Qonun ustuvorligi va xalq xizmatidagi davlat boshqaruvi taraqqiyot asosidir
Munosabat
Mamlakatimizda davlat boshqaruvini yanada ochiq, samarali va aholi ehtiyojlariga yaqinlashtirish, davlat organlari faoliyati ustidan institutsional nazorat mexanizmlarini kuchaytirish borasidagi islohotlar o‘z samarasini bermoqda. Bunga “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid Davlat dasturi muhim asos bo‘lmoqda. Birgina o‘tgan yili qonun ustuvorligini ta’minlash, xalq xizmatidagi davlat boshqaruvini tashkil etish, jamoat xavfsizligini mustahkamlash va davlat xizmatlari sifatini oshirish maqsadida qator chora-tadbirlar amalga oshirildi.
Bu – xalqning taklif va fikrlarini olish, manfaatlarini himoyalashga qaratilgan vazifalar doirasida namoyon bo‘lmoqda. Jumladan, bu yil O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi faoliyatini tartibga soluvchi qonunchilikka muhim o‘zgartirishlar kiritildi.
“Qonunlar loyihalarini O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritish va ko‘rib chiqish tartibi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun bilan qonun loyihalarini parlamentga taqdim etish tartibida o‘zgartirishlar bo‘ldi. Unga asosan har bir qonun loyihasi parlamentga kiritilishidan oldin huquqiy ekspertiza, korrupsiyaga qarshi ekspertiza va jamoatchilik muhokamasidan o‘tishi shart qilib belgilandi. Bu talablar qonunlarning sifati va xalq manfaatlariga mosligini ta’minlash uchun muhim qadamdir.
Bundan tashqari, qonunchilik tashabbusi bilan chiquvchi sub’ektlarga yangi huquq berildi. Ular o‘zi taklif qilgan qonun loyihasini, zaruratga ko‘ra, parlamentda ikkinchi o‘qishga qadar chaqirib olish imkoniyatiga ega bo‘lishdi. Bu orqali qonun ijodkorligidagi ehtimoliy xato va kamchiliklarni o‘z vaqtida to‘g‘rilash imkoniyati yaratildi. Natijada qabul qilinayotgan qonunlar yanada puxta va aholining real talablariga mos bo‘ladi.
Eng muhim jihatlardan biri – normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari ishlab chiqilishidan avval jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazish talab qilinadi. Bu fuqarolarning fikr-mulohazalari va takliflarini inobatga olish orqali qabul qilinayotgan qonunlar aholining ehtiyojlariga yanada moslashuvchan bo‘lishiga xizmat qiladi.
Mazkur huquqiy hujjat bilan Qonunchilik palatasining reglamenti ham takomillashtirildi. Qonun loyihalarida ko‘rsatilgan havolaki normalarning amalga oshirilish muddatlari va mas’ul ijrochilar aniq ko‘rsatiladi, bu esa qabul qilingan qonunlarning ijrosini ta’minlash samaradorligini oshiradi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Xizmatlar sohasi barqaror rivojlanishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Qarorga muvofiq, bir qator vazirlik va agentliklarning 11 ta davlat funksiyasi xususiy sektorga o‘tkazilishi, bu – sohalarda mavjud bo‘lgan byurokratik to‘siqlarni qisqartirishda muhim omil bo‘ladi. Natijada xizmat ko‘rsatish sifati va tezligi oshadi. Bu, o‘z navbatida, davlat resurslarini strategik va tartibga soluvchi vazifalarga yo‘naltirish imkonini beradi.
Mazkur tartib davlat va xususiy sektor o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirib, xizmatlar bozorida yangi tashabbuslar paydo bo‘lishi, ilg‘or tajriba va texnologiyalarning joriy etilishiga sharoit yaratadi. Shu bilan birga, davlat organlari o‘z e’tiborini to‘g‘ridan-to‘g‘ri xizmat ko‘rsatishdan ko‘ra, strategik rejalashtirish, nazorat va sifatni ta’minlash masalalariga qaratadi.
Shuningdek, Oliy Majlis Senati Kengashining “Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashi tomonidan Kengash so‘rovini, mahalliy Kengash deputati tomonidan deputat so‘rovini yuborish tartibini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Mazkur qaror mahalliy davlat boshqaruvi tizimida nazorat va hisobdorlik mexanizmlarini mustahkamlash yo‘lidagi muhim qadamlardan biridir. Avvalo, bu hujjat mahalliy Kengashlarning, ya’ni, xalq vakillarining amaldagi qonunlar va dasturlar ijrosini bevosita nazorat qilish imkoniyatini kengaytiradi.
