Yangi davr oliy diplomatiyasi
Davlatlar o‘rtasidagi ishonch va hamkorlikni mustahkamlash – tashqi siyosatning ustuvor yo‘nalishi. O‘zA ushbu rukn orqali hafta davomida o‘tkazilgan oliy darajadagi diplomatik muloqotlar tafsilotini taqdim etadi.

O‘zbekiston – Turkmaniston
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov bilan telefon orqali muloqot qildi. Suhbat avvalida davlatimiz rahbari qardosh davlat yetakchisini tavallud kuni bilan samimiy qutlab, unga mustahkam sog‘liq, yangi muvaffaqiyatlar tiladi.
Muloqot davomida O‘zbekiston – Turkmaniston do‘stligi, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sherikligini yanada rivojlantirish, savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Energetika, transport va boshqa sohalardagi qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi.
Shavkat Mirziyoyev Turkmaniston Prezidenti va xalqini yaqinlashib kelayotgan Mustaqillik kuni bilan tabrikladi.

Pokiston – BMT
Pokiston Bosh vaziri Muhammad Shahboz Sharif BMT Bosh Assambleyasi 81-sessiyasida ishtirok etish uchun Nyu-York shahriga bordi.
U 25-sentabr kuni BMT Bosh Assambleyasida nutq so‘zlab, mintaqaviy va global xavfsizlik masalasi, tinchlik va diplomatik muloqotning ahamiyati, iqlim o‘zgarishi, terrorizmga qarshi kurash, islomofobiya hamda jahon iqtisodiyoti bilan bog‘liq muammolarga mamlakati yondashuvini bayon qiladi. Shuningdek, BMT Bosh Assambleyasi doirasida qator yuqori darajadagi uchrashuvlarda ishtirok etib, turli davlatlar rahbarlari va BMT Bosh kotibi bilan ikki tomonlama muzokara o‘tkazadi.

Turkiya – Vetnam
Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an Vetnam Prezidenti To Lam bilan Nyu-Yorkda BMT Bosh Assambleyasi 81-sessiyasi doirasida uchrashdi. Muloqot chog‘i savdo va mudofaa sanoati sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirish masalasi ko‘tarildi. O‘zaro munosabatni strategik sheriklik darajasiga olib chiqish bo‘yicha ish davom etayotgani ta’kidlandi. Shuningdek, mintaqaviy va xalqaro masalalar yuzasidan fikr almashilib, To Lam Turkiyada bo‘lib o‘tadigan COP-31 sammitiga taklif qilindi.

Pokiston – Eron
Pokiston Ichki ishlar vaziri Muhsin Naqviy Eron Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon bilan uchrashdi. Suhbat davomida savdo, turizm, ilm-fan, energetika va investitsiya sohalarida hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi. O‘zaro munosabatni yanada rivojlantirish, qo‘shma sarmoyani ko‘paytirish muhimligi ta’kidlandi.

Fransiya – Ukraina
Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Ukraina rahbari Vladimir Zelenskiy bilan uchrashdi. Yetakchilar Rossiyaning Ukraina energetika infratuzilmasiga bergan zarbalari, mamlakatni qish mavsumiga tayyorlash va havo mudofaasi salohiyatini kuchaytirish masalalarini muhokama qilgan.
Ukrainaga radar va havo nishonini tutib qoluvchi raketa yetkazib berish, Kiyevni energetika sohasida qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirish mavzulari ham ko‘tarildi. Shuningdek, energetika sohasida sulh o‘rnatish va Qora dengizda moratoriy joriy etish istiqboli ham muhokama qilindi.
Fardona Yaxshiboyeva, O‘zA