Eron Hurmuzni 7 kunda ochishi mumkin
Eron AQSH harbiy bosimni yumshatib, mamlakat portlariga joriy qilingan qamalni bekor qilsa, Hurmuz bo‘g‘ozini yetti kun ichida qayta ochishi mumkin. Tehron buning uchun Vashingtondan muammoni muzokara yo‘li bilan hal qilish niyatini rasman bildirishini kutyapti.
Yuqori martabali eronlik rasmiy “Reuters” agentligiga bildirishicha, shundan so‘ng tomonlar jarayonning keyingi bosqichi va muddatini kelishib olishi mumkin. Tehronning ushbu masala bo‘yicha taklifi 16-sentabr kuni uchinchi tomon orqali Vashingtonga yetkazilgan. Nyu-Yorkda bo‘lib turgan Islom Respublikasi delegatsiyasiga muloqotni tiklash bo‘yicha to‘liq vakolat berilgan. Harbiy harakatni to‘xtatish sharti ham BMT Bosh Assambleyasi doirasida vositachilar ishtirokida muhokama qilinishi nazarda tutilgan.

Bayonot mintaqada yangi harbiy keskinlik xavfi saqlanib turgan bir payt yangradi. Eron harbiy qo‘mondonligi yakshanba kuni Amerika amaliyotni mintaqadagi davlatlar ko‘magida qayta boshlashga tayyorlanayotgani haqida ma’lumot olganini bildirib, bunday holatda javob “cheklovsiz” bo‘lishini ta’kidladi.
Prezident Mas’ud Pezeshkiyon seshanba kuni Nyu-Yorkka yetib bordi, ammo uning Donald Tramp bilan uchrashuvi rejalashtirilmagan. Eron vakili BMT Bosh Assambleyasi yig‘ilishini Vashingtonning diplomatiyaga qaytishi uchun “oltin imkoniyat” deb atadi.
Musulmon Ziyo, O‘zA