Sergelida renovatsiya: bir oila 4 ta yangi xonadonga ega bo‘ldi
Sergelidagi "Yangi O‘zbekiston" massivida renovatsiya dasturi doirasida ko‘chirilgan oilalarga yangi uylar topshirildi. Eski sharoitlardan yaxshiroq hayotga qadam qo‘ygan bu insonlar qalbida qanday hislar jo‘sh urdi? Ularning hikoyalari nimadan dalolat beradi?
Sergeli tumanidagi “Yangi O‘zbekiston” massivida renovatsiya dasturi doirasida ko‘chirilayotgan oilalar uchun qurilgan yangi xonadonlar kalitlari egalariga topshirildi. Yashnobod va Mirobod tumanlaridan ko‘chirilayotgan 20 ta xonadon vakillari yangi uylarni ko‘zdan kechirib, yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.
- Farzand katta bo‘lgani sayin ularga uy qilib berish tashvishi ortar ekan, - deydi yangi xonadon sohibi Zuhra Gavharova. – Ikki o‘g‘il va bir qizim bor. Renovatsiyaga tushgan uylarning birida yashar edim. Bir vaqtlari 25 ming dollarga olganman, uyimiz juda achinarli ahvolda edi. Renovatsiya sabab 4 ta alohida uyli bo‘ldik. Hamma sharoitlari bor. Faqat kirib yashaydigan xonadonlarning kalitlarini topshirishdi. Meni nogironligim bo‘lgani uchun birinchi qavatdan 3 xona berishdi. Qolgan farzandlarimga alohida yangi uylar kalitini olishdi. Mening ularga uy olishga imkonim yo‘q edi. O‘zimga ma’qul bo‘lgan Sergeli tumanidan tanladim. Farzandlarimga Mirobod tumanidagi uylar ma’qul keldi. Prezidentimga rahmat aytaman, ko‘p davlatlarda bo‘lganman va bunday imkoniyatlar hech bir davlatda yo‘q deb ishonch bilan ayta olaman.

Aholi uchun uylar atrofi obodonlashtirildi, muhandislik va ijtimoiy infratuzilma to‘liq yaratib berildi. Barcha sharoitlar yangi va foydalanishga tayyor.

- Oldin renovatsiya desa xalq qo‘rqardi, - deydi Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzakov. – Uysiz qolib ketaman, aldanib qolaman degan tushunchaga borardi. Hurmatli Prezidentimizning topshirig‘i bilan uy egalariga yangi sharoit va imkoniyatlar yaratib berilmoqda. Masalan 200 kv joy uy egasida bo‘lsa, 1.2 koeffitsiyent bilan, ya’ni unga yana qo‘shimcha 20 kv qo‘shib, 50 kv maydonli 4 yoki 40 kv maydonli 5 ta yangi qurilgan uylardan olishlari mumkin bo‘ladi. Renovatsiya – ular yashayotgan sharoitlaridan yaxshiroq sharoitga ko‘chishlariga ko‘maklashish va aholi roziligiga erishish bosh maqsad qilib olingan. Renovatsiya doimiy ravishda davom etadi va uning muddati yo‘q.

Renovatsiya jarayonida ko‘chirilayotgan aholining manfaatlarini ta’minlash, ularga munosib yashash sharoitlari va yangi manzilda kundalik hayot uchun zarur qulayliklarni yaratish ham bosh maqsad qilib olingan.
Sanjar Toshpo‘latov, O‘zA