Endilikda “E-kengash” portali orqali elektron tartibda yuborish tizimi joriy etilishi jarayonning tezkorligi, shaffofligi va izchilligini ta’minlaydi. Shuningdek, mansabdor shaxslarning 10 kun ichida yozma javob berish majburiyati ularning mas’uliyatini yanada oshirishga xizmat qiladi. Javoblarning Kengash sessiyalarida yoki doimiy komissiyalar majlislarida muhokama qilinishi esa ijtimoiy masalalarga ochiq yondashuvni, jamoatchilik ishtirokida baholashni yo‘lga qo‘yadi. Bu qarorning qabul qilinishi mahalliy boshqaruv tizimini raqamlashtirish, deputatlik nazoratini kuchaytirish va fuqarolarning davlat boshqaruvidagi ishonchini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Natijada, mahalliy darajadagi qarorlar ijrosi ustidan nazorat mexanizmi aniq, tizimli va samarali shaklga ega bo‘ladi.
Shu o‘rinda ta’kidlash lozimki, Toshkent va Nukus shaharlari, shuningdek, viloyatlar markazlaridagi bozorlar, istirohat bog‘lari va xiyobonlarda jamoat tartibini saqlash hamda xavfsizlikni ta’minlash tizimini yanada takomillashtirish maqsadida “Xavfsiz bozor”, “Xavfsiz sayilgoh” va “Xavfsiz istirohat bog‘i” kabi yangi modellar ishlab chiqilib, amaliyotga joriy etildi. Mazkur yondashuv jamoat joylarida profilaktika, nazorat va tezkor chora ko‘rish mexanizmlarini kuchaytirish, fuqarolar uchun xavfsiz va tartibli muhit yaratish, shuningdek, huquqbuzarliklarning oldini olish samaradorligini oshirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Yana bir muhim tashabbus sifatida O‘zbekiston Respublikasi Advokatlar Palatasi huzurida “Yosh advokatlar” jamoat kengashi to‘g‘risida”gi nizom qabul qilinib, uning tuzilishi va faoliyati aniq belgilab berildi. Nizomga ko‘ra, Kengash rais va 9 nafar a’zodan iborat bo‘lib, a’zolar Advokatlar palatasi raisining buyrug‘i bilan 3 yil muddatga tayinlanadi. Shuningdek, 40 yoshga to‘lmagan advokatlar kengash a’zosi bo‘lish imkoniyatiga ega. Bu yosh mutaxassislarning kasbiy rivojlanishi va faol ishtirokini rag‘batlantirishda muhim qadamdir.
“Yosh advokatlar” jamoat kengashiga yuklatilgan vazifalar advokatura sohasini rivojlantirishda ulkan imkoniyatlarni yaratadi. Ushbu vazifalar qatoriga o‘quv tadbirlarini tashkil etish, ustoz-shogird an’analarini yo‘lga qo‘yish, qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish, davlat organlari va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlik qilish, shuningdek, yosh advokatlarning ijtimoiy tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash kabilar kiradi. Bundan tashqari, Kengash advokatlik kasbini ommalashtirish, axborot va o‘quv loyihalarini amalga oshirish, xalqaro tajriba almashish dasturlarida ishtirok etish kabi vazifalarni ham o‘z zimmasiga oladi. Bu tadbirlar yosh advokatlarning kasbiy salohiyatini oshirish, ularning ijtimoiy faolligini kuchaytirish va qonun ustuvorligini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Xulosa qilib aytganda, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini amalga oshirish doirasida 2025-yilda ushbu yo‘nalishda amalga oshirilgan chora-tadbirlar davlat boshqaruvi va jamiyat hayotining muhim yo‘nalishlarini yanada tizimli, ochiq va samarali asosda tashkil etishga qaratilgan izchil islohotlarning mantiqiy davomi bo‘ldi. Mazkur jarayonlar qonun ustuvorligini ta’minlash, davlat organlari faoliyatida hisobdorlikni kuchaytirish, jamoat xavfsizligini mustahkamlash hamda davlat xizmatlarini aholi ehtiyojlariga yaqinlashtirish orqali boshqaruv sifati va institutsional samaradorlikni oshirishga xizmat qiladi.
Inobat HAKIMOVA,
“Taraqqiyot strategiyasi”
markazi bosh mutaxassisi.
O‘zA