Qishloqdagi obodlikdan ko‘ngil charog‘on
Toshkentdan Navoiy viloyatining Xatirchi tumani sari borar ekanmiz, avtoulov oynasidan ulkan bunyodkorlik, obodonchilik ishlariyu go‘zal manzaralarga ko‘zim tushib, qalbim faxr-iftixorga to‘ladi, o‘zimni yengil his qilaman.
Shunday kayfiyat bilan qishlog‘imiz Islomobodga — o‘zim tug‘ilib o‘sgan xonadonga kirib borganimizda shom tushib qolgandi. Uydagilar bilan salom-alikdan so‘ng dasturxon yozilib, kechki ovqat tortildi. Ertasi kuni saharda shirchoy va dong‘i ketgan Xatirchi patiri bilan nonushta qildik.
Ancha yildan buyon qishlog‘imga buncha muddatga bormagan edim. Odatga ko‘ra, avval ta’ziyali xonadonlarga kirdik, qarindoshlarni yo‘qlab, to‘y-ma’rakalarda ishtirok etdik. Bu jarayonlar qadrdon qishloqdoshlarim bilan dildan muloqot qilish, ularning kayfiyati va ruhiyatini yaqindan bilish imkoniyatidir.
...Qishlog‘imizning eng yoshi ulug‘i Ziyod boboni esimni taniganimdan buyon bilaman. Yoshi 90 dan oshgan bo‘lsa-da, bardam va baquvvat. Otaxonni suhbatga tortaman.
— Ochig‘i, shuncha yil yashab, bunday dorilamon kunlarni ko‘rmagan edik, — deydi Ziyod bobo Xolmo‘minov. — Zamon shu qadar tez rivojlanib, aholiga katta qulayliklar yaratadigan bunday o‘zgarishlar bo‘lishini tasavvur ham qilmaganmiz. Balandparvoz gap emas, chindan ham Islomobodimiz obod bo‘ldi. Yaratilgan imkoniyatlarni, ulardan bahramand bo‘layotgan farzandlarim, nevara-chevaralarimning baxtu kamolini ko‘rib quvonaman. Bu menga yanada tetiklik bag‘ishlaydi, yoshargandek bo‘laman. Albatta, bu ne’matlar, yurtimizda hukm surayotgan tinchlik va farovonlik o‘z-o‘zidan bo‘layotgani yo‘q. Hozirgi tahlikali zamonda osoyishtalikni ta’minlash, qariyb 40 millionga yaqinlashayotgan yurtdoshimizni rozi qilish oson emas. Shu ma’noda, islohotlar o‘z samarasini berayotganidan, o‘zgarish va yangilanishlar chekka hududlarda, jumladan, qishlog‘imizda ham bo‘y ko‘rsatayotganidan suyunaman.
Ancha vaqt davom etgan muloqotda Ziyod bobo qishlog‘imizning paydo bo‘lish tarixidan tortib, bugungi kungacha bo‘lgan rivojlanish bosqichlari haqida so‘zlab berdi. U avvallari bu yerda hamma bir-birini yaxshi taniganini, yiliga bir marta sumalak tayyorlanganini, Navro‘z kabi turli bayram tadbirlarida butun qishloq ahli jam bo‘lib ishtirok etganini esga oldi. O‘zim dunyoga kelib voyaga yetgan manzil-makonning o‘tmishiga doir bu kabi tarixiy jarayonlardan yanada ko‘proq xabardor bo‘lish men uchun juda qiziq.
Islomobodning bundan o‘n yil oldingi holatiyu o‘sha davrda bu yerdagi odamlarning yashash tarzi qanday bo‘lganini yaxshi bilaman. U paytlardagi holati bilan hozirgi ko‘rinishi o‘rtasidagi farq yer bilan osmoncha. Odamlarning turmushi va dunyoqarashi ham avvalgidan tubdan farq qiladi. 2015-yillarda qishloqda qariyb 500 oila istiqomat qilgan bo‘lsa, bugunga kelib 600 dan oshgan.
Ilgari qishloqda bolalar ta’lim-tarbiyasi, yosh oilalarni uy-joy bilan ta’minlash, ichki yo‘llar ta’miri, aholi bandligi, ichimlik suv, tabiiy gaz hamda elektr energiyasi ta’minoti bo‘yicha yechimi katta mablag‘ va mashaqqatli mehnat talab qiladigan qator jiddiy muammolar yuzaga kelgan edi.
Mamlakatimizdagi keng ko‘lamli islohotlar yillar davomida yig‘ilib qolgan kamchiliklarni birin-ketin bartaraf etish imkonini berdi.
