdamiz. Respublikada 2022-yildan buyon kooperatsiya tizimida ko‘rsatilayotgan xizmat hajmi 11 foiz oshdi. Davlat tomonidan maxsus avtotransport, ishlab chiqarish uskunalari, modulli savdo nuqtalari, ijtimoiy ahamiyatga ega ishlab chiqarish majmualarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha dastur amalga oshirilmoqda. Bugungi kunda kooperatsiya tashkilotlari Tataristonning barcha tumanlarida faoliyat yuritib, 1310 aholi manzilini avtolavka orqali xizmat bilan ta’minlamoqda. Respublikada 152 qishloq do‘koni qurilgan, “Okolo” savdo tarmog‘ini yanada kengaytirish rejalashtirilgan.

Marosim doirasida Tatariston Respublikasi, Rossiya Markaziy iste’molchilar jamiyatlari ittifoqi va Tatariston iste’molchilar kooperatsiyasi tashkilotlari ittifoqi o‘rtasida 2026-2030-yillarga mo‘ljallangan uch tomonlama hamkorlik to‘g‘risidagi bitim imzolandi.
Dilshod Hakimov, O‘zA
Qozon, Rossiya