“O‘zbekgidroenergo”da murojaatlar bilan ishlash tizimi takomillashtirilmoqda
Bugungi kunda murojaatlar bilan ishlash nafaqat qonunchilik talablarini bajarish, balki aholi turmush tarzini o‘rganish, ularni o‘ylantirayotgan muammolarni aniqlash va amaliy yechim topishning muhim vositasiga aylandi. Shu ma’noda, har bir murojaat ortida inson taqdiri, uning orzu-intilishlari va qonuniy manfaatlari mujassam ekanini unutmaslik muhim ahamiyat kasb etadi.

“O‘zbekgidroenergo” AJ murojaatlar bilan ishlash bo‘yicha mas’ul rahbari Abduvahob Abdumalikov mazkur tashkilotda bu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar haqida O‘zA muxbiriga intervyu berdi:
– Mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lash, aholi muammolarini o‘z vaqtida hal etish va davlat idoralarining xalq oldidagi mas’uliyatini oshirish Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan aholi murojaatlari bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirishga qaratilgan farmon va qarorlar qabul qilinib, fuqarolarning murojaat qilish huquqini ta’minlashning samarali mexanizmlari yaratildi.
“O‘zbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyatida ham jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash masalasi doimiy e’tibor markazida bo‘lib, har bir murojaatni qonunchilikda belgilangan tartib va muddatlarda ko‘rib chiqish, ularning ijrosini ta’minlash hamda murojaatchilar roziligiga erishish ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilangan.
2026-yilning o‘tgan besh oyi yakuniga ko‘ra, jamiyatga jami 84 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 10 taga kamaygan. Mazkur holat aholi bilan manzilli ishlash tizimi samaradorligi oshib borayotgani, murojaatlarda ko‘tarilayotgan masalalarning o‘z vaqtida hal etilayotgani hamda profilaktik ishlar natijadorligi yuksalayotganini ko‘rsatadi.
Kelib tushgan murojaatlarning tahlili ularning asosiy qismi elektron shaklda qabul qilinganini ko‘rsatmoqda. Jumladan, 46 ta yoki 53,8 foiz murojaat elektron shaklda, 30 ta yoki 35,7 foizi yozma, 8 ta yoki 10,5 foizi og‘zaki tarzda kelib tushgan. Bu esa raqamli texnologiyalar hayotimizga tobora chuqur kirib borayotgani va aholining elektron murojaat imkoniyatlaridan keng foydalanayotganini anglatadi.
Eng muhimi, hisobot davrida murojaatlarning 72 foizi ijobiy hal etilgan. Aniqroq aytganda, 61 ta murojaat bo‘yicha amaliy choralar ko‘rilgan va muammolarning yechimi ta’minlangan. Qolgan murojaatlar bo‘yicha esa amaldagi qonunchilik normalari asosida tushuntirishlar berilgan. Bu ko‘rsatkich murojaatlarni ko‘rib chiqish jarayonida har bir masalaga mas’uliyat bilan yondashilayotgani hamda murojaatchilar bilan ochiq va samarali muloqot yo‘lga qo‘yilganini tasdiqlaydi.
Murojaatlar mazmuni tahlil qilinganda, jismoniy shaxslardan 41 ta ariza, 20 ta shikoyat va 21 ta taklif kelib tushgani kuzatildi. Shuningdek, yuridik shaxslardan 2 ta taklif qabul qilingan. Bu esa fuqarolar nafaqat o‘zlarini qiziqtirayotgan masalalar yuzasidan murojaat qilayotgani, balki jamiyat faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha takliflar ham bildirib kelayotganini ko‘rsatadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasi orqali kelib tushayotgan murojaatlar ham aholi bilan muloqotning muhim mexanizmi sifatida xizmat qilmoqda. Hisobot davrida mazkur platforma orqali 30 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, ular jami murojaatlarning 35,7 foizini tashkil etgan. Ularning 18 tasi ijobiy hal etilgan, 8 tasi bo‘yicha huquqiy tushuntirishlar berilgan va 4 tasi vakolat doirasida ko‘rib chiqish uchun tegishli tashkilotlarga yuborilgan.
Murojaatlar bilan ishlash jarayonida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining aholi murojaatlari bilan ishlashni yanada takomillashtirishga qaratilgan farmon va qarorlari ijrosini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Har bir murojaat nazoratga olinib, uning ijro holati muntazam monitoring qilinadi. Murojaatlarda ko‘tarilgan masalalarni chuqur tahlil qilish orqali tizimli muammolar aniqlanib, ularning kelib chiqish sabablarini bartaraf etish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rilmoqda.
Bugun murojaatlar bilan ishlash sohasidagi eng muhim mezonlardan biri, murojaatlar soni emas, balki ularning qay darajada samarali hal etilayotganidir. Shu nuqtai nazardan qaraganda, har bir murojaatning o‘z vaqtida ko‘rib chiqilishi, murojaatchiga qonuniy va asosli javob berilishi hamda ko‘tarilgan masalaning ijobiy yechim topishi jamiyat faoliyati samaradorligining muhim ko‘rsatkichi hisoblanadi.
Xulosa qilib aytganda, “O‘zbekgidroenergo” AJda murojaatlar bilan ishlash tizimida qonuniylik, ochiqlik va ijro intizomi tamoyillari izchil ta’minlanmoqda. Fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularning murojaatlarini o‘z vaqtida ko‘rib chiqish va ijrosini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar aholi roziligini ta’minlash hamda xalq bilan ochiq muloqotni mustahkamlashda asosiy omildir.
O‘zA muxbiri Nasiba Ziyodullayeva yozib oldi.