O‘zbek startaplari Parij tajribasini o‘rganadi
Startap uchun g‘oyaning o‘zi yetarli emas. Uni rivojlantirish, investor topish, xalqaro bozorga olib chiqish va to‘g‘ri muhitda sinab ko‘rish ham muhim.
Shu ma’noda, dunyodagi yirik startap markazlarining tajribasini o‘rganish O‘zbekistondagi yangi loyihalar uchun ham qo‘shimcha imkoniyatlar ochishi mumkin.
Fransiyaga tashrif doirasida O‘zbekiston hukumati delegatsiyasi Parijda joylashgan mashhur innovatsion xab — “STATION F”da bo‘lib, startaplar sohasida hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildi.
Uchrashuvda “STATION F”ning xalqaro hamkorliklar bo‘yicha rahbari Joanna Gryuo Byuldon bilan muloqot o‘tkazilib, innovatsion xabning ishlash modeli, startaplarni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari, inkubatsiya va akseleratsiya dasturlari haqida fikr almashildi.

Xususan, “STATION F”ning ko‘p yillik tajribasini O‘zbekiston sharoitida qo‘llash, innovatsion xablarni rivojlantirish va samarali startap ekotizimini shakllantirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Muloqotda o‘zbekistonlik startaplarni Yevropa bozoriga olib chiqish masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Ularni xalqaro hamkorlar va investorlar bilan bog‘lash, shuningdek, mahalliy startaplarni “STATION F”ning tegishli dasturlariga jalb qilish bo‘yicha fikrlar bildirildi.
Tomonlar innovatsion ekotizimni rivojlantirishda mutaxassislarning amaliy tajriba almashinuvi muhim ekanini ham qayd etdi.
Shu asosda joriy yil 17–18-sentabr kunlari “STATION F” tomonidan tashkil etiladigan ikki kunlik “Immersion Program” dasturida O‘zbekiston vakillarining ishtirok etishi bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Dastur innovatsion xablar va startap ekotizimlarini boshqaruvchi mutaxassislar uchun amaliy shaklda tashkil etiladi. Unda ishtirokchilar “STATION F”ning strategiyasi, moliyaviy modeli, boshqaruv tizimi, hamkorlik mexanizmlari hamda inkubatsiya va akseleratsiya dasturlari bilan yaqindan tanishadi.
Shuningdek, innovatsion xabni samarali boshqarish, startaplar bilan ishlash, investorlar bilan aloqalarni yo‘lga qo‘yish va loyihalarni xalqaro bozorga olib chiqish bo‘yicha amaliy yondashuvlar o‘rganiladi.
Uchrashuv yakunida startaplarni xalqaro bozorlarga olib chiqish, investorlar bilan ishlash va O‘zbekistonda startap ekotizimini rivojlantirish bo‘yicha tajriba almashinuvini davom ettirishga kelishib olindi.
Nigora Rahmonova, O‘zA