Ozarbayjon Islom sivilizatsiyasi markaziga sovg‘a in’om etdi
O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi tarixiy-madaniy yaqinlik Toshkentda o‘tkazilgan navbatdagi madaniy muloqotda yana bir bor namoyon bo‘ldi. Islom sivilizatsiyasi markazida “O‘zbekiston – Ozarbayjon: mushtarak meros, mushtarak qadriyat” mavzusida tadbir o‘tkazilib, qardosh davlat tomonidan Markazga 150 dan ziyod kitob, milliy musiqa cholg‘u asboblari hamda noyob Qorabog‘ gilami taqdim etildi.
Tadbirda ishtirok etgan O‘zbekistondagi Haydar Aliyev nomli Ozarbayjon madaniyat markazi direktori Akif Marifli ta’kidlashicha, xalqlarimiz madaniy yaqinligi asrlar davomida shakllangan. Respublikamizda 16 yildan buyon faoliyat yuritayotgan ushbu muassasa bilan Islom sivilizatsiyasi markazi o‘rtasidagi hamkorlik ham ayni mushtaraklikning amaliy ifodasidir.

– Ozarbayjon bilan O‘zbekiston ko‘p ming yillik tarixiy rishta bilan bog‘langan, – dedi Marifli. – Nizomiy Ganjaviydan boshlangan bu do‘stlikni Alisher Navoiy davom ettirgan. Aloqalar bugun Prezidentlarimiz o‘rtasidagi yaqinlik tufayli yanada yuksak darajaga ko‘tarilmoqda.
Taqdim etilgan namunalar orasida Qorabog‘ hunarmandligining o‘ziga xos an’anasini aks ettirgan, 5-raqami asosida to‘qilgan noyob gilam alohida e’tiborni tortdi.
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi, professor Tursunali Qo‘ziyev ikki mamlakat xalqlari mushtarakligiga to‘xtalib, bunday tadbirlar umumiy merosni yanada chuqur o‘rganishga munosib hissa qo‘shishini ta’kidladi.

– Ko‘p yil tarix bilan shug‘ullangan inson sifatida men bugun Qorabog‘ gilamini birinchi marta ko‘rib, hali Ozarbayjon madaniyatidan o‘rganishimiz lozim bo‘lgan jihatlar bisyorligini yana bir bor his etdim, – dedi olim. – Xalqlarimiz tarixidagi har bir umumiy unsurni o‘rganganimiz sari ikki xalq tarixidagi uyg‘unlik yanada teran namoyon bo‘laveradi. Boyligimiz faqat o‘zimizniki emas, balki do‘stlarimiz merosi bilan hamohang.

Tadbir davomida Islom sivilizatsiyasi markazi va Ozarbayjon madaniyat markazi hamkorligini yanada rivojlantirish, ikki xalq umumiy tarixiy-madaniy merosini xalqaro miqyosda targ‘ib qilish bo‘yicha fikr almashildi.
D.Hakimov, O‘zA