Hamkorlik aloqalari mustahkamlanmoqda
Navoiy viloyati hokimi Normat Tursunov Misr Arab Respublikasidan tashrif buyurgan Hayvonlar reproduksiyasi ilmiy-tadqiqot instituti direktori Mustafo Said Fadel, Misr veterinariya uyushmasi prezidenti Magdi Hasan Ahmad Mahmud hamda uyushma vakillari Mahmud Muhammad Husayn Affash va Muhammad Amin Abdu Vayerlar bilan uchrashdi.
Viloyat hokimligi axborot xizmatining ma’lum qilishicha, uchrashuvda veterinariya xizmatlari sifatini oshirish, chorva mollarini sun’iy urug‘lantirish texnologiyalarini joriy etish va naslchilik ishlarini rivojlantirish masalalariga e’tibor qaratildi.
Shuningdek, chorva mollari uchun muvozanatlashtirilgan ozuqa ratsionini ishlab chiqish, karantindan o‘tgan import qo‘y va qoramollarni xo‘jaliklarga yetkazish tizimini takomillashtirish hamda zamonaviy chorvachilik majmualarini rivojlantirish bo‘yicha hamkorlik imkoniyatlari muhokama qilindi.
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA