Halima Xudoyberdiyeva xotirasiga bag‘ishlandi
Sirdaryo elining ardoqli farzandi, O‘zbekiston xalq shoiri Halima Xudoyberdiyeva tavalludining 79 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan ma’naviy-ma’rifiy tadbir haqiqiy she’riyat bayramiga aylandi. Ushbu anjuman adibaning boy adabiy merosini ulug‘lash, uning ijodiy yo‘lini keng targ‘ib qilish hamda yosh avlod qalbida Vatanga muhabbat, milliy qadriyatlarga sadoqat va ijodga ehtirom tuyg‘ularini mustahkamlashga qaratildi.
Tadbirda poytaxtdan tashrif buyurgan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari, shoir Minhojiddin Mirzo boshchiligidagi ijodkorlar: Abduqayum Yo‘ldoshev, Zamira Ro‘ziyeva, Muhtarama Ulug‘ova, Dilfuza Shomalikova, Munojot Nurmatova, Muhiddin Polvonov, Dilfuza Qarshiboyeva, Ozoda Bekmurodova, Nargiza Asadova, Muhammadsiddiq Rahmatov, Muhammad Begimov kabi shoir va yozuvchilar, sirdaryolik ijodkorlar, jamoat tashkilotlari vakillari, shoiraning farzandlari, yaqinlari hamda shogirdlari ishtirok etishdi.


Anjuman doirasida ishtirokchilar dastlab Halima Xudoyberdiyeva nomi bilan ataluvchi ijod maktabiga tashrif buyurib, adiba xotirasiga ehtirom ramzi sifatida shoira byusti poyiga gul qo‘ydilar. Bu lahzalar nafaqat rasmiy marosim, balki qalblardagi hurmat va minnatdorlikning samimiy ifodasi bo‘ldi.


Shundan so‘ng mehmonlar ijod maktabi direktori, senator Pokiza Ahmedjanova hamrohligida shoira hayoti va ijodiga bag‘ishlangan muzey bilan yaqindan tanishdilar. U yerda saqlanayotgan qo‘lyozmalar, shaxsiy kitoblar, fotosuratlar va noyob hujjatlar Halima Xudoyberdiyevaning adabiy yo‘li, izlanishlari va ijodiy merosi haqida boy tasavvur berdi.


Tadbirning asosiy qismi Sirdaryo viloyati musiqali drama teatrida tashkil etilgan adabiy-badiiy kecha bilan davom etdi. Kechani viloyat hokimi o‘rinbosari Otabek Mavlonberdiyev ochib berib, Halima Xudoyberdiyevaning o‘zbek adabiyoti rivojiga qo‘shgan ulkan hissasi, uning she’riyatida aks etgan insonparvarlik va vatanparvarlik g‘oyalari haqida alohida to‘xtaldi.

Kecha davomida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari Minhojiddin Mirzo, adabiyotshunos olimlar, shoir va yozuvchilar hamda adibaning zamondoshlari so‘zga chiqib, uning serqirra ijodi, samimiy she’riyati va ma’naviy qiyofasi haqida fikrlar bildirdilar. Ular Halima Xudoyberdiyeva she’riyatida ayol qalbi, Vatanga sadoqat, hayot haqiqati va insoniylik tuyg‘ulari ustuvor ekanini ta’kidlashdi.
Shuningdek, tadbirda teatr aktyorlari va yosh ijodkorlar tomonidan adiba she’rlaridan ifodali o‘qishlar, sahnaviy va musiqiy kompozitsiyalar namoyish etildi. Ayniqsa, “Ona yurt”, “Ayol qalbi”, “Vatan”, “Mehr” kabi she’rlardan o‘qilgan parchalar yig‘ilganlarni hayajonga soldi.
She’riyat kechasi nafaqat xotira tadbiri, balki chin ma’noda adabiyot va ma’naviyat bayrami sifatida namoyon bo‘ldi. Unda Halima Xudoyberdiyeva ijodining bugungi kunda ham dolzarb ekani, uning she’rlari yosh avlod tarbiyasida muhim ma’naviy maktab bo‘lib xizmat qilayotgani yana bir bor ta’kidlandi.
Tadbir yakunida adiba xotirasi xalq qalbida abadiy yashashi, uning boy ma’naviy merosi esa kelajak avlod uchun ulkan ilhom manbai bo‘lib qolishi qayd etildi.
G‘ulom Primov, Umid Obidjonov(surat) O‘zA