“O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi” esdalik nishonini ta’sis etish to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni
Vatanimiz istiqlolining milliy davlatchiligimizdagi roli va Yangi Oʻzbekistonimizning bugungi va kelgusi taraqqiyotidagi ahamiyatini chuqur anglagan holda, Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining 35-yilligini mamlakatimizning ulkan salohiyati va jahon maydonidagi yuksak nufuziga munosib tarzda nishonlash uchun har tomonlama puxta tayyorgarlik koʻrilmoqda.
Mustaqillik – mard va olijanob xalqimizning qatʼiy irodasi, istiqlol yoʻlida kurash olib borgan fidoyi ajdodlarimizning jasorati va matonati bilan qoʻlga kiritilgan, Yangi Oʻzbekistonni barpo etishga qaratilgan ezgu ishlarimizning asosi, kelajak avlodlarimiz uchun bezavol yetkazishimiz shart boʻlgan buyuk va muqaddas qadriyatdir.
Aynan istiqlol tufayli yangilangan konstitutsiyamiz hamda “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi asosidagi taraqqiyot yoʻlimiz yurtimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, inson qadr-qimmatini ulugʻlash, jamiyatimizda tinchlik va barqarorlik, doʻstlik va hamjihatlik muhitini mustahkamlash, buyuk tariximiz hamda milliy urf-odat va anʼanalarimizni asrab-avaylash, mintaqamizda yaxshi qoʻshnichilik munosabatlarini qaror toptirish, mamlakatimizning xalqaro obroʻ-eʼtiborini yuksaltirishda mustahkam asos boʻlib xizmat qilmoqda.
Shuning uchun ham amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar natijasida yurtimiz qiyofasi tubdan oʻzgarib, odamlarning ertangi kunga boʻlgan ishonchi ortmoqda, ongu tafakkuri va dunyoqarashi yangilanmoqda.
Bu boradagi ishlarimizni izchil davom ettirish va yangi bosqichga koʻtarish, shuningdek, mamlakatimiz mustaqilligini mustahkamlash, uning iqtisodiy qudrati va salohiyati, jahon maydonidagi nufuzini oshirishga munosib hissa qoʻshayotgan, oʻzining koʻp yillik fidokorona mehnati, yuksak kasbiy mahorati va ijtimoiy hayotdagi faol ishtiroki bilan el-yurt hurmatiga sazovor boʻlgan vatandoshlarimizni munosib taqdirlash maqsadida:
1. “Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining 35-yilligi” esdalik nishoni taʼsis etilsin.
2. “Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining 35-yilligi” esdalik nishonining Nizomi va tavsifi 1- va 2-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda “Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining 35-yilligi” esdalik nishonlari hamda ularning guvohnomalari belgilangan tartibda tayyorlanishini taʼminlasin.
4. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari S.Sh. Mirziyoyeva zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
Sh.Mirziyoyev
Toshkent shahri,
yil 25-iyun
* * *
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
2026-yil 25-iyundagi
PF–118-son farmoniga
1-ilova
“Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining 35-yilligi” esdalik nishoni toʻgʻrisidagi
NIZOM
1. “Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining 35-yilligi” esdalik nishoni bilan mamlakatimiz mustaqilligini mustahkamlash, uning siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy, ilmiy, maʼnaviy salohiyatini va mudofaa qudratini yuksaltirish, davlatimiz sarhadlari daxlsizligi va xalqimiz osoyishtaligini taʼminlash, demokratik islohotlarni roʻyobga chiqarishga munosib hissa qoʻshgan, Yangi Oʻzbekistonning xalqaro miqyosdagi
obroʻ-eʼtibori va nufuzini oshirish, xorijiy hamkorlar bilan oʻzaro manfaatli aloqalarni yangi bosqichga koʻtarish, jamiyatimizda hukm surayotgan millatlararo doʻstlik va totuvlikni, tinchlik va barqarorlikni asrash, inson qadrini ulugʻlash borasidagi ishlarda sidqidildan xizmat qilayotgan, koʻp yillik samarali mehnati bilan xalqimiz farovonligini yuksaltirish, milliy madaniyatimiz va sanʼatimizni rivojlantirish, sogʻlom va barkamol avlodni voyaga yetkazish, yoshlarimizni vatanparvarlik
va istiqlol gʻoyalariga sadoqat ruhida tarbiyalash yoʻlida tashabbus va ibrat koʻrsatib kelayotgan yurtdoshlarimiz, barcha sohalar vakillari, mehnat faxriylari, harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari hamda boshqa shaxslar taqdirlanadi.
2. “Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining 35-yilligi” esdalik nishoni bilan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlmagan shaxslar ham taqdirlanishi mumkin.
3. “Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining 35-yilligi” esdalik nishoni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti yoki uning nomidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri, Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari, vazirlik, idora va jamoat birlashmalarining respublika organlari rahbarlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari, shuningdek, bunga vakil qilingan boshqa shaxslar tomonidan tantanali vaziyatda topshiriladi.
Mukofotlanganlarga esdalik nishoni bilan birga uning guvohnomasi beriladi.
4. “Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining 35-yilligi” esdalik nishoni koʻkrakning chap tomoniga davlat mukofotlaridan keyin taqiladi.
* * *
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
2026-yil 25-iyundagi
PF–118-son farmoniga
2-ilova
“Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining 35-yilligi” esdalik nishoni
tavsifi
“Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining 35-yilligi” esdalik nishoni 0,25 mikron qalinlikda oltin bilan qoplangan mis qotishmasidan tayyorlanadi va diametri 34 millimetrli doira shaklida boʻladi.
Esdalik nishonining umumiy balandligi 58 millimetrni tashkil etadi.
Esdalik nishonining markazida, diametri 24,5 millimetrli doira ichida “Yangi Oʻzbekiston” bogʻida joylashgan “Istiqlol” majmuasi tasvirlangan boʻlib, uning fonida Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi va Samarqanddagi yangilangan Imom Buxoriy majmuasi aks ettirilgan.
Esdalik nishonining yuqori qismida balandligi 2,5 millimetr boʻlgan “OʻZBEKISTON MUSTAQILLIGINING”, oʻrtasida balandligi 9,5 millimetr boʻlgan “35” raqami va quyi qismida balandligi 2,5 millimetr boʻlgan “YILLIGI” yozuvi, uning ikki tomonida esa dafna yaproqlari aks ettirilgan. Yozuvlar va yaproqlar zarhallangan.
Nishonning orqa tomoni markazida Oʻzbekiston Respublikasining Davlat gerbi tasvirlangan. Uning pastki qismida mustaqillikning oʻttiz besh yilligini ifodalovchi “1991-2026” raqamlari yozilgan. Gerbning diametri 24 millimetr, raqamlarning balandligi 2,6 millimetr.
Esdalik nishoni ilgakchalar va halqacha yordamida toʻrtburchak shaklidagi qadagʻichga ulangan.
Qadagʻichning eni – 24 millimetr, balandligi – 16 millimetr boʻlib, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻi ranglaridagi shoyi lenta bilan qoplangan.
Tasvirlar va yozuvlar qabariqdir.
Qadagʻichning orqa tomoniga esdalik nishonini kiyimga taqib qoʻyish uchun toʻgʻnogʻich koʻrinishidagi moslama oʻrnatilgan.
“Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining 35-yilligi”
esdalik nishoni
