35 yil — xalq ovozi, davr solnomasi
Mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotida o‘ziga xos o‘ringa ega bo‘lgan «Xalq so‘zi» va «Narodnoye slovo» gazetalari tashkil etilganining 35 yilligi munosabati bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasida tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.
Nukus shahrida tashkil etilgan tadbirda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, ijodkorlar, jurnalistlar hamda keng jamoatchilik ishtirok etdi.
Jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi qo‘mita raisi Sh. Otemisov, «Xalq so‘zi» va «Narodnoye slovo» gazetalari tahririyati xodimi Sh. Mutaxarov, Qoraqalpog‘iston Yozuvchilar uyushmasi raisi K. Karimov, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazining Qoraqalpog‘iston bo‘limi rahbari T. Otamurodov, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Qoraqalpog‘iston kengashi raisi U. Jalmenov va boshqalar qatnashdi.
Tadbirda mustaqillik yillarida mamlakatimizda kechgan yangilanish va bunyodkorlik jarayonlarini keng yoritib kelayotgan mazkur nashrlarning milliy matbuotimiz taraqqiyotidagi o‘rni alohida ta’kidlandi. Gazetalarning 35 yillik faoliyati, jamiyat hayotidagi muhim voqea va o‘zgarishlarni jamoatchilikka yetkazish borasidagi xizmatlari, shuningdek, jurnalistika sohasining bugungi vazifalari haqida fikr almashildi.
— Gazeta faqat axborot tarqatuvchi vosita emas, balki muayyan davrning ijtimoiy qiyofasi, xalqning orzu-intilishlari, jamiyat tafakkuridagi o‘zgarishlar va tarixiy taraqqiyot bosqichlarini o‘zida aks ettiruvchi ma’naviy manbadir, - deydi Qoraqalpoq davlat universitetining Turkman tili va adabiyoti kafedrasi mudiri, filologiya fanlari doktori, professor O. Gayliyeva. — «Xalq so‘zi» gazetasining nomi ham chuqur ramziy ma’noga ega. U xalq ovozi, jamiyat fikri, millatning ma’naviy xotirasi va zamon solnomasini ifoda etadi.
Ta’kidlanganidek, o‘tgan 35 yil davomida «Xalq so‘zi» va «Narodnoye slovo» gazetalari mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlar, xalqimizning bunyodkorlik ishlari va erishilayotgan yutuqlarni yoritib kelmoqda. Nashrlar bugun ham jamiyat va xalq o‘rtasidagi axborot almashinuvida muhim o‘rin tutadi.
[gallery-32241]
Tadbir yakunida gazetalar tahririyati ijodiy jamoasiga samimiy tilaklar bildirildi. Matbuot sohasi rivojiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan bir guruh faollarga esdalik ko‘krak nishonlari topshirildi.
Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA