O‘zbek bug‘doy navlari Tojikistonda yuqori hosil bermoqda
Ma’lumki, Urug‘chilikni rivojlantirish markazi tomonidan Tojikistonga eksport qilingan "Hisorak", "Yog‘du", "Turon" va boshqa istiqbolli bug‘doy navlari fermer xo‘jaliklari dalalarida muvaffaqiyatli sinovdan o‘tmoqda. Ushbu navlar iqlim sharoitlariga yaxshi moslashuvi, hosildorligi va don sifati bilan ajralib, ayrim maydonlarda gektaridan 80–85 sentnergacha hosil olish imkonini bermoqda.
Tojikiston Respublikasining So‘g‘d viloyatida o‘tkazilgan ilmiy-amaliy seminar davomida O‘zbekiston seleksiyasiga mansub bug‘doy navlarini yetishtirish bo‘yicha erishilgan natijalar muhokama qilindi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda Urug‘chilikni rivojlantirish markazi vakillari ishtirok etdi. Seminar qatnashchilari o‘zbek seleksiyasiga mansub bug‘doy navlari mahalliy sharoitlarda yuqori hosildorlik ko‘rsatkichlarini namoyon etayotganini alohida ta’kidladi.
Seminarda Urug‘chilikni rivojlantirish markazi direktori Shuhrat Otajonov ham ishtirok etib, bug‘doy urug‘chiligi va seleksiya sohasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’ruza qildi. U o‘z nutqida iqlim o‘zgarishi sharoitida qurg‘oqchilik va kasalliklarga chidamli, yuqori hosilli navlarni yaratish hamda ularni ishlab chiqarishga keng joriy etish oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashdagi muhim omillardan biri ekanini ta’kidladi.

Tadbir yakunida O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasida urug‘chilik va seleksiya sohasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish, o‘zbek seleksiyasiga mansub navlarni amaliyotga joriy etish ko‘lamini oshirish bo‘yicha fikr almashildi.
Mutaxassislar bunday hamkorlik ikki mamlakat agrar tarmog‘ining rivojlanishi va mintaqada oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlashga xizmat qilishini qayd etdi.

G.Boboyeva, O‘zA