— Yaqin yillargacha Islomobodda birorta ham bolalar bog‘chasi yo‘q edi, hozir esa yettitasi ishlab turibdi, — deydi qishloqdoshimiz Ijobat Normamatova. — O‘z farzandlarimdan qiyoslayman: bog‘chaga borgan, kichik bo‘lsa-da, jamoani ko‘rgan kichkintoylar baribir boshqacha bo‘larkan — ularning aqliy rivojlanishi har tomonlama yaxshi kechadi. Qolaversa, bu biz kabi uy bekalarining ishlashi uchun ham sharoit yaratadi. Shukrki, bugun shunday imkoniyatga egamiz. Bundan foydalanib, uyimizga yaqin tibbiyot muassasasida ishlayotganimdan, shu orqali jamiyatimiz ravnaqiga va oilamiz farovonligiga hissa qo‘shayotganimdan mamnunman.
Ijobat kabi qishloqdosh opa-singillar, aka-ukalar, otaxonu onaxonlar bilan muloqotda bo‘lar ekanman, ularning bugungi kunidan va o‘z hayotidan rozi ekanini chindan ham his qildim.
– Men tengilarning qariyb barchasi 5-8 nafardan farzand ko‘rgan (u paytlari shunday edi) va ularning hammasi ketma-ket voyaga yetdi. Shular qatorida mening ham to‘rt o‘g‘il va ikki qizim ulg‘aydi. To‘g‘risi, bundan o‘n yillar oldin katta hayotga qadam qo‘ygan ko‘p sonli yoshlarimizni kasb-hunarga yo‘naltirish yoki oliy o‘quv yurtida o‘qitish, ish bilan ta’minlash hamda uy-joyli qilish masalalari ko‘pchilik singari meni ham jiddiy o‘yga toldirardi. Bu holat, ya’ni soha va tarmoqlarda paydo bo‘lgan qator kamchiliklar katta muammolarni yuzaga keltirgandi.
Shunday pallada Prezidentimiz rahbarligida yurtimizda katta islohotlarga kirishildi. Natijada biz kabi qishloq odamlarining hayotga, ertangi kunga ishonchi oshib bordi. Yigit-qizlarimiz uchun keng imkoniyat va imtiyozlar yaratildi. Bugun yoshlar hunarli, ish bilan band, oila qurib, o‘z kichik vataniga ega bo‘ldi. Ular hayotda o‘z o‘rnini topib bormoqda deyishga yetarlicha asoslarimiz bor. Qishlog‘imizda qurilgan yuzga yaqin namunaviy uyga yosh oilalar ko‘chib kirdi.
Navqiron avlodning xalqaro maydonda erishayotgan yutuqlarini o‘zingiz ham ko‘rib turibsiz. Odamni suyuntiradigan bu kabi ishlar zamirida kelajakni oldindan ko‘ra biluvchi, elu yurt tinchligi uchun jonini berishga-da tayyor bo‘lganlarning ulkan sa’y-harakatlari yotibdi.
Qishlog‘imizdagi yangidan barpo etilgan 27-maktab bugun o‘z bag‘riga 500 ga yaqin o‘quvchini olgan. Barcha zarur shart-sharoitlar yaratilgan ushbu ta’lim dargohida qariyb 10 ming kitob fondiga ega kutubxona mavjud bo‘lib, mazkur ziyo maskani imkoniyatlaridan qishloq ahli ham keng foydalanmoqda, – deydi yoshi yetmishdan oshgan qishloq oqsoqoli Pardaboy O‘ralov.
Muassasada ta’lim sifati va samaradorligiga e’tibor kuchaytirilgan, oliy va yuqori toifali o‘qituvchilar safi kengaymoqda. Bu ishlar o‘z samarasini berib, maktabni 2022-2025-yillarda bitirgan 50 ga yaqin yigit-qiz mamlakatimiz va chet el oliy o‘quv yurtlari talabalari safiga qo‘shildi. Maktabda bo‘lib, o‘quvchilarning xorijiy tillarni o‘rganishi, axborot texnologiyalari va sun’iy intellekt bo‘yicha bilim hamda malakalarini oshirishi, shuningdek, turli sport turlari bilan shug‘ullanishi uchun keng sharoitlar yaratilganiga bevosita guvoh bo‘ldim.
Mahalla raisi Salohiddin Ortiqovning ta’kidlashicha, uch yil avval qishloq toza ichimlik suv bilan to‘liq ta’minlangan edi. Bugun esa qariyb 12 ming metr uzunlikda quvur tortilishi natijasida har bir xonadonga talab darajasidagi obihayot kirib bordi.
Elektr energiyasi va tabiiy gaz ta’minoti bo‘yicha ham shunday iliq fikrlarni aytish mumkin. Kichik gaz taqsimlash punktlari optimallashtirilib, zamonaviy tizimga o‘tkazilgani resurs yo‘qotishlarining oldini olmoqda va aholiga qishda ham me’yorida gaz yetkazib berish imkonini yaratmoqda. Bu yerdagi maktab va bir qancha xonadonlarda quyosh batareyalaridan foydalanilayotgani, yaroqlilik muddati o‘tgan simyog‘och va transformatorlar yangilanayotgani ushbu yo‘nalishdagi muammolarga samarali yechim bo‘lmoqda.
