Ochiq muloqot: Vazir va yoshlar uchrashuvi
Toshkent davlat transport universitetida “Yoshlar kuni” munosabati bilan oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov talaba-yoshlar hamda Mirobod tumanidan biriktirilgan yoshlar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi.
Uchrashuv davomida vazir davlatimiz rahbarining joriy yil 24-fevral kuni yoshlar bilan o‘tkazgan uchrashuvida belgilab berilgan ustuvor vazifalarga alohida to‘xtaldi. Ta’kidlanganidek, bugungi kunda yoshlarni xorijiy tillar va zamonaviy kasb-hunarlarga o‘qitish, ularning istiqbolli startap loyihalarini qo‘llab-quvvatlash hamda moliyalashtirish vazirlik faoliyatining muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.

Muloqotda o‘zbekistonlik yoshlarning xalqaro fan olimpiadalari, IT-texnologiyalar va sport sohalarida qo‘lga kiritayotgan yutuqlari e’tirof etildi. Shuningdek, 14 mingdan ortiq ishtirokchini birlashtirgan “Kelajak muhandislari” xalqaro festivali yoshlarni ilm-fan va yuqori texnologiyalar sohasiga jalb etishda muhim maydonga aylangani qayd etildi.
Suhbat jarayonida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollar, taklif va tashabbuslari bilan faol qatnashdi. Xususan, universitetda robototexnika laboratoriyasini tashkil etish, aviatsiya yo‘nalishi talabalari uchun dastlabki kurslardanoq maxsus simulyatorlardan foydalanish imkoniyatini yaratish hamda “Work and Travel” dasturi doirasida xorijda malaka oshirish tizimini kengaytirish bo‘yicha takliflar ilgari surildi.

Vazir har bir murojaatga ochiq va batafsil javob berib, bildirilgan tashabbuslarni amaliyotga tatbiq etish yuzasidan universitet rahbariyati va vazirlik mutasaddilariga aniq vazifalar belgilab berdi.
— Biz uchun eng muhim vazifa har bir yoshning o‘z iqtidorini namoyon etishi uchun munosib sharoit yaratish va ularning mehnat bozorida raqobatbardosh mutaxassis bo‘lib yetishishiga ko‘maklashishdir, – deydi Qo‘ng‘irotboy Sharipov. – Faqat har bir iqtidor egasi o‘zlariga taqdim etilgan imkoniyatlardan unumli foydalana olishi lozim.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA