Cho‘ldan boshlangan obodlik: Do‘stlik tumani mustaqillik yillarida
FOTOREPORTAJ
Jizzax viloyatining Do‘stlik tumani bugungi qiyofasi, avvalo, inson mehnati, fidoyiligi va bunyodkorlik samarasini namoyon etadi. Mustaqillikning 35 yilligi arafasida tuman hayotiga nazar tashlar ekanmiz, bir vaqtlar o‘zlashtirish qiyin bo‘lgan cho‘l hududlari bugun obod mahallalar, serhosil dalalar va zamonaviy infratuzilmaga ega maskanga aylanganiga guvoh bo‘lamiz.
1970-yilda tashkil etilgan Do‘stlik tumani cho‘l yerlarini o‘zlashtirish va yangi aholi punktlarini barpo etish jarayonida shakllangan. Yurtimizning turli hududlaridan kelgan muhandis, quruvchi va dehqonlarning hamjihatlikdagi mehnati tufayli yangi maskanga “Do‘stlik” nomi berilgan.
Bugun 450 kvadrat kilometr maydonni egallagan tumanda 72 ming nafardan ziyod aholi, turli millat vakillari ahil-inoq yashab, mehnat qilmoqda.
[gallery-30841]
So‘nggi yillarda tumanning ijtimoiy-iqtisodiy qiyofasi yanada o‘zgarib, zamonaviy uy-joylar, ta’lim va tibbiyot muassasalari, xizmat ko‘rsatish shoxobchalari hamda sanoat korxonalari barpo etildi. Muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari va yo‘l infratuzilmasini yaxshilash borasidagi ishlar ham hudud aholisi uchun qulayliklarni kengaytirmoqda.
Qishloq xo‘jaligida zamonaviy agrotexnologiyalar, jumladan, suv tejovchi texnologiyalardan foydalanish, intensiv bog‘dorchilik va samaradorlikni oshirishga qaratilgan yangi yondashuvlar keng joriy etilmoqda.
Bir paytlar cho‘lni o‘zlashtirish bilan boshlangan bunyodkorlik bugun zamonaviy va obod tuman qiyofasida davom etmoqda. Mustaqillik yillarida erishilgan natijalar Do‘stlik tumanining yangi taraqqiyot bosqichi uchun mustahkam zamin yaratmoqda.
Jamshid YORBEKOV (surat), O‘zA