Qadriyatlar — millatning yuzi
15-may - Xalqaro oila kuni
Oila azaldan inson tarbiyasi shakllanadigan muqaddas maskan bo‘lib kelgan. Inson yaxshilik va yomonlikni, halol va haromni, odob va beodoblikni eng, avvalo, oilada anglaydi. Bobo-buvilarimiz og‘ir qahatchilik va mashaqqatli sinovlarni boshdan kechirgan bo‘lsalar-da, sabr, shukr va qanoat kabi insoniy fazilatlarni yo‘qotmaganlar.
Bolalik xotiralari inson qalbida umrbod yashaydi deyishdi. Ilgari ertalabki nonushta, tushlik yoki kechki ovqat vaqtida butun oila bir dasturxon atrofiga jam bo‘lardi. Kattalar duoga qo‘l ochib, yurt tinchligi, xonadon fayzi va farzandlar kamoli uchun yaxshi tilaklar bildirishardi. Shu oddiygina holatning o‘zida mehr, hurmat va tarbiya mujassam edi.
Hozir-chi... Barcha sharoit bor, dasturxonlar to‘kin. Ayrim hollarda dasturxonning shohonaligidan yoqa ushlaysan. To‘kinchilik shu darajada-ki, o‘zimizda yetishtirilayotgan mahsulotlardan tortib xorijdan keltirilgan noz-ne’matlar bozorlarimiz ko‘rki. Bu, albatta, to‘kinchilik va yurt tinchligidan dalolat beradi. Ammo, insonni o‘ylantiradigan bir haqiqat bor: moddiy boylik ortib borayotgan bir paytda ma’naviy qadriyatlarimizga e’tibor susaymayaptimi?
Chirchiq daryosi atrofida yashagan aholi azaldan mehnatkash bo‘lgan. Ayniqsa, qulupnaychilik keng rivojlangan edi. Yaqin-yaqinlargacha ham katta maydonlarda qulupnay parvarish qilinardi. Shaharning kengayishi sabab dehqonchilik qilinadigan maydonlar keskin kamaydi. Qulupnay pishgan faslda shahardan qarindoshlar kelib, keng dalada haqiqiy sayl bo‘lardi. Bir piyola choy ustida dildan suhbatlar qurilar, keksalarning duolari, yoshlarning orzu-rejalari bir dasturxonda birlashardi. Ana shunday uchrashuvlar qarindoshlik rishtalarini mustahkamlar, qalblarga mehr ulashardi.
Qishning qahraton kunlari o‘ziga to‘q oilalar qo‘ni-qo‘shnilar va yaqinlarga go‘sht tarqatardi va “pulini qulupnay pishig‘iga” deb yozib qo‘yilardi. Bu — xalqimizga xos bag‘rikenglik va insoniylikning yorqin namunasi edi.
Afsuski, bugun dasturxon atrofida jam bo‘lish, farzandlarga odob o‘rgatish, kattani hurmat qilish kabi an’analar asta-sekin unutilib bormoqda. Ilgari yoshi ulug‘ insonning oldidan kesib o‘tilmas, kattalardan oldin taomga qo‘l cho‘zilmas, yer-suvni ehtirom qilish tarbiyaning bir qismi sanalgan. Bugun esa shunday oddiy, ammo, jamiyat ma’naviyati uchun ulkan ahamiyatga ega bo‘lgan qadriyatlarga befarqlik ko‘zga tashlanmoqda.
Albatta, yoshlarimiz orasida iqtidorli, bilimli va yurt kelajagi uchun jon kuydiradiganlari ko‘p. Lekin tarbiyasiga yetarlicha e’tibor berilmagan, loqayd va mas’uliyatsiz yoshlar ham uchrab turibdi. Bu esa barchamizni o‘ylantirishi kerak. Chunki farzand tarbiyasi avvalo oiladan boshlanadi.
Prezidentimiz asosiy kuch bo‘lgan yoshlarning kelajagini o‘ylab farmon va qarorlarga imzo chekmoqda. Qaror va farmonlarning ijrosini ta’minlash uchun davlat g‘aznasida ko‘plab mablag‘lar sarf etilmoqda. Ularni bajarish uchun yozuvchilar, olimlar, pedagoglar, mahalla faollari, diniy idora ulamolari jalb etilmoqda. Bularning barchasi yurt kelajagi va ravnaqi yo‘lida amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlardir.
Chunki qadriyatlar — millatning yuzi. Qadriyat bor joyda mehr bo‘ladi, hurmat bo‘ladi, tarbiya bo‘ladi. Tarbiyali avlod esa, yurtning eng katta boyligidir.
Asror Sulaymonov, O‘zA.