Fitosanitariya tartib-taomillari soddalashtiriladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Fitosanitariya tartib-taomillarini soddalashtirish hamda meva-sabzavot va oziq-ovqat mahsulotlarini eksport qilish jarayonlarini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Fitosanitariya tartib-taomillarini soddalashtirish hamda meva-sabzavot va oziq-ovqat mahsulotlarini eksport qilish jarayonlarini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Unga muvofiq, O‘simliklar karantini va himoyasi sohasida raqamlashtirish va avtomatlashtirilgan xavflarni boshqarish tizimini takomillashtirish orqali davlat xizmatlari samaradorligini oshirish hamda tadbirkorlik sub’ektlari uchun yanada qulay sharoitlar yaratish maqsad qilingan. Bu yo‘lda quyidagilar asosiy maqsadli ko‘rsatkichlar etib belgilandi:
a) avtomatlashtirilgan xavfni boshqarish tizimini joriy qilish hisobiga bir yilda o‘rtacha:
karantin ostidagi mahsulotlarning butligi (identifikatsiya) tekshiruvlari sonini 30 foizgacha qisqartirish;
olib kirilayotgan fitosanitar xavf darajasi o‘rta tovarlar nazoratiga vaqt sarfini o‘rtacha 3 ish kunidan 1 ish kuniga qisqartirish va xavf darajasi past bo‘lgan tovarlar bo‘yicha xavf profillari asosida avtomatik ravishda karantin ko‘rigi dalolatnomasini rasmiylashtirish;
tadbirkorlik sub’ektlarining yuklarini ko‘rik uchun yo‘naltiriladigan omborlarda saqlash xarajatlarini 60 milliard so‘mgacha qisqartirish;
b) fitosanitariya xavf darajasi qayta baholangan 119 ta TIF TH kod ostidagi tovarlarni karantin ostidagi mahsulotlar ro‘yxatidan chiqarish;
v) meva-sabzavot mahsulotlarini hududlararo tashishda sun’iy to‘siqlarga chek qo‘yish;
g) meva-sabzavot mahsulotlari eksportida jozibadorlikni oshirish, mahsulotlarning xom uzilishi va saralanmasligining oldini olish, sifatli qadoqlashga o‘tish va oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi talablariga moslashtirish maqsadida karantin inspektorining ichki fitosanitariya sertifikatini rasmiylashtirishdagi ayrim funksiyalarini bajarishga ko‘maklashuvchi jamoatchi inspektor faoliyatini yo‘lga qo‘yish.
Fitosanitariya tartib-taomillarini soddalashtirish maqsadida Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qo‘mitasi tomonidan 2026-yil 1-avgustdan boshlab karantin ostidagi mahsulotlar fitosanitariya nazoratini amalga oshirishda xavflarni boshqarishga asoslangan tanlab olishning avtomatlashtirilgan mexanizmi joriy qilinadi. Bunda:
alohida yondashuv asosida har bir davlat va tovarning karantin va fitosanitar holati tahlil qilinib, xavflarni boshqarish tizimida karantin ostidagi mahsulotlar doimiy yangilab turiladigan xavflar profili orqali fitosanitar nazorat uchun tanlab olinadi;
xavflarni boshqarish tizimi Qo‘mitaning "E-Fitouz" AATda shakllantiriladi hamda Bojxona qo‘mitasining "Yagona darcha" BAT bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri integratsiya qilinadi va amaliyotga joriy qilish boshlanadi;
b) xavflarni boshqarish tizimini ishlab chiqish va uni doimiy texnik qo‘llab-quvvatlash bilan bog‘liq xarajatlar Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi sohasini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
d) karantin ostidagi mahsulotlarni fitosanitariya nazoratining xavf profillari va mezonlariga asoslangan xavflarni boshqarish tartibi Qo‘mita raisi tomonidan tasdiqlanadi.
O‘zA