Bugungi kunda internetsiz hayotni tasavvur qilib bo‘lmaydi. Zamon bilan hamnafas Islomobod qishlog‘ida ham tezkor va sifatli internet kirib bormagan xonadon deyarli yo‘q hisobi.
U yoki bu sabab bilan qishloq bo‘ylab men kirmagan ko‘cha qolmadi desam ham bo‘ladi. Rosti, keyingi 10 yil ichida bu yerda ro‘y bergan o‘zgarish va yangilanishlarni ko‘rib yurak yashnaydi. Bolaligimizda qishda yurib bo‘lmaydigan loy va ko‘lmakka, yozda esa chang-tuproqqa aylanadigan ichki yo‘llarning qariyb 90 foizi asfaltlanganidan xursand bo‘lmaslikning iloji yo‘q. Ilgarilari kechasi yurishga odam seskanadigan bu manzillarga chiroqlar o‘rnatilgani nafaqat hududni charog‘on qilmoqda, balki ko‘ngillarni ham ravshanlashtirmoqda.
Tegishli dastur asosida qishloq chetidan o‘tgan zovur betonlashtirilib, unga tutash joylarning gulzorga aylantirilgani tahsinga loyiq. Umuman olganda, tozalik va ozodalikka, go‘zallikka intilish kuchaygani, odamlarda o‘z xonadoni atrofi va ko‘cha bo‘ylariga mevali hamda manzarali daraxtlar, turfa gullar ekishga, bir so‘z bilan aytganda, yashil hududlarni kengaytirishga bo‘lgan ishtiyoq oshib borayotgani e’tiborga molik.
Bir paytlar faqat qishlog‘imiz qoq o‘rtasidan o‘tib, Navoiy shahriga eltuvchi asosiy yo‘lgina asfaltlangan edi. Ammo uning torligi va piyodalar uchun maxsus yo‘laklar yo‘qligi sababli ko‘plab noqulayliklarga duch kelardik. Keyingi yillarda mazkur yo‘l kengaytirilib, uning ikki chetiga maxsus belgi va chiroqlar o‘rnatildi, shuningdek, yo‘l harakati tartibga solindi.
Qishloqdan tuman markazi va Navoiy shahriga eltuvchi mazkur asosiy yo‘l, shuningdek, ichki ko‘chalarning talab darajasiga keltirilgani bu yerda tadbirkorlikning barcha turlari keng rivojlanishiga kuchli turtki berdi. O‘n yilcha oldin Islomobodda birorta ham maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchasi, sartaroshxona yoki novvoyxona bo‘lmagan. Esimda, uy-ro‘zg‘or uchun zarur mahsulotlarni xarid qilish maqsadida ko‘pchilik qatori tuman markaziga borib kelar edik. Hozir esa o‘ndan ortiq savdo do‘koni, bir nechta avtoservis va avtomobil yuvish shoxobchalari, taksi xizmati, eshik-rom va turli mahsulotlar ishlab chiqarish ustaxonalari, ikkita sartaroshxona, novvoyxona hamda bitta umumiy ovqatlanish maskani ishlamoqda. Buning natijasida ko‘plab mahalliy aholi vakillari doimiy ish o‘rni va barqaror daromadga ega bo‘ldi.
— 2016-yillarda qishlog‘imizda bor-yo‘g‘i 2 ta xonadonda issiqxona bo‘lardi, — deydi hamqishlog‘im Shamshi Beknazarov. — Hozir esa shu ish bilan shug‘ullanayotgan tadbirkorlarimiz soni 83 taga yetgan. Bu esa shuncha oila ish bilan ta’minlanganini va yaxshi daromad topayotganini anglatadi. Ishbilarmonlarimiz soni ko‘payib, aholi farovonligi oshib borayotgani, odamlarimizning boqimandalik kayfiyatidan chiqib, davlatimiz tomonidan yaratib berilgan imkoniyat va imtiyozlardan samarali foydalanishga harakat qilayotgani e’tiborga molik.
Butun mamlakatimizda bo‘lgani kabi bu yerda ham aholi salomatligini saqlash va tibbiy xizmat sifatini oshirishga jiddiy e’tibor qaratilyapti. Qishloq vrachlik punkti binosi rekonstruksiya qilinib, moddiy-texnik bazasi mustahkamlangani, bundan tashqari, aholining talab va takliflariga binoan ilgarigi 100 o‘rinli masjidning 350 o‘ringa kengaytirilgani islomobodliklar uchun katta qulaylik.
Ha, bugun Islomobodda aholining barcha ehtiyojlari uchun yaratilgan shart-sharoitlar va qulayliklarni ko‘rib, bu yerni qishloq degingiz kelmaydi. Uning shahardan hech qolishadigan joyi yo‘q. Ta’kidlash joizki, bunday keng ko‘lamli ishlar nafaqat Xatirchi tumani yoki Navoiy viloyatidagi mahallalarda, balki inson qadri ulug‘lanayotgan butun mamlakatimizda, jonajon O‘zbekistonimizning barcha qishloqlarida keng quloch yozmoqda.
Xolmurod Salimov, jurnalist