Muqaddas va yengilmas kuch tantanasi
Urush maydonlarida ayollarimiz jasorati haqida....
O‘zbekistondan 4 ming 555 nafar xotin-qiz Ikkinchi jahon urushi yillarida frontda erkaklar bilan bir safda turib, o‘z matonat va jasoratining misli ko‘rilmagan namunalarini namoyish etdi. Manbalarda qayd etilishicha, 1941-yil iyulining dastlabki to‘rt kunida frontga yuborishni so‘rab yozilgan arizalar soni 1875 ta bo‘lgan bo‘lsa, 9-avgustga kelib ularning soni 14 mingtaga yetgan. Shundan qariyb 6 mingi xotin-qizlar edi.
Urushning dastlabki kunlarida Toshkent, Samarqand, Farg‘ona va boshqa viloyatlar frontga minglab ko‘ngillilarni berdi. Toshkent viloyati bo‘yicha ko‘ngillilarning 932 tasidan urushga borish to‘g‘risidagi ariza kelib tushdi, ulardan 356 tasi xotin-qizlar edi. Bu arizalar kundan-kunga ko‘payib bordi.
Urush sharoiti sanitariya hamshiralarini ancha ko‘paytirishni, barcha aholini sanitariya mudofaasiga tayyorlashni talab qilardi. Respublikaning barcha viloyat, shahar, tumanlarida sandrujinalar tashkil qilindi.
Urush boshlangandan keyin bir oy o‘tgach hamshiralar tayyorlash kurslarini ochish, shifokorlarni qayta tayyorlash va kichik tibbiyot xodimlarini tayyorlash to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash xalq komissarligi Markaziy qo‘mitasining qaroriga muvofiq, 1941-yil 20-sentabrgacha 1489 nafar va yil oxirigacha 3670 nafar shifokor va 500 nafar hamshirani qayta tayyorlash mo‘ljallandi.
1941-yil sentabr oyiga kelib, Toshkent shahri va Toshkent viloyatida 168 nafar tibbiyot xodimi qayta tayyorgarlikdan o‘tgan edi. Shu bilan birga, viloyat bo‘yicha Havo hujumi va kimyoviy hujumdan himoya to‘garaklarida 230 nafar zaxiradagi hamshiralar tayyorlandi, yana 4048 nafar kishi o‘qishni davom ettirdi.
Viloyat markazlarida qisqa muddatli tibbiyot hamshiralari tayyorlash kurslari ochildi. O‘qish muddati 2 oydan 6 oygacha bo‘lgan bu kurslarda xotin-qizlar ishlab chiqarishdan ajralmagan holda o‘qidi. 1941—1945-yillar mobaynida respublikadan jami 8 ming 54 nafar tibbiyot hamshirasi, 22 ming 658 nafar sandrujinachi va 1382 nafar sanitar xodim tayyorlandi. Tayyorlangan hamshiralarning aksariyati frontga jo‘natildi.
1942-yil bahorda Samarqand va Toshkent tibbiyot institutlarini bitirib, frontga otlangan 20 nafar yosh vrachlar orasida Nuri Shokirova, Po‘latoy Qodirova, Sobira Majidova singari o‘zbek qizlari, professor M.Ashrapova, tibbiyot fanlari nomzodi Z.Hasanova, F.Ramazonovalar bor edi. Shifokor o‘zbek ayollari butun front bo‘ylab yarador jangchi va zobitlarga tibbiy yordam berishda qaxramonlik ko‘rsatdi, hattoki o‘z jonlarini ham ayamadilar. Shuningdek, xorazmlik X.Yakubova Toshkent tibbiyot institutini bitirgach, darhol frontga jo‘nab, u yerda 3 yil xizmat qiladi. Front janggohlarida ikki marotaba yarador bo‘lib, qulog‘i eshitmay qoladi. Shunday bo‘lsa-da, u frontni tashlab ketmaydi. Janubi-g‘arbiy, Stalingrad, 2-Boltiq bo‘yi frontlarida xirurgiya vzvodi motobrigadasining xirurg vrachi, keyin polk vrachi lavozimlarida mardonavor xizmat qiladi. X.Yakubova tibbiyot xizmati kapitani darajasiga sazovor bo‘lgan. U urush yillarida yarador askarlarni davolashda ko‘rsatgan jonbozligi uchun orden bilan taqdirlangan.
Yana bir harbiy shifokor, kamtar o‘zbek qizi Anvara Muharramova Ukraina frontida meditsina-sanitariya batalonining mohir jarrohi sifatida faoliyat yuritib, o‘zining samarali mehnati bilan fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaga munosib hissa qo‘shdi.
O‘limlarni dog‘da qoldirib, g‘alaba bilan qaytgan minglab jangchilar jarohatiga malham bo‘lgan Muqaddam Ashrapovaнинг nomi o‘zbek shifokorlarining tom ma’nodagi ramziga aylandi. 155-o‘qchi diviziyasi 786 polk shifokori - o‘zbek xalqining faxri Muqaddam Ashrapova IV Ukraina fronti jang maydonida tibbiy yordam ko‘rsatib, dushman o‘qi ostida ko‘pincha yaradorlarni hamshiralar bilan birgalikda olib chiqib, jasorat ko‘rsatganida atigi 24 yoshda edi.
U Oryol, Belgorod, Kurskni ozod qilish janglarida ishtirok etgan yuzlab jangchilarning hayotini saqlab qoldi. Pragagacha bo‘lgan jangovar yo‘lni bosib o‘tdi. Keyinchalik Kursk yonidagi gospitalda harbiy jarroh bo‘lib, kuniga 200 dan ortiq murakkab operatsiyalar o‘tkazib, ko‘plab yaradorlarni o‘limdan saqlab qoldi.
Urushdan keyin tibbiyot fanlari doktori, professor Muqaddam Ashrapova ko‘p yillar davomida Toshkent tibbiyot institutining ikkinchi jarrohlik klinikasiga rahbarlik qilib keldi. U yoshlarga jarrohlikdan saboq berish bilan birga o‘zi ham mudom jarrohlik stolidan nari ketmadi. Bu o‘zbek ayolining «Sog‘lom avlod uchun» medaliga taqdim etilgani, uning mehnatiga berilgan munosib baho bo‘ldi.
Qashqadaryolik Jamila Husainova bir necha oy Buxoroda harbiy tayyorgarlikdan o‘tganidan so‘ng, o‘zbek milliy brigadasi 165- tibbiy yordam rotasida mehnat qila boshladi. Jamila Husainova birinchi bor shimoliy Don daryosi bo‘yida jangga kirgan, so‘ngra janubi-g‘arbiy front chiziqlarida, Ukrainani ozod qilish uchun bo‘lgan janglarda ishtirok etgan va ko‘rsatgan jasoratlari uchun bir necha bor jangovar medallar sohibasi bo‘lgan.
Shuningdek, Sloveniya, Bosniya-Gersogovina, Serbiya, Makedoniya hududlarida fashistlarning saralangan diviziyalariga qarshi ayovsiz janglarda samarqandlik Galina Gritsenko jasorat bilan kurashib, o‘z nomini abadiy sharafga burkadi. Urush yillarida frontda ko‘rsatgan jasoratlari uchun 170 ming nafar o‘zbekistonlik jangchilar turli jangovar orden va medallar bilan taqdirlandi. Bu mukofotlar orasida Polsha, Vengriya, Fransiya, Italiya va boshqa mamlakatlarning ham orden va medallari bor edi. Ular orasida 300 ming jangovar orden va medallar sohibi bo‘lgan ayollar ham bor edi.
Urushning dastlabki yillarida 1-o‘zbek delegatsiyasi tushgan va sovg‘a-salomlar ortilgan poyezdni boshqarib borgan mashinist Bashorat Mirboboyeva, frontda dushmanga qarshi janglarda mardlarcha fidoyilik ko‘rsatib, munosib taqdirlangan jangchilardan Roza Ibrohimova, Zeboxon G‘aniyeva, Rahima Alimova, Azizaxon Qalandarova, Sharofat Eshonxo‘jayeva, Xosiyat Usmonova, Sora Shukurova, Sobira Majidova, Salomat Sanginova, birinchi traktorchi ayol Qumrixon Ёқuббоеvaнинг qizi Muhabbatxon Ismoilova kabilar o‘lim bilan yuzma-yuz turib, chinakam qahramonlar safidan joy oldi. Muhabbatxon Ismoilova Stalingrad frontida 44-armiya safida xizmat qilgan. 110-yo‘l-ekspluatatsiya polkida boshqaruvchi vazifasini ado etgan. U o‘ziga topshirilgan mas’uliyatli ishni doimo tez va aniq bajargan. Namanganlik Muhabbatxon Ismoilova Berlingacha bo‘lgan janglarda ishtirok etib, munosib taqdirlanib, ona yurtiga sog‘-salomat qaytib kelgan.
1943-yil 20-noyabrda buxorolik o‘zbek qizi — polk sanitariya inspektori, meditsina xizmati starshinasi Rahima Alimovaнинг jangovar faoliyati haqida polk komandiri podpolkovnik Savvin tomonidan Buxoro shahar partiya qo‘mitasiga minnatdorchilik xati kelgan. Unda Ukrainaning ozod etilishida, shuningdek, 97 nafar jangchining jang maydonidan olib chiqib, hayotini saqlab qolgani bilan bog‘liq Rahima Alimova ko‘rsatgan jasoratlar o‘z ifodasini topgan edi. U Mius daryosi bo‘yidagi janglarda ham mardonavor ishtirok etib, yaradorlarni jang maydonidan qo‘rqmasdan xavfsiz joylarga tashishda jasorat ko‘rsatgan. Hattoki, pulemyotchi halok bo‘lganda uning o‘rnini egallab dushmanga qarshi kurashgan. Rahima Alimova frontdagi jangovar qahramonliklari uchun ordeni va medal bilan taqdirlangan.
Azizaxon Qalandarova ham frontga ketishdan oldin bir oy to‘p otishni mashq qilib, keyin artilleriyachilar bilan birga frontga jo‘naydi. Oryol-Kursk yonidagi shiddatli janglarda Azizaxonning to‘pidan uzilgan o‘qlar dushmanning uchta bombardimonchi samolyotini chilparchin qildi. Uni harbiy mahorati uchun orden bilan taqdirlashdi. Qonli janglardan birida Azizaxon Qalandarova ham og‘ir yarador bo‘ladi. Biroq, sog‘ayib chiqqanidan so‘ng ham yana jang maydoniga qaytadi. U ikkinchi marotaba yana yaralanadi. Toshkentga qo‘ltiqtayoqda, ammo ko‘ksida medallar bilan qaytgan.
Ha, xotira – inson hayoti va ongli faoliyatidagi eng muqaddas tuyg‘u, takrorlanmas voqealar yig‘indisi, o‘tmish, bugungi kun va kelajak o‘rtasidagi bog‘lovchi vosita, hissiyotlarning tarixiy ko‘prigidir. O‘tmishni, tarixiy voqelarni ajdodlarimiz siymosi gavdalanib turadigan oyna. Qadriyat esa avlod-ajdodlari, ota-bobolaridan avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan iqtisodiy, madaniy, ma’naviy, ma’rifiy, axloqiy boylik, an’analar, urf-odatlar, bir so‘z bilan aytganda, noyob ma’naviy meros.
Xotira va qadrlash uyg‘un bo‘lgan jamiyatda, albatta barqarorlik, tinchlik, o‘sish, xayr va baraka bo‘ladi.
Rahbar Xoliqova
Tarix fanlari doktori, professor
O‘zA