Konstitutsiyaviy sud majlisida Advokaturaga oid qonunga doir masala ko‘rildi
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining majlisi bo‘lib o‘tdi.
Unda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazining “Advokatura to‘g‘risida”gi qonunning 3-moddasi uchinchi qismi beshinchi xatboshisini Konstitutsiyaning 29, 65 va 141-moddalariga muvofiqligini aniqlash haqidagi masala muhokama qilindi.
Konstitutsiyaviy sud raisi Mirzo-Ulug‘bek Abdusalomov raislik qilgan majlisda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, Prezident Administratsiyasi, Vazirlar Mahkamasi, Ombudsman, Bolalar ombudsmani, Biznes ombudsman, Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markazi, Oliy sud, Bosh prokuratura, Adliya vazirligi, Odil sudlov akademiyasi, Toshkent davlat yuridik universiteti vakillari, shuningdek Konstitutsiyaviy sud huzuridagi ilmiy-maslahat kengashi a’zolari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
[gallery-29884]
Konstitutsiyaviy sud sudyasi A.Rahimov o‘z ma’ruzasida Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz murojaatining mohiyati, ish ko‘rilishiga sabab bo‘lgan holatlar yuzasidan majlis ishtirokchilariga ma’lumot berdi.
Murojaatda bayon etilganidek, “Advokatura to‘g‘risida”gi qonunning 3-moddasi 3-qismiga ko‘ra, advokat quyidagilardan tashqari haq to‘lanadigan boshqa turdagi faoliyat bilan shug‘ullanishga haqli emas: ilmiy va pedagogik faoliyat; O‘zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasidagi (bundan buyon matnda Advokatlar palatasi deb yuritiladi) va uning hududiy boshqarmalaridagi faoliyat; patent vakili va mediator sifatidagi faoliyat; shartnomaviy-huquqiy asosda davlat organlarining, xo‘jalik boshqaruvi organlarining, davlat muassasalari va tashkilotlarining yuridik xizmati xodimi sifatidagi faoliyat; hakamlik sudlarida va xalqaro tijorat arbitrajlari (sudlari)da sudya sifatidagi faoliyat; sud boshqaruvchisi sifatidagi faoliyat (fuqarolik va iqtisodiy sud ishlarini yuritishni amalga oshirish bo‘yicha advokatlik faoliyati uchun litsenziya olgan advokatlar uchun).
Lekin, ko‘rsatilgan normada advokatni tadbirkorlik sub’ektlari va nodavlat notijorat tashkilotlari bilan shartnomaviy-huquqiy asosda ularning yuridik xizmati xodimi sifatidagi faoliyati nazarda tutilmagan.
Milliy markazning fikricha, “Advokatura to‘g‘risida”gi qonun 3-moddasi 3-qismining beshinchi xatboshisini Konstitutsiyada belgilangan har kimga malakali yuridik yordam olish huquqi kafolatlanadi (29-modda), O‘zbekiston Respublikasida barcha mulk shakllarining teng huquqliligi va huquqiy jihatdan himoya qilinishi ta’minlanadi (65-modda), degan konstitutsiyaviy normalarga muvofiqligini aniqlash lozim.
Konstitutsiyaga ko‘ra, har kimga malakali yuridik yordam olish huquqi kafolatlanadi (29-moddaning birinchi qismi), O‘zbekiston Respublikasida barcha mulk shakllarining teng huquqliligi va huquqiy jihatdan himoya qilinishi ta’minlanadi (65-moddaning ikkinchi qismi), shuningdek, jismoniy va yuridik shaxslarga malakali yuridik yordam ko‘rsatish uchun advokatura faoliyat ko‘rsatadi (141-moddaning birinchi qismi).
Sud majlisida Milliy markaz direktorining birinchi o‘rinbosari M.Tillaboyev va bo‘lim boshlig‘i O.Norboyev Konstitutsiyaviy sudga mazkur masalani kiritishga asos bo‘lgan holatlar, shuningdek boshqa vajlar, dalillar va ma’lumotlarni bayon qildi.
Ko‘rib chiqilgan masala yuzasidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasi raisi J.Shirinov, Adliya vazirligi Notariat, advokatura va mediatsiya boshqarmasi boshlig‘i M.Hotamov, Advokatlar palatasi raisi Sh.Sodiqov, “Forse of justice” advokatlik byurosi direktori A.Vahobov, “Yuristkadr” advokatlik firmasi rahbari S.Muxtoraliyev, Konstitutsiyaviy sud huzuridagi ilmiy-maslahat kengashi a’zosi F.Otaxonov o‘zlarining fikr va mulohazalarini bildirdi.
Konstitutsiyaviy sud muhokama qilinayotgan masala yuzasidan tomonlar, mutaxassislar va ekspertlarning fikr-mulohazalarni eshitib, masalani chuqurroq o‘rganish va ishga oid materiallarni har tomonlama tahlil qilish va shundan keyingina bir to‘xtamga kelish mumkin,degan xulosaga keldi.
Raislik qiluvchi tomonidan Konstitutsiyaviy sud majlisi 2026-yil 12-iyun kuni davom etishi ma’lum qilindi.
Norgul Abduraimova, Farhod Abdurasulov (surat), O‘zA