Anqara sammiti: TDT va O‘zbekiston uchun yangi bosqich
Avval xabar berilganidek, Anqara shahrida Turkiy davlatlar tashkilotining “Turk asri: tilda, fikrda va ishda birlik” mavzusidagi navbatdagi sammiti bo‘lib o‘tadi. Mazkur yirik tadbirda davlatimiz rahbari ham ishtirok etadi.
Sammit xalqaro siyosiy jarayon, mintaqaviy hamkorlik va turkiy davlatlar o‘rtasidagi munosabatning kelgusi rivoji nuqtai nazaridan juda muhim. Bugungi geosiyosiy vaziyatda bunday uchrashuvlar nafaqat davlatlar o‘rtasidagi siyosiy muloqotni mustahkamlash, balki iqtisodiy va strategik manfaatlarni muvofiqlashtirish uchun ham qulay maydon hisoblanadi.
Anjumanning ahamiyati, mintaqaviy va xalqaro jarayonga ta’siri hamda respublikamiz tashqi siyosatidagi o‘rni haqida Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti huzuridagi Sharq mamlakatlari rivojlanishini tadqiq etish ilmiy tahlil markazi direktori Adhamjon Mamajonov fikr yuritadi.

- Bugungi tez o‘zgaruvchan va murakkab sharoitli xalqaro munosabatlar tizimi davlatlar ma’lum bir ittifoq, tashkilot va integratsiyaga birlashish orqali turli xavflarga qarshi turishini taqozo etmoqda. Shu nuqtai nazardan TDT ham o‘z doirasida turkiy mamlakatlarni birlashtirmoqda. Buning natijasi o‘laroq, turkiy dunyo bugun o‘z taraqqiyotining muhim tarixiy bosqichiga qadam qo‘ymoqda. Asrlar davomida umumiy tarix, til, madaniyat va ma’naviy qadriyatlar bilan bog‘langan xalqlar o‘rtasidagi yaqinlik zamonaviy xalqaro munosabatlar tizimida yangicha siyosiy, iqtisodiy va institutsional mazmun kasb etmoqda. Bu jarayonda TDT qardosh mamlakatlar do‘stligi va birdamligini mustahkamlash, umumiy iqtisodiy salohiyatni yuzaga chiqarish, transport-logistika bog‘liqligini kuchaytirish, investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish hamda ilm-fan va innovatsiya sohasida yangi imkoniyatlar ochishga xizmat qilayotgan muhim maydonga aylanmoqda.
Ayni payt Anqara shahrida bo‘lib o‘tadigan Turkiy davlatlar tashkiloti XIII sammiti ham alohida ahamiyat kasb etadi.
O‘zbekiston uchun anjumanning ahamiyati yanada muhim. Sababi – mamlakatimiz TDT doirasida siyosiy muloqotni kengaytirish, iqtisodiy integratsiyani chuqurlashtirish, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, yangi transport yo‘laklarini shakllantirish, raqamli transformatsiya va ilmiy-ma’rifiy hamkorlikni kuchaytirishga qaratilgan qator tashabbuslarni ilgari surib kelmoqda. Shu jihatdan sammit O‘zbekiston ilgari surgan g‘oyalarni amaliy mexanizm va xalqaro loyihalarga aylantirish jarayonidagi muhim bosqich bo‘lishi kutilyapti.
Ma’lumki, dengizga bevosita chiqish imkoni bo‘lmagan davlat sifatida yurtimiz tashqi savdo yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilishga intilmoqda. Shu jihatdan Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Ozarbayjon va Turkiya bilan transport-kommunikatsiya hamkorligi milliy iqtisodiy xavfsizlikning muhim tarkibiy qismidir. Ayniqsa, Transkaspiy xalqaro transport yo‘nalishi, ya’ni “O‘rta yo‘lak” Yevropa bozoriga chiqishimiz uchun strategik ahamiyatga ega.
Prezidentimizning 2025-yilgi Gabala sammitidagi nutqida ushbu yo‘lakni Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘li hamda istiqboldagi Transafg‘on transport yo‘lagi bilan bog‘lash orqali keng mintaqada ko‘p tarmoqli transport tizimini shakllantirish mumkinligi ta’kidlangani bejiz emas edi.
