O‘zbekiston Global janub Bosh assambleyasida ishtirok etmoqda
Boku shahrida Global janub Nodavlat notijorat tashkilotlari platformasi birinchi Bosh assambleyasi ish boshladi.
Bugungi kunda xalqaro fuqarolik diplomatiyasi sohasidagi muhim muloqot maydoni sifatida baholanayotgan, Ozarbayjon tashabbusi bilan tashkil etilgan ushbu tuzilma a’zo davlatlar hamkorligini mustahkamlash, rivojlanayotgan mamlakatlar manfaatini xalqaro maydonda ilgari surish hamda fuqarolik jamiyati institutlari o‘rtasidagi aloqalar ko‘lamini kengaytirish maqsadini ko‘zlaydi. Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, mazkur tashabbus tufayli 116 davlatdan 600 ga yaqin nodavlat tashkilot birlashgan.
BMT tizimi, xalqaro tashkilotlar, diplomatik korpus va akademik doira vakillari ishtiroki tadbir nufuzini yanada oshirdi. Xususan, BMT Janub-janub hamkorligi idorasi direktori Dima Al-Xatib, “UN-Habitat” va UNITAR kabi xalqaro institutlar rahbarlari qatnashayotgani platforma shunchaki NNT yig‘ini emas, balki global siyosiy va ijtimoiy jarayonga ta’sir ko‘rsatish imkoniga ega intellektual maydonga aylanayotganidan dalolat.
Masalan “Global janub: qarashlarni muvofiqlashtirish va strategik hamkorlik” mavzusi muhokamasida rivojlanayotgan davlatlarning xalqaro siyosatdagi o‘rni, global resurslar taqsimoti, ijtimoiy adolat va barqaror taraqqiyot masalalari atroflicha tahlil qilindi. Ekspertlar fikricha, bugungi geosiyosiy o‘zgarishlar sharoitida o‘zaro hamjihatlik qulay siyosiy va iqtisodiy muvozanatni shakllantiradigan muhim omilga aylanadi.
“Inklyuziv rivojlanish va barqaror shahar modeli” munozarasida inson qadrini ta’minlash, shaharlarni ijtimoiy yo‘naltirilgan tarzda rivojlantirish, barcha qatlamlar uchun teng imkoniyat yaratish masalalariga e’tibor qaratildi. Xususan, Ozarbayjon, Xitoy, Iordaniya va Perudan kelgan mutaxassislar shaharsozlikka inklyuziv yondashuv, nogironlar huquqini ta’minlash, ekologiya barqarorligi va raqamli infratuzilmani takomillashtirish tajribasi bilan o‘rtoqlashdi.
Ta’kidlanishicha, forumning yana bir muhim jihati fuqarolik diplomatiyasi tushunchasi amaliy mexanizmga aylanayotganida ko‘rinadi. Ilgari global qarorlar asosan davlatlar darajasida qabul qilingan. Endi esa NNT, ekspertlar va jamoatchilik institutlari ham xalqaro jarayonga sezilarli ta’sir ko‘rsatmoqda. Demak, bundan buyon xalqaro munosabatlarda jamoatchilik diplomatiyasi va intellektual hamkorlik ahamiyati keskin ortadi.
O‘zbekiston uchun mazkur forum alohida ahamiyatga ega, chunki mamlakatimiz so‘nggi yillarda ochiqlik, yaxshi qo‘shnichilik, inson qadri va fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga qaratilgan demokratik islohotlarni izchil amalga oshirmoqda. Bunday xalqaro tadbirlar esa respublikamizning xalqaro imiji, intellektual salohiyati va ekspert hamjamiyati nufuzini mustahkamlashga xizmat qiladi. Shu bilan birga xalqaro aloqalarni chuqurlashtirib, ilg‘or tajriba almashish imkoniyatini oshiradi.
Go‘zal Sattorova, O‘zA