Oltinsoyda sud binosi yangilandi
Surxondaryo viloyatida Jinoyat ishlari bo‘yicha Oltinsoy tuman sudining yangilangan binosi foydalanishga topshirildi.
Shu munosabat bilan bo‘lib o‘tgan tantanali marosimda huquq-tartibot idoralari, davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari, mehnat faxriylari ishtirok etdi.

Tadbirda tuman hokimi O. Mavlonov, viloyat sudi raisi T. Bayzakov va boshqalar mamlakatimiz odil sudlov sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar sud tizimini sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarib, xalqimizning qonuniy manfaatlari va qadr-qimmatini himoya qilishda yaxshi samaralar berayotganini takidladi. Bu jarayonda odil sudlov uchun barcha zamonaviy sharoit yaratilib, moddiy-texnik bazasi mustahkamlanayotgani qayd etildi.

Prezidentimizning 2026-yil 14-avgustdagi "Odil sudlov -2030”: Yangi O‘zbekistonda inson huquqlarini ishonchli himoya qiluvchi xalqchil va adolatli sud tizimini barpo etish strategiyasi to‘g‘risida"gi farmoni bu boradagi ishlar samaradorligini oshirishda muhim dasturilamal bo‘lmoqda. Sud binolari mamlakatning nufuzi va odil sudlovni amalga oshirish vazifalariga mos qulay, xavfsiz va zamon talablariga javob beradigan namuna asosida bunyod etilmoqda.

Jinoyat ishlari bo‘yicha tuman sudining yangilangan binosini ta’mirlash chog‘ida qo‘shimcha binolar barpo etilib, kompyuter, mebel va boshqa jihozlar bilan taminlandi. Uchta sud zali, maslahat xonasi, devonxona, arxiv, advokat xonasi,fuqarolarni qabul qilish zali va boshqa xonalarda barcha zamonaviy sharoit yaratildi.

–Biz xizmat qilgan davrlarda bunaqa sharoitlarni orzu qilardik,–deydi soha faxriysi Jo‘raqul Azimov. –Moslashtirilgan, haminqadar qulaylikka ega binolarda ishlaganmiz. Endilikda yaratilayotgan qulayliklarga havasimiz keladi. Bularning barchasi jamiyatda adolatni qaror toptirib, odil sudlovni amalga oshirish, xalqqa halol xizmat qilish yuzasidan ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rliklarning amaldagi ifodasidir.

Tantanali ochilish marosimi ishtirokchilari yangilangan sud binosida yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri