O‘zbekiston yosh metrologlari xalqaro tanlovda sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritdi
Rossiya Federatsiyasining Sankt-Peterburg shahrida “Kelajak bizniki” shiori ostida IV Xalqaro ilmiy-amaliy yosh olimlar va mutaxassislar anjumani bo‘lib o‘tdi.
Ushbu nufuzli anjuman doirasida “MDHning eng yaxshi yosh metrologi” nomli I Xalqaro tanlov tashkil etildi. Tanlovda MDHga a’zo davlatlardan 40 nafar yosh metrolog ishtirok etdi.
Tadbir davomida ishtirokchilar metrologiyaning ilmiy, amaliy hamda raqamlashtirish yo‘nalishlari bo‘yicha berilgan amaliy topshiriqlarni bajarib, o‘z bilim va ko‘nikmalarini namoyon etdi. Shuningdek, ular o‘z ilmiy-amaliy loyihalarini taqdim etish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Quvonarlisi, tanlov yakuniga ko‘ra, O‘zbekiston nomidan ishtirok etgan O‘zMMI xodimlari yuqori natijalarni qayd etib, sovrinli o‘rinlarni egalladi. Jumladan, ilmiy metrologiya yo‘nalishida — Taubaldiyev Azamat birinchi, Metrologiyani raqamlashtirish yo‘nalishida — Muhammad Aminov Ahmadbek ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Bu natijalar yosh metrologlarning yuqori ilmiy salohiyati, zamonaviy kasbiy tayyorgarligi hamda mamlakatimizda metrologiya sohasida yosh mutaxassislarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha olib borilayotgan tizimli islohotlarning amaliy samarasidir.

Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, mazkur xalqaro tanlov va anjuman yosh metrologlarning ilmiy salohiyatini namoyon etish, tajriba almashish, metrologiya sohasidagi innovatsion g‘oyalarni qo‘llab-quvvatlash hamda MDH davlatlari o‘rtasidagi professional hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA