Orolbo‘yi va iqlim barqarorligi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ekologik masalalar bo‘yicha maslahatchisi, Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov xalqaro tashkilotlar va moliyaviy institutlar rahbarlari bilan qator uchrashuvlar o‘tkazdi.
Muloqotlarda barqaror rivojlanish, iqlim barqarorligini ta’minlash, cho‘llanishga qarshi kurashish hamda ekologik loyihalarga investitsiyalarni jalb etish masalalari muhokama qilindi.
Jumladan, BRIKSning Yangi taraqqiyot banki Prezidenti Dilma Russeff bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda “yashil” iqtisodiyot, barqaror infratuzilma va iqlim o‘zgarishiga moslashuv loyihalarini moliyalashtirish bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Uchrashuvda O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida “yashil” iqtisodiyotni shakllantirish, iqlim barqarorligini mustahkamlash va Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi.
Tomonlar qayta tiklanuvchi energetika, suv resurslarini barqaror boshqarish, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishiga moslashish sohalarida amaliy hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlarini muhokama qildi.
Shuningdek, mamlakatning 2030-yilgacha mo‘ljallangan ekologik tashabbuslari, jumladan, bir milliard tup daraxt va buta ko‘chatlarini ekish, qo‘riqlanadigan tabiiy hududlar maydonini kengaytirish, chiqindilarni qayta ishlash darajasini oshirish va ekologik ta’limni rivojlantirish bo‘yicha rejalar taqdim etildi.
Aziz Abduhakimov, shuningdek, Turkiy davlatlar tashkiloti vakillari bilan ham uchrashuv o‘tkazdi. Muzokaralarda iqlim o‘zgarishiga moslashish, qurg‘oqchilikning oldini olish, yer degradatsiyasi hamda qum-chang bo‘ronlariga qarshi kurashish bo‘yicha hamkorlik masalalari ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv davomida qum-chang bo‘ronlari bo‘yicha milliy va mintaqaviy erta ogohlantirish tizimlarini takomillashtirish, iqlim ma’lumotlari va gidrometeorologik axborotlarni integratsiya qilish hamda Milliy iqlim va gidrometeorologiya markazini tashkil etish rejalari haqida ma’lumot berildi.
Tomonlar cho‘llanish xavfi yuqori bo‘lgan hududlarda, avvalo, Orolbo‘yida pilot loyihalarni amalga oshirish, tajriba almashish dasturlarini yo‘lga qo‘yish, mutaxassislar tayyorlash va institutsional salohiyatni mustahkamlash bo‘yicha hamkorlikni davom ettirishga qiziqish bildirdi. Shuningdek, xalqaro hamkorlarni ekologik innovatsiyalar va barqaror rivojlanishga qaratilgan tashabbuslarda faol ishtirok etishga chaqirildi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA