O‘zbekiston – Turkiya: Iqtisodiy va siyosiy aloqalar
O‘zbekiston – Turkiya munosabatlari asrlarga borib taqaladigan mushtarak tarix, til, din va boy madaniy ildizlarga tayanadi. Ushbu qardosh davlat mamlakatimiz mustaqilligini birinchilardan bo‘lib, 1991-yil 16-dekabrda tan olgan. Bugun o‘zaro aloqalar misli ko‘rilmagan darajaga ko‘tarilgan.
Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Rejep Tayyip Erdog‘an raisligida o‘tkazib kelinayotgan Oliy darajadagi Strategik hamkorlik kengashi mavjud aloqalarning asosiy harakatlantiruvchi kuchidir. Ikki mamlakat BMT, TDT va Islom hamkorlik tashkiloti kabi xalqaro va mintaqaviy tuzilmalar doirasida bir-birining dunyoviy hamda mintaqaviy tashabbuslarini izchil qo‘llab-quvvatlab kelmoqda.
Iqtisodiy va sarmoyaviy sohalarda hamkorlik jadal rivojlanib, Turkiya O‘zbekistonning eng yirik 5 tashqi savdo sheriklaridan biriga aylangan. So‘nggi yillarda o‘zaro savdo qiymati barqaror ravishda 3 milliard dollar atrofida shakllanib, Turkiyaning respublikamiz tashqi savdo aylanmasidagi ulushi taxminan 3,7-4,8 foizni tashkil etmoqda.
O‘zbekistondan Turkiyaga eksport qilinayotgan asosiy mahsulotlar tarkibida mis va misdan yasalgan buyumlar, paxta kalava ipi, kimyoviy o‘g‘it, gazlama va mato, meva-sabzavot hamda rangli metall ustuvor. Turkiyadan import qilinayotgan mahsulotlar asosini esa mashinasozlik va sanoat uskunalari, farmatsevtika va tibbiyot vositalari, to‘qimachilik va tayyor kiyim-kechak, yelim, kimyo va qurilish materiallari tashkil etadi. Ayni payt tomonlar o‘zaro savdo miqdorini 5 milliard dollarga yetkazish maqsadi ustida faol ish olib bormoqda.

Hozir O‘zbekistonda Turkiya sarmoyasi ishtirokida faoliyat yuritayotgan, soni 2 100 dan oshgan korxonalar to‘qimachilik, qurilish, farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi va energetika kabi yuqori qiymatli sohalarga yo‘naltirilgan. Shuningdek, transport va logistika yo‘nalishi ham strategik ahamiyatga ega. Transkaspiy xalqaro transport yo‘lagi – O‘rta yo‘lak orqali tashilayotgan yuk hajmini oshirish diqqat markazida. Toshkent, Samarqand, Istanbul va Anqara kabi yirik shaharlar o‘rtasida haftasiga o‘nlab muntazam havo qatnovi amalga oshirilmoqda.
Madaniy-gumanitar va ta’lim sohalarida xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik rishtasi yanada mustahkamlanmoqda. 30 kunlik vizasiz rejim sharoitida turizm va ziyorat oqimi muttasil tezlashyapti. Yurtimizda turkiyalik hamkorlar bilan birga ta’lim muassasalari va akademik almashinuv dasturlari yo‘lga qo‘yilgan, kino san’ati sohasida birga tarixiy filmlar suratga olinmoqda. Xavfsizlik va mudofaa yo‘nalishida esa mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash va kadrlar tayyorlash bo‘yicha amaliy hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.
Xulosa qilib aytganda, O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi ko‘p qirrali va aniq raqamlarga tayangan sheriklik nafaqat ikki xalq farovonligi, balki butun Turk olami va Markaziy Osiyo mintaqasida barqarorlik hamda taraqqiyotni ta’minlashga ham xizmat qilmoqda.
Fardona Yaxshiboyeva, O‘zA