Otaxon huquqiy hujjatga ega bo‘ldi
Adliya idoralarining tashabbusi bilan Namangan viloyatining To‘raqo‘rg‘on tumanida inson qadrini ulug‘lash va huquqlarini ta’minlashga qaratilgan yana bir muhim masala ijobiy hal etildi.
Ma’lum bo‘lishicha, 1937-yilda tug‘ilgan Alixon Zaripovning tug‘ilganlik dalolatnoma yozuvi mavjud emasligi sababli u uzoq yillar davomida tegishli hujjatsiz yashab kelgan. Ushbu holat keksa kishiga bir qator ijtimoiy va huquqiy xizmatlardan to‘laqonli foydalanishda qiyinchiliklarni yuzaga keltirgan.
Muammo tuman adliya bo‘limi tarafidan tegishli tartibda o‘rganilib, fuqarolik ishlari bo‘yicha Chust tumanlararo sudiga murojaat qilindi. Sud tomonidan ish atroflicha ko‘rib chiqilib, fuqaroning tug‘ilganlik holatini tasdiqlovchi dalillar asosida tug‘ilganlik qayta tiklash to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Mazkur qarorga asosan tuman FHDYO bo‘limi Alixon otaga tug‘ilganlik haqida guvohnomani rasmiylashtirib berdi. Bunday amaliy yordam natijasida nuroniyning huquqiy maqomi tiklanib, endilikda u davlat xizmatlaridan to‘laqonli foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.