O‘zbekiston tomonidan “Raqamli turkiy yo‘lak” konsepsiyasini ishlab chiqish tashabbusi ham ilgari surilgan. Mazkur g‘oya transport-logistika tarmoqlari bilan bir qatorda yuqori tezlikdagi aloqa kanallari, ma’lumot markazlari va raqamli infratuzilmani o‘zaro bog‘lashga qaratilgan.
Darhaqiqat, turkiy davlatlar hamkorligining uzoq muddatli barqarorligi ko‘p jihatdan etnik birlik, tarixiy mushtaraklik, ilm-fan, ta’lim va madaniy yaqinlikni rivojlantirishga bog‘liq. TDT doirasida TurkSOY madaniyat poytaxtlari, festivallar va ijodiy almashinuvni rivojlantirmoqda, TurkPA ta’lim hamda madaniy merosga oid qonunchilik tajribasini uyg‘unlashtiradi. Turkiy akademiya qo‘shma tarixiy tadqiqot va darsliklar ustida ishlayapti. Turkiy madaniyat va meros jamg‘armasi obidalarni asraydi. TurkUNIBning “O‘rxun” dasturi esa talabalar va olimlar almashinuvini kengaytiradi.
O‘zbekiston ayni yo‘nalishlarda ham muhim tashabbuslarni ilgari surmoqda. Xususan, 2025-2026-yillari mamlakatimiz 100 dan ziyod oliy ta’lim muassasasini birlashtirgan Turkiy universitetlar ittifoqiga raislik qilmoqda. Diyorimizda Turkiy davlatlar xalqaro universiteti faoliyat boshlashi ham turkiy dunyo doirasida qo‘shma kadrlar tayyorlash, ilmiy tadqiqot olib borish va akademik almashinuvni rivojlantirish uchun yangi imkoniyat yaratadi.
Mazkur jarayonda Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti, Turkiy davlatlar xalqaro universiteti hamda boshqa oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari turkiy dunyo tarixiy merosi, xalqaro munosabat, siyosiy jarayon, iqtisodiy diplomatiya va madaniy aloqalarni chuqur o‘rganish yo‘lida muhim ilmiy platformaga aylanishi shubhasiz.
Sammit TDTning yangi siyosiy va institutsional bosqichini belgilashi kutilyapti. Tashkilot kotibiyati “Turkiy asr: tilda, fikrda va ishda birlik” mavzusida o‘tkazilishini ma’lum qilgan bu galgi tadbirda siyosiy hamkorlik, savdo va investitsiya, transport, energetika, raqamli transformatsiya, madaniy-gumanitar aloqalar hamda institutsional rivojlanish masalalari asosiy kun tartibini tashkil etadi.
Bundan tashqari yangi Bosh kotib tayinlash hamda kelgusi ustuvor yo‘nalishlarni belgilash ham kutilmoqda.
Sentyabr oyida tuzilmaning 2027-2031-yillarga mo‘ljallangan yangi strategiyasi yuzasidan ham fikr almashilgan. Demak, Anqara sammiti shunchaki navbatdagi uchrashuv emas, balki TDTning o‘rta muddatli rivojlanish yo‘nalishlari va institutsional samaradorligini belgilovchi muhim siyosiy voqea sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Mamlakatimizning TDTga yondashuvi avvalo siyosiy ishonchni mustahkamlash, iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, xalqaro transport yo‘laklaridan samarali foydalanish hamda ilm-fan va texnologiya taraqqiyoti uchun yangi imkoniyatlar yaratishga qaratilgan.
O‘zbekiston uchun anjumanning strategik ahamiyati ilgari surilgan tashabbuslarni aniq iqtisodiy loyihalarga, transport imkoniyatini yangi savdo yo‘laklariga, raqamli rivojlanish g‘oyalarini zamonaviy infratuzilmaga, madaniy yaqinlikni esa ilmiy va intellektual hamkorlikka aylantirish istiqboli bilan belgilanadi.
Umuman, Turkiy davlatlar tashkiloti bugungi xalqaro munosabatlar tizimida tarixiy va madaniy yaqinlikni zamonaviy siyosiy hamkorlik, iqtisodiy integratsiya, transport bog‘liqligi, investitsiya, raqamli texnologiya va ilmiy-ma’rifiy sheriklik bilan uyg‘unlashtirayotgan muhim xalqaro tuzilma sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Go‘zal Sattorova, O‘zA