Bilim, tafakkur va hamjihatlik maydonida
“Zakovat” — nafaqat bilim sinovi, balki insonning tafakkuri, dunyoqarashi va jamoa bilan bir maqsad sari harakat qila olish qobiliyatini namoyon etadigan o‘ziga xos intellektual maydon. Buxoroda ana shunday bellashuv mustaqilligimizning 35 yilligi munosabati bilan tashkil etilib, ishtirokchilarga bilim va zukkolik bilan birga, hamjihatlikning qudratini ham his etish imkonini berdi.
Bugun mamlakatimizda inson qadrini yuksaltirish, aholiga sifatli va manzilli ijtimoiy xizmat ko‘rsatish, ayniqsa, ehtiyojmand insonlarni qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirishga ustuvor vazifa sifatida qaralmoqda. Bu borada Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ijtimoiy himoya tizimida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar inson manfaatlarini markazga qo‘yish, ijtimoiy xizmatlarni mahallaga yaqinlashtirish va aholi bilan ishlashning yangi, samarali mexanizmlarini joriy etishga qaratilgan. Zero, zamonaviy ijtimoiy himoya tizimi faqat xizmat ko‘rsatish bilan cheklanmaydi. Unda faol, bilimli, keng dunyoqarashli, vaziyatni to‘g‘ri baholay oladigan va har bir insonning dardini tushunishga qodir mutaxassislar mehnati hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Shu nuqtai nazardan qaraganda, Buxoroda Ijtimoiy himoya milliy agentligi viloyat boshqarmasi tomonidan mahallada kompleks ijtimoiy xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar o‘rtasida tashkil etilgan “Zakovat” intellektual o‘yini kasbiy muhitda sog‘lom raqobat, ma’naviy-ma’rifiy yuksalish va jamoaviy hamjihatlikni mustahkamlashga xizmat qilgan muhim bellashuv bo‘ldi. Undan ko‘zlangan asosiy maqsad ham ana shu ezgu vazifalar bilan uyg‘un edi. Xodimlar o‘rtasida jamoaviy hamjihatlikni mustahkamlash, tizimda ma’naviy-ma’rifiy ishlarni yanada samarali tashkil etish, xodimlarning o‘z ustida muntazam ishlashiga rag‘bat uyg‘otish, bilim va intellektual salohiyatini yuksaltirish tadbirning muhim yo‘nalishlarini tashkil etdi.


“Zakovat” maydonida esa har bir savol ishtirokchilardan nafaqat bilim, balki tezkor fikrlash, mantiqiy mushohada, jamoaviy qaror qabul qilish va vaziyatga ijodiy yondashishni talab qildi.
Bellashuv ikki turda o‘tkazilib, jamoalar jami 24 ta savol asosida o‘z bilim va mantiqiy fikrlash qobiliyatlarini sinovdan o‘tkazdilar. Savollar ustidan kechgan qizg‘in bahslarda ishtirokchilarning nafaqat eruditsiyasi, balki bir maqsad atrofida birlashib, jamoa manfaati uchun hamjihat harakat qila olishi ham yaqqol namoyon bo‘ldi.
Ayrim lahzalarda bir necha soniyalik o‘ylanish butun jamoaning taqdirini hal qilsa, boshqa bir savolda kutilmagan mantiqiy yechim ishtirokchilarda hayrat va quvonch uyg‘otdi. Zaldagi qizg‘in muhit esa bilimga bo‘lgan qiziqish va intellektual raqobatning naqadar jozibador ekanini ko‘rsatdi.
Bellashuv yakunida eng yuqori natijani namoyon etgan jamoalar aniqlandi. 1-o‘rin — Vobkent tumanining “Qalqon” jamoasiga, 2-o‘rin — Olot tumanining “Yangi O‘zbekiston” jamoasiga, 3-o‘rin esa — Qorako‘l tumanining “Poykent” jamoasiga berildi.
Bir qarashda oddiy intellektual bellashuvdek tuyulgan mazkur tadbir zamirida katta ma’no mujassam. Chunki jamiyatda inson qadrini ta’minlash, aholiga sifatli ijtimoiy xizmat ko‘rsatish kabi mas’uliyatli vazifalarni ado etayotgan xodimning bilimi, dunyoqarashi, muloqot madaniyati va jamoada ishlay olish qobiliyati uning kasbiy faoliyatiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi.


“Zakovat” esa ana shu fazilatlarni rivojlantirishning o‘ziga xos maktabi bo‘ldi. U xodimlarga bir-birini yaqinroq anglash, fikr almashish, raqobat muhitida o‘z salohiyatini namoyon etish va eng muhimi, “bir jamoa — bir maqsad” tamoyilini amalda his qilish imkonini berdi.
Tadbirning yana bir muhim jihati shundaki, yurtimiz taraqqiyotining yangi bosqichida bilimli, tashabbuskor, faol va keng dunyoqarashli kadrlarga ehtiyoj tobora ortib bormoqda. Davlat rahbari tashabbusi bilan inson kapitaliga, yoshlarning intellektual va ma’naviy salohiyatini yuksaltirishga qaratilayotgan e’tibor ham aynan shu maqsadga xizmat qilmoqda.
Zero, mustaqillikning eng katta boyligi — erkin fikrlaydigan, bilimga intiladigan, o‘z kelajagini o‘z qo‘li bilan bunyod etadigan insonlardir.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri